O‘zbekiston | 11:00 / 27.12.2017
40302
2 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligida necha kishi ishdan bo‘shatilganiga aniqlik kiritildi

23 dekabr kuni O‘zbekiston Moliya vazirligida ommaviy ishdan bo‘shatishlar bo‘lib o‘tgani rasman tasdiqlandi. O‘zAda aniqlik kiritilishicha, Shavkat Mirziyoyevning 22 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida Moliya vazirligi tizimidagi jiddiy kamchiliklar tanqididan keyin o‘sha kuni vazirlik markaziy apparatidan 16 kishi ketgan. Jumladan, 2 nafar bosh boshqarma boshlig‘i, 2 nafar bosh boshqarma o‘rinbosari, 4 nafar boshqarma boshlig‘i, 1 nafar boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, 3 nafar bo‘lim boshlig‘i hamda 4 nafar xodim. Keyinroq yana 8 kishi ishdan olingan va ayni vaqtga kelib, ishdan bo‘shatilganlar soni 24 nafarni tashkil qilmoqda. Bu miqdor oshishi davom etishi mumkin.

Jumladan, g‘aznachilik boshlig‘i o‘rinbosari — amaliyot boshqarmasi boshlig‘i F. Nurmuhamedov, buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi boshlig‘i Sh. Haydarov, sanoatning bazaviy tarmoqlari va yoqilg‘i-energetika majmui moliyasi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi A. Abdullayev, davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari M. Agzamov, soliq va bojxona tarifi siyosati boshqarmasining boshlig‘i I. Golisheva, davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi tashkiliy-uslubiy ishlar bo‘limi boshlig‘i B.Jumayev egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan.

Bundan avvalroq Moliya vazirligida bir kunda 50 kishi ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid