Singapur — 40 yildan sal ziyod vaqt ichida korrupsiya ustidan to‘liq g‘alaba qozongan mamlakatdir. Boz ustiga, ular Xitoydagidek poraxo‘r amaldorlarni yoppasiga peshonasidan otib tashlab emas, hattoki qat'iy qatag‘onlarni qo‘llamasdan ham buni amalga oshira olishgan, deb yozadi Rossiyaning «Voyennoye obozreniye» portali.
O‘tgan asr 50-yillarining o‘rtalarida britaniyaliklar o‘z mustamlakasi bo‘lmish Singapurni tashlab chiqib ketishganida singapurliklarning ixtiyorida o‘ta ojiz qonunchilik bazasi, mutlaqo savodsiz aholi, past maoshlar, shaffof bo‘lmagan iqtisodiyot, har yerda hoziru nozir korrupsiya qolayotgan edi. Odamlarni juda g‘ira-shira istiqbol qarshi olayotgandi. Li Kuan Yu «Xalq harakati» partiyasi bilan birgalikda saylovlarda yutib chiqdi va bosh vazir etib saylandi. Aynan u korrupsiyaga qarshi kurashning ramziga aylandi va uning shiori: «Korrupsiyani yengaman desang, do‘stlaring va qarindoshlaringni panjara ortiga jo‘natishga tayyor bo‘l», edi.
Li Kuan Yuning jamoasi shug‘ullangan birinchi vazifalardan biri korrupsiyani yo‘q qilish va aholining davlatga bo‘lgan ishonchini oshirishdan iborat edi.
Korrupsiyaga qarshi kampaniya to‘rt unsurdan iborat bo‘lib, ulardan birinchisi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi kuchli va mustaqil xizmatni tashkil etishdan iborat edi. Britaniyaning istilochi hukumatidan Korrupsiyani tergov qilish byurosi — KTB qolgan edi, biroq uning vakolatlari juda chalkash, xodimlari esa juda mayda ishlar — politsiya quyi va o‘rta eshelonlari, rasta savdosini nazorat qilayotgan inspektorlar, yer tuzuvchi inspektorlar bilan bog‘liq korrupsiya ishlari bilangina shug‘ullanishardi. Li Kuan Yu KTBni juda kuchaytirib, uni Singapur bosh vaziriga bo‘ysundirdi va cheksiz chinakam vakolatlar bilan ta'minladi.
Amaldorlar daxlsizlikdan mosuvo etildi
Parallel ravishda barcha amaldorlar va ularning oila a'zolari daxlsizlikdan mosuvo etildi. KTB agentlari nafaqat amaldorlar, shuningdek ularning bolalari, xotinlari, qarindoshlari va hattoki do‘stlariga tegishli bank hisob raqamlari va mol-mulklarni tekshirish huquqiga ega bo‘lishdi! Agar amaldor va uning oilasi topadiganidan ko‘proq xarajat qilayotgani aniqlansa, byuro avtomatik ravishda tepadan buyruq kutmasdan tergovni boshlaydi. KTB surishtiruvlari hukumatning oliy eshelonidagi yirik poraxo‘rlarga qaratilgan edi. Kichik tovlamachi amaldorlar bilan esa qaror qabul qilish yo‘llarining soddalashtirilishi, jamoatchilik hayotining u qadar muhim bo‘lmagan sohalarida ruxsatnoma va litsenziyalashni bekor qilish bilan kurash olib borishdi. Sudlarga esa korrupsiya natijasida qo‘lga kiritilgan mol-mulkni musodara qilish huquqi taqdim etildi.

















