14:20 / 18.01.2018
13742

Qurilishdagi moliyaviy nayranglar

Bugungi kunda O‘zbekistonda keng qamrovli qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu o‘z navbatida, qurilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi.

Ana shu mas'uliyatni his etib ishlayotganlar O‘zbekiston obodligiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shish barobarida, xalqning minnatdorchiliklariga ham sababchi bo‘lishmoqda. Afsuski, bu sohada ham o‘z nafsini jilovlay olmaydiganlar uchrab turibdi.

Qurilishi biznesida “aylanadigan” katta miqdordagi pullar ayrim nopok kimsalarning paytavasiga qurt tushirishi ehtimoldan xoli emas. Ayniqsa, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan obektlar xususida gap ketganda...

“Huquq” gazetasining yozishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Piskent tumani sudida to‘rt nafar “ucharlar” – “Qishloq Qurilish Invest” MChJ injiring kompaniyasi Toshkent viloyat filiali Loyiha-qidiruv ishlari va qurilishni texnik nazorat qilish bo‘limi mutaxassislari Mansur Ramazonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) va Akbar Halimov, “Zamin Bo‘ka Fayz” MChJ rahbari Inom Mallayev hamda “Bo‘ka Qurilish Invest” MChJ rahbari Qosim Ibodovning jinoiy xatti-harakatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Bir guruhga birlashib olgan bu kimsalar fuqarolar uchun qurilayotgan namunali uylarning hujjatlariga soxta ma'lumotlar kiritib, katta-katta mablag‘larni o‘zlashtirib kelganliklari fosh etilgan. Xususan, jinoiy guruh a'zolari dastlab Piskent tumanida qurilgan 11 ta namunali loyihadagi uy-joy qurilishi bo‘yicha bajarilgan ishlar qiymati to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarga soxta yozuvlar kiritib, aslida bajarilmagan 60 mln 322 ming so‘mlik qurilish ishlarini qo‘shib yozib, “Qishloq Qurilish Invest” MChJ injiring kompaniyasi Toshkent viloyat filialiga taqdim etishadi va ushbu pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilishadi.

Ishlari silliqqina amalga oshgan ustomonlar mazkur tumanning boshqa hududida qurilgan yana 11 ta namunali uy-joy qurilishida ham avvalgidek, soxtakorlik qilishadi. Bu safar 69 mln 312 ming so‘m mablag‘ talon-toroj qilinadi.

To‘rtovlonning ishi yurishib, navbatdagi “ov” boshqa tumanda baroridan keladi. Ular Ohangaron tumanida qurilgan 5 ta namunaviy uylarni egalariga topshirishda ham shunday usulni qo‘llashadi. Natijada 38 mln 880 ming so‘m mablag‘ o‘zlashtiriladi.

Nafsi tobora hakalak otib borayotgan bu kimsalar yana 4 ta holatda shu yo‘l bilan soxtakorlik qilib, 366 mln 700 ming so‘mdan ortiq mablag‘larni talon-toroj qilib yuborishadi.

Maxsus tekshirishlar mobaynida uylarni qurish va ta'mirlash ishlari ko‘rsatilgan tartib asosida to‘la-to‘kis, mukammal, vijdonan bajarilmagani aniqlangan.

Gazetada yozilishicha, aybdorlar qilmishlariga yarasha jazo olishgan. 

Top