12:49 / 19.01.2018
8087

Toshkentda qancha bola bog‘chalarga qamrab olinmagani aytildi

Foto: Muqimjon Qodirov / O‘zA

Toshkent shahar hokimligida navbatdagi brifing tashkil qilindi. Tadbir Toshkent shahar hokimining 2018 yil 16 yanvardagi “Toshkent shahrida maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi 83-sonli qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida jami 632 ta maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning 447 tasi Toshkent shahar maktabgacha ta'lim bosh boshqarma tasarrufida, 185 tasi xususiy faoliyat yuritayotgan bolalar bog‘chalari hisoblanadi. Ularda jami 122980 nafar bola tarbiyalanmoqda. Shundan, bosh boshqarma tasarrufida bo‘lgan bolalar bog‘chalarida 114095 nafar, xususiy bolalar bog‘chalarida 8885 nafar bola qamrab olingan.

Hozirda poytaxtda 3 yoshdan 6 yoshgacha, ya'ni bog‘cha yoshidagi bolalar soni 190000 nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Ko‘rinib turibdiki, bugungi kunda 69000 nafarga yaqin bolalar maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olinmagan. Toshkent shahar hokimining qarorida aynan ushbu bolalarni bosqima-bosqich maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olish nuqtai nazaridan yondashilgan.

Top