Bugungi qahramonimiz Bahrom Rajabov bilan yangi 2018 yil - «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» haqida, shuningdek, islohotlar davrini boshdan kechirayotgan O‘zbekiston uchun innovatsion jarayonlarning ahamiyati haqida suhbat qurishga qaror qildik. Shuningdek, siz intervyu davomida xalqaro tadqiqotlar bo‘yicha mutaxassis, bo‘lajak fan doktorining ilg‘or g‘oyalari, mulohazalari bilan ham yaqinroq tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.

Tanishing: Bahrom Rajabov

Qaysi oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan:

Bakalavr bosqichi: Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti (2003 – 2009)

Magistratura: Germaniyaning Kassel universiteti, DAAD granti sohibi

Magistratura:  Yaponiyaning Tsukuba universiteti Xalqaro tadqiqotlar yo‘nalishi

Hozirda Yaponiya hukumati granti asosida Tsukuba universitetida doktorantura bosqichida tahsil olmoqda. Shuningdek, Bilig Brains analitik tarmoq eksperti (Qozog‘iston), RedPen elektron nashr kolumnisti (O‘zbekiston).

Asosiy faoliyati: Innovatsiyalar, xalqaro iqtisodiy rivojlanish, migratsiya va rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy va nazariy faoliyat.

— Siyosiy iqtisod nima? Bu qanday fan? Lo‘nda qilib tushuntirsangiz? Chunki ko‘p o‘quvchilarimizga bu tushuncha notanish.

Siyosiy iqtisod odatda interdistsiplinar, ya'ni ijtimoiy fanlarning bir nechta jabhalarini qamrab oladigan alohida yo‘nalishdir. Masalan, iqtisodiyot, siyosat, huquq, tarix, sotsiologiya va boshqa fanlarga asoslanib iqtisodiy yechimlarni belgilashda siyosiy omillarning muhim rolini o‘rganadi va tushuntiradi.

Men uchun, siyosiy iqtisod - bu iqtisodiyot va siyosat simbiozi. Amaliyotda iqtisod va siyosat ketma-ket emas, yonma-yon «yurishadi». Jamiyatda iqtisodiy qarorlar, nafaqat iqtisodiy zaruriyat va logika, balki, aslida siyosiy asoslarga ham ega bo‘ladi. Siyosiy iqtisod jamiyatda yuzaga keladigan siyosiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni kompleks ravishda o‘rganishga kerakli ilmiy instrumentlarni taqdim etadi.