07:42 / 21.06.2018
41616

IIVning ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Kasb-hunar ta'limi markazining:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Harbiylashtirilgan maxsus maktab-internat negizida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish;

ixtisoslashtirilgan maktab-internatni Toshkent shahar, Uchtepa tumani, M.Shayxzoda ko‘chasi, 64-uy manzilida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 1-sonli Toshkent akademik litseyi binosiga joylashtirish;

Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Gyote ko‘chasi, 54-uy manzilida joylashgan Mirzo Ulug‘bek tumani politexnika kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 1-sonli Toshkent akademik litseyiga operativ boshqaruv huquqi asosida, shuningdek, boshqa asosiy vositalarini bepul berish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Belgilanishicha, Mirzo Ulug‘bek tumani politexnika kasb-hunar kollejiga 2016-2017 o‘quv yilida o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar o‘qishlarini o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ushbu kasb-hunar kolleji binosida tamomlaydilar va ularga davlat namunasidagi diplomlar belgilangan tartibda beriladi.

Quyidagilar ixtisoslashtirilgan maktab-internatning asosiy vazifalari etib belgilandi:

ichki ishlar organlarining, birinchi navbatda xizmat majburiyatlarini bajarish chogida halok bo‘lgan, shuningdek, xizmatni o‘tash davomida olgan yaradorligi, kontuziyasi, kasalligi va jarohatlanganligi oqibatida nogironlikka uchragan yoki vafot etgan harbiy xizmatchi va xodimlarining farzandlariga ta'lim va tarbiya berish hamda ularning ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishini ta'minlash;

o‘quvchilarni umumiy o‘rta ta'limning davlat ta'lim standarti talablariga muvofiq sifatli o‘qitishni tashkil etish, ularning O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari va harbiy akademik litseylarda o‘qishni davom ettirishlari uchun zarur va yetarli bo‘lgan chuqurlashtirilgan nazariy va kasbiy tayyorgarligini ta'minlash;

ta'lim jarayoniga milliy, umuminsoniy va ma'naviy qadriyatlar, tarixda ajdodlarimiz ko‘rsatgan jasorat va bugungi kundagi O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining qahramonlik an'analari asosida o‘quvchilarni tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish.

Belgilanishicha:

ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash - O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

o‘quv-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishga metodik yordam ko‘rsatish, darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlar, multimedia ilovalari bilan ta'minlash, shuningdek, pedagog kadrlar malakasini oshirishni tashkil etish - O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

ixtisoslashtirilgan maktab-internat xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Xalq ta'limi vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi;

ixtisoslashtirilgan maktab-internatning shahodatlangan xodimlari qonun hujjatlarida ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a'zolari uchun belgilangan barcha turdagi huquq va imtiyozlardan foydalanadi;

ixtisoslashtirilgan maktab-internatni saqlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;

ixtisoslashtirilgan maktab-internatga o‘qishga har yilgi qabul kvotasi 50 nafar o‘quvchini tashkil etib, uning 80 foizi xodimlar va 20 foizi boshqa fuqarolar farzandlariga taqsimlanadi. Mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, qabul kvotasiga o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan kiritiladi;

ixtisoslashtirilgan maktab-internatda o‘qishga xodimlar va boshqa fuqarolarning umumta'lim muassasalarida 4-sinfni tamomlagan farzandlari (o‘g‘il bolalar) har yilgi qabul kvotalariga muvofiq tanlov asosida qabul qilinadi. Bunda, jamoat tartibini saqlashda, jangovar harakatlarda, terrorchilikka qarshi operatsiyalar o‘tkazishda, favqulodda holat tartibini huquqiy ta'minlash va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan vaqtda halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari o‘qishga tanlovsiz qabul qilinadi;

ixtisoslashtirilgan maktab-internatda o‘quvchilar 5-sinfdan 9-sinfgacha belgilangan umumta'lim dasturlari asosida, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq o‘qish va yashash uchun zarur shart-sharoitlar, tibbiy xizmat bilan bepul ta'minlangan holda doimiy yashab ta'lim oladilar;

ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 9-sinf bitiruvchilari qonun hujjatlarida belgilangan talab va imtiyozlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik litseylariga o‘qishga qabul qilinadi;

ixtisoslashtirilgan maktab-internatning O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o‘qishga kirish bo‘yicha belgilangan talablarga javob bermaydigan yoki ushbu akademik litseylarda o‘qishni davom ettirish istagini bildirmagan 9-sinf bitiruvchilari belgilangan tartibda o‘zlarining doimiy yashash manzilida joylashgan umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 10-sinflarida o‘qishni davom ettirishi yoki boshqa akademik litseylarga o‘qishga kirish uchun saralash imtihonlarida ishtirok etishlari mumkin.

Top