O‘zbekiston | 15:00 / 10.01.2020
20923
6 daqiqa o‘qiladi

Davlat o‘q-gilzotekasini yuritish tartibi ochiqlandi

Foto: Pixabay

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat o‘q-gilzotekasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Davlat o‘q-gilzotekasini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Davlat o‘q-gilzotekasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlar dasturi;

Davlat o‘k-gilzotekasini moddiy-texnik ta'minlash chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligining zarur jihozlar bilan ta'minlash bo‘yicha buyurtmanomasi olingan kundan e'tiboran olti oy muddatda Davlat o‘q-gilzotekasini moddiy-texnik ta'minlash dasturida nazarda tutilgan moddiy-texnika vositalari yetkazib berilishini ta'minlaydi.

Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda Davlat o‘q-gilzotekasi faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur xonalar ajratadi, ularni rekonstruksiya qilish, jihozlash va boshqa zarur shart-sharoitlar bilan ta'minlash choralarini ko‘radi.

Qarorning fuqaroviy va xizmat o‘qotar qurolini nazorat tartibida otish qismi 2020 yil 1 iyundan kuchga kiradi.

Davlat o‘q-gilzotekasnnn yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Davlat o‘q-gilzotekasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi.

Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi Davlat o‘q-gilzotekasini yuritishni amalga oshiradi.

Quyidagilar Davlat o‘q-gilzotekasini yuritishning maqsadi hisoblanadi:

o‘g‘irlangan soyli stvolli o‘qotar qurolni qidirish;

bir necha jinoyatlarni sodir etishda bitta yoki shu nusxadagi soyli stvolli o‘qotar qurol ishlatilganligi holatlarini aniqlash;

jinoyatni sodir etishda fuqaroviy va xizmat, aniqlangan, olingan yoki ixtiyoriy topshirilgan soyli stvolli o‘qotar quroldan foydalanilganligi holatini aniqlash.

Nizom qoidalari jangovar o‘qotar qurollarga nisbatan tatbiq qilinmaydi.

Davlat o‘q-gilzotekasi ma'lumotlar bazasi kalibri 11,56 mm.dan ortiq bo‘lmagan soyli stvolli o‘qotar qurolning izlari bo‘lgan o‘q, gilza va patronlardan shakllantiriladi.

Quyidagilar Davlat o‘q-gilzotekasida tekshirishdan o‘tkazilishi shart:

aniqlangan, olingan yoki ixtiyoriy topshirilgan soyli stvolli o‘qotar qurol;

soyli stvollari almashtiriladigan yoki joylashtiriladigan silliq stvolli ov quroli;

kombinatsiyalangan ov quroli;

hodisa joyini ko‘zdan kechirishda olingan, soyli stvolli o‘qotar qurol izlari bo‘lgan o‘q, gilza va patronlar;

fuqaroviy va xizmat, shuningdek, “Qurol to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasi yettinchi qismida nazarda tutilgan soyli stvolli jangovar o‘qotar qurolning alohida turlaridan nazorat tartibida otilgan o‘q va gilzalar.

Davlat o‘q-gilzotekasi bo‘yicha quyidagilarning tekshirilishi majburiy hisoblanmaydi:

otish uchun moslashtirilmagan barcha turdagi soyli stvolli o‘quv o‘qotar quroli;

qoniqarli sifatdagi eksperimental otilgan o‘q va gilzalarni olish uchun singan (buzilgan) detallarni almashtirishni yoki mavjud bo‘lmagan detallarni butlash imkoni bo‘lmagan, shuningdek, qurolning iz hosil qiluvchi qism va detallari to‘liq zanglagan nosoz soyli stvolli o‘qotar qurol.

Soyli stvolli o‘qotar qurolni Davlat o‘q-gilzotekasn bo‘yicha tekshirish uchun yaroqsizligi haqidagi xulosa Ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan beriladi.

Davlat o‘q-gilzotekasi hisobi xorijiy davlatlar o‘q-gilzotekasi bo‘yicha tekshirishlarni amalga oshirishni hisobga olgan holda umumdavlat darajasida yuritiladi.

Ekspert-kriminalistika bosh markazi xorijiy mamlakatlar vakolatli organlarining tegishli so‘rovlariga asosan O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq Davlat o‘q-gilzotekasi bo‘yicha tekshirishlarni o‘tkazishi mumkin.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlarning so‘rovi asosida Ekspert-kriminalistika bosh markazi o‘q va gilzalarni xorijiy mamlakatlar o‘q-gilzotekasi bo‘yicha tekshirishni tashkil etadi.

Davlat o‘q-gilzotekasi hisobini yuritish qo‘shimcha ravishda avtomatlashtirilgan ballistik identifikatsiya tizimi yordamida amalga oshiriladi. Avtomatlashtirilgan ballistik identifikatsiya tizimidan foydalanish Nizomda belgilangan tartibda va avtomatlashtirilgan ballistik identifikatsiya tizimining foydalanish hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Davlat o‘q-gilzotekasi ma'lumotlar bazasi kriminalistik va qaydlov o‘q-gilzotekasi shakllarida yuritiladi.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirishda olingan soyli stvolli o‘qotar qurol izlari tushgan o‘q, gilza va patronlar kriminalistik o‘q-gilzotekaga hisobga qo‘yish uchun yuborilishi shart.

Kriminalistik o‘q-gilzotekasiga hisobga qo‘yilganda va u bo‘yicha tekshirilganda yig‘im undirilmaydi.

Qaydlov o‘k-gilzotekasiga fuqaroviy va xizmat qurollari, soyli stvoli almashtiriladigan yoki joylashtiriladigan silliq stvolli ov quroli, kombinatsiyalangan ov quroli, shuningdek, “Qurol to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasi yettinchi qismida nazarda tutilgan kalibri 11,56 mm.dan ortiq bo‘lmagan soyli stvolli jangovar qurolning alohida turlari, nazorat tartibida otilgan o‘q va gilzalar hisobga qo‘yiladi.

Fuqaroviy va xizmat qurolining har biri nazorat tartibida otilganida bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im summasi Ekspert-kriminalistika bosh markazining hisob raqamiga o‘tkaziladi.

To‘plangan mablag‘ Ekspert-kriminalistika bosh markazi va uning bo‘linmalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga, shu jumladan, kriminalistik laboratoriyalarning sarflash materiallari, uskunalari, jihozlarini sotib olishga, shuningdek, ushbu laboratoriyalarga biriktirilgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish tadbirlariga sarflanadi.

Mavzuga oid