22:10 / 27.09.2022
37577

Andijon tumani hokimi qabul vaqtidagi harakati uchun ishdan ketdi

Abdujabbor Egamberdiyev qabuliga kelganlarga poygakdan joy berganidan keyin internetda mashhur bo‘lgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari uchun Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyev egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Avgust oyida internetda Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyevning qabullariga kelgan fuqarolar ayvonchada o‘tirgan hokimga ro‘para bo‘layotgani va ularga suhbat paytida ayvoncha ostonasidan joy berilayotgani aks etgan suratlar tarqalgandi.

Foto: Andijon tumani hokimligi matbuot xizmati
Foto: Andijon tumani hokimligi matbuot xizmati

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘lgan bu holat "O‘rta asr xonliklari davrini eslatayotgani", Egamberdiyev o‘zini hokim emas xondek tutayotgani tanqid qilingandi. 

Tuman hokimligi esa bu holatni «ijtimoiy masofa saqlash» zarurati bilan izohlashga harakat qilgandi.

Abdujabbor Egamberdiyev 2021 yil fevralida Andijon tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid
Top