O‘zbekiston | 23:46 / 30.12.2022
26577
7 daqiqa o‘qiladi

Yangi darsliklar, qisqaradigan fanlar va oyliklar. Prezident o‘qituvchilar bilan uchrashuvda nimalar haqida gapirdi?

Ustozlar bilan muloqotda Shavkat Mirziyoyev tuman, shahar va viloyat xalq ta’limi bo‘limlarini tanqid qildi, bu eski tizimdan voz kechish kerakligini aytdi. 11-sinflar 20-30 foizli oylik bilan ishlashi mumkinligini ta’kidladi, maktablarda fanlarni qisqartirishni taklif qildi.

29 dekabr kuni prezident Xalqaro kongress markaziga bordi. U yerda boshlang‘ich sinflar uchun ishlab chiqilgan yangi avlod darsliklari taqdimoti bilan tanishib, bir guruh pedagoglar bilan uchrashdi. Tadbir davomida davlat rahbari ta’lim sohasidagi muammolarni eslatib, bu borada 2023 yilda ko‘plab qaror, farmonlar chiqishini, qilinadigan ishlar ko‘pligini ma’lum qildi. Kun.uz uchrashuvda tilga olingan eng muhim yangiliklarni bir videoga jamladi.

Dastlab tadbirda so‘nggi 5 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida gapirildi, yangi darsliklar 1 yanvardan tajriba-sinov tarzida maktablarga joriy etilishi ma’lum qilindi.

“Agar so‘nggi 5 yilligimizni, birgalikda ishlaganimizni inobatga olsak, biz mingta maktab qurdik, bundan oldingi davrda buning 30 foizini ham qilmagan edik. Agar bitta raqamda aytsak, 2022 yilda mana shu masalalarga 14 trlnga yaqin pul berdik. Yaqin 5 yil ichida yana 1 mln 200 mingta o‘rin tashkil qilamiz. Bu ham o‘zidan o‘zi bo‘lmaydi. Maktablarni quraveramiz, lekin uning ichidagi muallimlarni ham tayyorlash kerak.

2023 yil 1 yanvardan boshlab respublikaning 14 ta hududidagi maktablarda yangi darsliklarni joriy etish bo‘yicha eksperiment boshlanyapti, 1 sentabrdan esa 10 mingtasida boshlanadi. Sizlarga bu narsalar ma’qul kelyapti, to‘g‘rimi? Albatta, bu – birinchi qadamlarimiz. Bularni borgan sari sizlar ham takomillashtirasizlar, bizning ham kengashlar o‘tirib, takomillashtiradi”, – dedi prezident.

Uning aytishicha, yaqinda 14 ta hududga tajriba tarzida joriy etilayotgan darsliklardan keyingi bosqichlarda 5–11 sinflar uchun ham ishlab chiqiladi. Shuningdek, prezident o‘qituvchilarning obro‘sini ko‘tarish kerakligi haqida ham gapirib o‘tdi.

“Hozir farzandlarimiz o‘zlari talab qilishyapti: “Bizga kechagi ta’lim emas, sifatli ta’lim kerak”, – deyapti. 590 ming nafar muallim va murabbiylarga murojaat qilmoqchiman, faqat sizlar… Eng qimmat va eng katta boyligimiz – farzandlarimizni ustozlarga topshiramiz. Agar har birimiz o‘zimiz, farzandlarimiz, nevaralarimizning ertangi kunini qoldiramiz desak, faqat va faqat muallimning obro‘sini ko‘tarishimiz, faqat va faqat ularning sharoitini yaratishimiz kerak. Ko‘p millatli O‘zbekistonning har bir farzandlarini mening farzandim, ertangi kunimning poydevori, zamini – deb tarbiya qilsak, albatta, biz natijaga erishamiz”, – dedi Mirziyoyev.

Davlat rahbari o‘qituvchining sharoiti yaxshi bo‘lsa, jamiyatning ham kayfiyati o‘zgarishini, bu bo‘yicha har qanday takliflarni o‘rganishga tayyorligini aytdi. So‘ng imkon tug‘ilsa, o‘qituvchilarning maoshi oshirilishi ma’lum qilindi. Qolaversa, o‘qituvchilar uchun ipoteka shartlari yengillashtirilishi mumkinligi qayd etildi.

Muloqotda alohida gapirilgan mavzulardan yana biri – maktablardagi ta’lim sifati va fanlar masalasi bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev repetitor bir yilda bolalarga til o‘rgata olishini, ammo maktablar 10 yilda ham bu ishni qila olmasligini tanqid qilib, fanlar sonini qisqartirish, uning o‘rniga zamonaviylarini joriy etishni taklif qildi.

“Maktablarda 22 ta yo‘nalish, fan bor. Mening nazarimda, hozirgi bolalarga kreativ yo‘nalishlar, bilim, informatsion texnologiyalar qiziq, qaysidir fanlarni qisqartirsak ham bo‘ladi. Endi biz qisqartirishga qo‘rqamiz, chunki komissiya, «royono», «gorono», «oblono» bor, vazirlik bor. Bu – eski tizim. Bu eski tizimni haqiqatan buzolmas ekanmiz, biz hozirgi zamonaviy kadrni tayyorlay olmaymiz. Shuning uchun, mening fikrim, 10 sinfni tugatganidan keyin maktab kollektivi xalqimiz, ota-onalarning oldida bir majburiyatni olsa, biz aytgan 2 ta tilga ham, bitta kasbga ham 10-sinfni tugatganidan keyin bersak, shundan so‘ng joylardagi rahbarlar, hokimlar 10-sinfdan 11-sinfga o‘tganidan keyin o‘zining kasbi bo‘yicha 30-50 foizli oylik berib, 2 soat – 2 soat ularni ishlatsa. Bilasizlarmi, bu bilan ular hayotga qanchalik tayyor bo‘ladi. Agar 10-sinfni tugatganlarga 30-50 foizli oylik berib ishlatsak, u yo oliygohga boradi, yo ish bilan bo‘lib adashmaydi, o‘zining yo‘lini topadi”, – deya ta’kidladi prezident.

Bundan tashqari, Mirziyoyev 10 mingdan ortiq maktabdan 842 tasining birorta bitiruvchisi oliy o‘quv yurtiga kirmaganini eslab, eski tizimdan voz kechishni, darsliklar o‘zgarayotgan ekan, o‘qituvchilar ham o‘zgarishi kerakligini: “O‘zgarmasangiz xayrlashamiz. Shuning uchun ham bugun sizlar bilan ko‘rishib, gaplashyapmiz”,– deya ta’kidladi.

“Qiz farzandni, onani o‘qitsak, jamiyatni o‘qitgan bo‘lamiz”, – deb Mirziyoyev nutqini davom ettirdi. Uning ta’kidlashicha, bolalarni ayollar tarbiyalaydi, shuning uchun qizlarni, onalarni o‘qitish har qachongidan ham muhim.

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari maktabda o‘tilgan fanlar bo‘yicha o‘tkazilishi bo‘yicha berilgan taklif ma’qullandi. Prezident bu nomutanosiblikka barham berilib, maktabda o‘tilmagan fanlar bo‘yicha savollar tuzilmasligini, bu bo‘yicha topshiriq berilganini aytdi.

Albatta, maktablarda fanlar soni qisqartirilishi, ta’lim sifati yaxshilanishi muhim, ammo maktab o‘quvchilari va majburiy mehnat masalasi ham ular ichida ahamiyatlidir. Shavkat Mirziyoyev maktab o‘quvchilarini majburiy mehnatga jalb qilishning asoratlari haqida ham gapirdi. Uning aytishicha, buni taqiqlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish oson bo‘lmagan.

“Bolalar paxtaga 7-sinfdan chiqardi. Tasavvur qiling, yosh-yosh qizlarimiz 20-25 kg yukni har kuni ko‘tarishga majbur edi. Shu tufayli qancha kasalliklar orttirib olinardi, ba’zi holatlarda uni davolashga ham imkoniyat bo‘lmasdi.

Vaholanki, ularning qanchadan qancha orzulari bor edi, ular farzand ko‘rishi kerak edi. Endi u kunlarga qaytmaymiz”, — dedi Mirziyoyev.

Uchrashuv davomida prezidentga murojaat qilgan o‘qituvchilardan biri xalqaro olimpiadalarga o‘quvchilarni tayyorlash uchun yetarlicha manba va mutaxassis yo‘qligi haqida gapirdi. Bu borada 1-2 oy davomida alohida o‘rganish qilinishi va manba, mutaxassislarni tayyorlash, ta’minlash borasida Xalq ta’limi vazirligiga topshiriq berildi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid