O‘zbekiston | 14:00 / 29.12.2022
14155
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!” mavzusidagi zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ta’lim sifatini oshirish, bolalarni o‘qishga qiziqtirishning muhim omili, birinchi navbatda, yaxshi darslik. Davlat rahbarining 2019 yil 29 apreldagi farmoni bilan tasdiqlangan Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida o‘qitish metodikasini takomillashtirish vazifalari belgilangan edi. Shunga muvofiq, o‘tgan uch yil davomida darsliklarni yangilash bo‘yicha ish olib borildi. Maxsus ishchi guruh tomonidan ilg‘or xorijiy metodika asosida 1-4-sinf kitoblari yangidan tayyorlandi.

Ko‘rgazmada davlatimiz rahbariga ushbu darsliklar mazmuni haqida ma’lumot berildi. Ular XXI asr kishisi uchun eng zarur bo‘lgan “4K” ko‘nikmasi bo‘yicha ishlab chiqilgan (kritik fikrlash, kreativlik, kollaboratsiya, kommunikatsiya). Ya’ni, bu o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Yangi darsliklarni tayyorlashda PISA, PIRLS, TIMSS, EGMA, EGRA kabi xalqaro dasturlardagi namunaviy vazifalar asos qilib olingan. Darslik bilan birga mashg‘ulot daftarlari, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar ham chop etilgan. Shuningdek, bu tizimga Estudy elektron ta’lim platformasi integratsiya qilingan. Undan dars paytida ham, bo‘sh vaqtda ham foydalanish mumkin.

Prezident yangi darsliklar bilan tanishib, ularning mazmuni yuzasidan tavsiyalar berdi.

- Dunyo pedagoglari tajribasidan foydalangan yaxshi. Shu bilan birga, darsliklarda milliy g‘oya, ajdodlarimiz merosi ham bo‘lishi kerak. Masalan, jadid bobolarimiz ta’lim bo‘yicha qancha ishlar qilgan. Yaqinda Elbekni o‘qidim. «Qiz bolani o‘qitgan davlat butun jamiyatni o‘qitgan bo‘ladi» deb yozgan ekan. Bizning darsliklarimizda bunday gaplar yo‘q-ku. Nima demoqchiman? Yangi darsliklarni shunday mukammal tayyorlash kerakki, keyinchalik bunga yana qaytmaylik. Bugungi ta’lim qirq yildan keyin biz haqimizda so‘zlaydi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Darsliklarni amalda tatbiq qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Mazkur yangi darsliklar xalqaro ekspertizadan o‘tkazilib, poytaxtdagi 134-maktabda sinab ko‘rildi. Birlamchi natijalarga ko‘ra, ular asosida o‘qitilgan o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi 88 foizni tashkil etdi. Amaldagi dastur bo‘yicha esa bu 67 foiz, xolos. Ko‘rgazmada mazkur darslik sinovdan o‘tkazilgan boshlang‘ich sinf darsi namoyish etildi. Bu maktabda inklyuziv ta’lim tizimi asosida alohida ehtiyoji bor o‘quvchilar ham barcha bolalar bilan birga saboq olmoqda.

Davlat rahbari o‘qituvchi va bolalar bilan suhbatlashdi.

Mavzuga oid