11:41 / 11.05.2023
19766

«Ozodlikdaman, o‘lib ketganim yo‘q» – Activist loyihasi muallifi 15 sutkaga qamalganidan so‘ng ilk marta ommaga ko‘rinish berdi

Instagram’dagi sahifasi orqali muxlislariga murojaat yo‘llagan bloger faoliyatini yakunlash niyatida emasligini ma’lum qilgan.

Yogurtlarda karmin moddasi borligi, shu bois ular harom ekani haqidagi videosi ortidan 8 aprel kuni sud tomonidan 15 sutkaga qamalgan Activist loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqanidan so‘ng ilk marta jamoatchilikka ko‘rinish berdi.

Bloger 23 aprelda ozodlikka chiqqan bo‘lsa-da, faoliyatini davom ettirmayotgan, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan jinoyat ishi ochilgani va u vafot etgani haqida turli mish-mishlar tarqalishiga sabab bo‘lgandi.

O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Kun.uz so‘roviga javoban ushbu mish-mishlar yolg‘on ekanini ma’lum qilgandi.

Hojiakbar Nosirov 11 may kuni Instagram’dagi sahifasiga joylagan videomurojaati orqali 15 sutkaga qamalganidan beri jamoatchilikka ilk marta ko‘rinish berdi. Videoda bloger o‘zini qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchiligini bildirgan.

“Menda hammasi yaxshi, ozodlikdaman. Ko‘p Telegram-kanallarda yozishayotganidek, o‘lib ketganim yo‘q yoki firibgarlik, tovlamachilik bilan ham ustimdan jinoiy ishlar ochilgani yo‘q.

Chiqqanim haqida gapirmay turganimning sababi bor, albatta, uzrli sabab. Shuning uchun to‘g‘ri tushunasizlar degan umiddaman.

Bo‘lgan voqea bo‘yicha fikr bildiradigan bo‘lsam, bilasizlar, men nima bo‘lsa ham yaxshilikka deyman. Bundayam bir hikmat bordir.

Meni qo‘llab-quvvatlab video olganlarni, izohlar yozganlarni, umuman, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga harakat qilganlarni ko‘rdim, hammaga rahmat. To‘g‘risi, judayam xursand bo‘ldim», — deydi bloger.

Videomurojjatida u kuzatuvchilari tomonidan eng ko‘p so‘ralayotgan savol – faoliyatini davom ettirishi yoki yakunlashi haqidagi masalaga ham to‘xtalgan.

“Yig‘ishtirib tashlash niyat yo‘q, [bu borada] xavotirga o‘rin yo‘q. Shunchaki, fikrlarimni tartibga solib olib, maqsadlarimni qayta ko‘rib chiqib, xudo xohlasa yanada kuchli bo‘lib qaytish uchun ozgina tanaffus qilmoqchiman. Albatta, tanaffus paytida yo‘q bo‘lib qolmayman: storis va postlarda sizlar bilan birga bo‘lib turaman va jarayonni o‘zlaringiz ko‘rasizlar», – deya ta’kidlagan Hojiaksar Nosirov.

Eslatib o‘tamiz, Hojiakbar Nosirov 15 sutkaga qamalishiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertlik xulosasi va boshqa dalillar asos bo‘lgani keltirilgan. Sud majlisida bloger va uning himoyachisi holat yuzasidan ko‘rsatma berishdan bosh tortgan. Hojiakbar Nosirovning advokati ishni apellyatsiya instansiyada ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qilganda esa bloger advokatning shikoyatini ko‘rmasdan qoldirishni so‘ragani sabab sifatida keltirib, ish ko‘rmasdan qoldirilgan.

Activist loyihasi muallifining ozodlikka chiqqani haqida na Toshkent shahar sudlari, na poytaxt IIBB va prokuraturasi xabar berdi. Bu holat faollar va blogerlarning e’tiborini tortgandi.

Activist’ning YouTube’dagi kanalida 9 apreldan, Telegramʼdagi kanalida esa 12 apreldan buyon hech narsa e’lon qilinmagan. Hojiakbar Nosirov sud tomonidan javobgarlikka tortilganidan so‘ng Activist Telegram-kanalidagi ko‘plab postlar g‘oyib bo‘lgan.

Hojiakbar Nosirovning advokati 14 aprel kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga shikoyat ariza bilan murojaat qilgan. Biroq sud bloger o‘z advokatining shikoyatini ko‘rmasdan qoldirishni so‘ragani uchun apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida qaror chiqargandi.

Faollar sud qarori adolatsiz bo‘lgani, blogerni 15 sutkaga qamash uchun unga navbatchi moddalar tirkalgani, sud vaziyatni to‘g‘ri malakalay olmagani haqida yozishgan.

 

Mavzuga oid
Top