Ijtimoiy tarmoqlarda Activist loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu xabarlar yolg‘on.

Bundan tashqari, u Hojiakbar Nosirovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ham rad etdi.

“Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalarda e’lon qilingan Hojiakbar Nosirovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, u Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bilan ayblanayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deydi Bosh prokuratura mulozimi.

8 aprel kuni 15 sutkaga qamalgan Hojiakbar Nosirovning ozodlikka chiqqan-chiqmagani haqida xabar bo‘lmayotgani faollar va blogerlarning e’tiborini tortgandi.

Hayot Shamsuddinovning aytishicha, u sud tomonidan belgilangan ma’muriy qamoq jazosini o‘tab, joriy yilning 23 aprel kuni soat 16:00 da ozodlikka chiqqan.

Biroq Activist loyihasining YouTube'dagi kanalida 9 apreldan, Telegram'dagi kanalida esa 12 apreldan buyon post joylanmayapti; Telegram-kanaldagi ko‘plab postlar g‘oyib bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, bloger bir nechta korxonaga tegishli yogurtlarda karmin moddasi borligi, shu bois ular harom ekanini da’vo qilib video tarqatishi ortidan 15 sutkaga ma’muriy qamalgandi. Ayblovga Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertlik xulosasi va boshqa dalillar asos bo‘lgani keltirilgan