08:31 / 04.08.2023
11548

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Kobulda «Tolibon» yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazishi kutilyapti

Afg‘onistonning markaziy «Televizione milli-ye Afg‘oniston» teleradiokanalida O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi elchisi Yodgor Shodmonov bilan intervyu namoyish etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Intervyu Afg‘oniston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan o‘zbek, dari va pushtu tillarida efirga uzatildi. Suhbat O‘zbekiston – Afg‘oniston o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlarining holati va istiqbollari hamda mintaqada tinchlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi.

Unda elchi O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi mavjud salohiyat, savdo-iqtisodiy, madaniy-humanitar, tibbiyot va boshqa sohalarda hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, davlatimiz rahbari tomonidan Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va ushbu mamlakatni xalqaro iqtisodiy jarayonlarga jalb etish bo‘yicha tashabbuslari haqida so‘zlab berdi.

Yodgor Shodmonov intervyu davomida Afg‘onistonda tinchlikning mustahkamlanishi o‘zaro hamkorlik ishlarining yanada kengayishiga xizmat qilishini ta’kidladi. O‘zbekiston elchisi, shuningdek, Afg‘onistonda iqtisodiy inqirozdan chiqish va giyohvand moddalarga qarshi kurashda ijobiy natijalarni e’tirof etdi va bu borada tegishli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.

«O‘zbekiston Afg‘oniston bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga intilmoqda. Xususan, savdo-iqtisodiy, transport, energetika sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilyapti. Ushbu loyihalarning hayotga tatbiq etilishi Afg‘oniston, shuning mintaqa davlatlari va ularning aholisi farovonligi uchun xizmat qiladi. Yaqin kunlarda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya Kobulga keladi va «Tolibon» yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkaziladi. Biznes-forum tashkil etish rejalashtirilgan», - dedi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbari.

Suhbat davomida afg‘on tadbirkorlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyalari va ularga yaratib berilayotgan sharoitlar haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan.

«Bugungi kunda O‘zbekistonda xorijiy investorlarga juda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgan. O‘z navbatida, ushbu imkoniyatlardan afg‘on tadbirkorlari ham samarali foydalanib kelmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda mingdan ortiq afg‘onistonlik tadbirkorlar faoliyat olib boryapti. Xususan, 31 ta yirik afg‘on kompaniyalari mamlakatimizga 118 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoya kiritgan», deya qayd etadi missiyasi rahbari.

Top