Jahon | 15:10 / 07.09.2023
11749
2 daqiqa o‘qiladi

G20 sammiti oldidan Hindistonda tozalash: maymunlar Nyu-Dehli markazidan quvilmoqda

Hindiston hukumati Nyu-Dehlida o‘tadigan G20 sammitiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shaharda xavfsizlik qoidalari kuchaytirilgan.

Yo‘l bo‘yidagi maymunlarni qo‘rqitish uchun panjaraga bog‘lab qo‘yilgan langur figurasi.
Foto: Anushree Fadnavis / Reuters

9–10 sentabr kunlari Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida G20 («Katta yigirmatalik») sammitiga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda, deb yozmoqda Bloomberg.

Dunyoning yetakchi davlatlari rahbarlarining uchrashuvi uchun Nyu-Dehlida qator cheklovlar joriy etilmoqda. Sammit vaqtida poytaxt deyarli izolyatsiyaga olinadi, deb yozadi agentlik. Xususan, maktablar, banklar, xususiy korxonalar, shuningdek, barcha davlat idoralari yopiladi. Hukumat binolari hududida transport harakati ham cheklanadi.

Nyu-Dehlining qo‘shni shtatlar bilan chegarasi ham yopiladi. Patrullar faoliyati kuchaytirilgan rejimda olib boriladi.

Bundan tashqari, shahar markazida sammit o‘tadigan hududga o‘tib ketmasligi uchun maymunlarni haydash choralari ham ko‘rilmoqda. 

Davlat idoralariga yaqin hududlarda yashab, ko‘cha-ko‘yda paydo bo‘ladigan, yo‘lovchilardan oziq-ovqat o‘g‘irlaydigan minglab maymunlarni qo‘rqitib, uzoqroqqa haydash choralari ishlab chiqilgan. Buning uchun maymunning boshqa bir turi — qora yuzli langurlarning haqiqiyga o‘xshash figuralardan foydalaniladi. 

Shuningdek, sammit vaqtida havo sharlari va paraplanlar uchirilishiga ham taqiq joriy etilgan.

Qayd etilishicha, dunyo yetakchilari xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘chalarda 100 mingdan ortiq politsiya xodimlari va boshqa xavfsizlik idoralari ishchilari xizmat faoliyatini olib boradi. 

Mavzuga oid