14:22 / 11.09.2023
24019

Toshkentdagi yana bir avtosalon fuqarolarni chuv tushirdi 

Avtosalon xodimlari foizlarsiz, bo‘lib to‘lash sharti bilan 36 oy ichida mashina olib berishni va’da qilgan holda 34 nafar fuqaroning 3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ini olgan. Oldinroq poytaxtdagi ikkita avtosalon 248 nafar fuqaroni mashina olib berish bilan aldab, 12 mlrd so‘mga tushirgandi.   

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahridagi “MY-CARS” avtosalonidan mashina olmoqchi bo‘lgan bir guruh fuqarolar aldanib qolishdi. MY5 telekanali Markaziy studiya ko‘rsatuvi tayyorlagan lavhadan ma’lum bo‘lishicha, avtosalon o‘z reklamalarida hech qanday foizlarsiz, bo‘lib to‘lash sharti bilan mashina olib berishni va’da qilgan. 

Ular juda ustakorlik bilan bizni rom qilib qo‘ydi. Mashinalarni ko‘rgandan so‘ng cho‘ntagimizdagi pulimizni qanday berganimizni o‘zimiz ham bilmay qoldik”, deya ta’kidlagan jabrlanuvchilardan biri.

Avtosalon xodimlari respublikaning turli hududlarida yashovchi 34 nafar mijoz bilan shartnoma tuzgan hamda 1 yil ichida 3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘plagan. To‘lovlar uchun kvitansiyalar ham taqdim etishgan.

Hozirgi kunda avtosalon mashinalardan bo‘shab qolgan. Jabrlanuvchilarga ko‘ra, 10 kundan beri uning eshiklari yopiq, xodimlar qo‘ng‘iroqlarga javob qaytarmayapti ekan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda gumonlanuvchi shaxs ushlangan va tergov-surishtiruv harakatlari boshlangan.

Oldinroq Toshkentda 248 nafar fuqaroga avtomashina olib berishni va’da qilib, 12 mlrd so‘m olgan UzAvto Premium va Avto A’lo Group MT kompaniyalari rahbarlariga nisbatan sud hukmi o‘qilgandi.  

Mavzuga oid
Top