16:29 / 28.09.2023
6020

Aydar – Arnasoy ko‘llar tizimida suv hajmi 36 km kubgacha kamaygan

Iqlim o‘zgarishi va tashqi manbalardan tashlanayotgan suv miqdorining qisqarishi sababli Aydar - Arnasoy ko‘llar tizimida suv hajmi 49,2 km kubdan 36 km kubgacha kamaygan.

Foto: Uzbekistan.travel

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Bosh prokuratura Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining ekologik holatini o‘rgandi.

Qayd etilishicha, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga quyiladigan suv hajmi yildan yilga kamayib, suv zaxirasi 49,2 km kubdan 36 km kubga pasaygan, suvning sho‘rlanish darajasi 10-11 foizga oshgani natijasida tabiiy bug‘lanish va cho‘llashish keskin oshgan.

Shuningdek, 63,3 ming gektar maydondagi «Arnasoy» ornitologik qo‘riqxonasining flora va faunasiga salbiy ziyon yetkazilgani aniqlangan.

O‘rganishlar natijasi bo‘yicha 27ta noqonuniy qurilmalarni buzish bo‘yicha sud qarorlarining ijrosi ta’minlanib, ekologiya boshqarmasining 114,5 mln so‘mlik debitor qarzdorligi undirilgan.

So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi va tashqi suv manbalaridan tashlanayotgan chuchuk suv miqdori ayrim yillarda kamayishi va boshqa qator omillar sabab, ko‘llar tizimidagi suvning sathi pasayib bormoqda. Suvning minerallashuv darajasi ham oshgan. 

Bu O‘zbekistonda suv bilan bog‘liq yagona muammo emas: toliblar tomonidan Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali ham suv taqchilligi, qurg‘oqchilik va cho‘llanish kabi muammolar bilan kurashayotgan O‘zbekiston oldida yana bir jiddiy muammo paydo qilmoqda. Mazkur kanal qurib bitkazilsa, Amudaryoning deyarli 10 kub kilometri, ya’ni uchdan bir qismi Afg‘onistonning ichkari hududlariga oqib ketadi

Top