O‘zbekiston | 17:38 / 31.10.2023
33067
3 daqiqa o‘qiladi

«Falastin xalqi bilan birdammiz» - Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirdi

G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun BMT Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Kun tartibiga o‘tishdan oldin davlatimiz rahbari hozirgi kunda butun dunyoda katta tashvish va xavotir uyg‘otayotgan masalaga to‘xtalib o‘tdi.

«Ma’lumki, Isroil armiyasi va HAMAS harakati o‘rtasida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar gumanitar inqirozni chuqurlashtirmoqda, tinch, begunoh aholi orasida ko‘p sonli qurbonlarga olib kelmoqda. 

Bolalar va ayollar halok bo‘lmoqda, odamlar boshpanasidan ayrilmoqda, o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda.

Biz Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo‘lgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan ta’ziya va hamdardlik izhor etamiz.

Men G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qildim.
   
Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat’iy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz», - dedi prezident.

Zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga olib kelishi ta’kidlandi.

«Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin.

Aynan shuning uchun ham biz har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinchlik yo‘li bilan hal etishga chaqiramiz.

Ma’lumki, biz yashayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi turli millat va konfessiyalar vakillarining o‘zaro tinch-totuv hayot kechirishi bo‘yicha noyob tajribaga ega. 

Bu zaminda asrlar davomida musulmon, xristian va yahudiylar do‘stlik va hamjihatlikda yonma-yon yashab kelyaptilar.

Men bugungi fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga, avvalo, yoshlarimizga murojaat qilib, ularni turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqiraman.

Bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinch va osoyishta hayotimizni, o‘zaro birlik va hamjihatligimizni barchamiz birgalikda asrashimiz zarur», - dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid