Vaziyatni majburiy mehnat deb talqin qilish o‘rinsiz – Toshkent viloyat hokimligi viloyat SSB boshlig‘i bilan bog‘liq holatga izoh berdi
Hokimlikka ko‘ra, viloyat SSB boshlig‘i Ulug‘bek Abdug‘aniyevning tibbiyot xodimlariga barglar va “musor”larni tozalash haqidagi topshirig‘i Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning viloyatda umumxalq hashari o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori ortidan berilgan.
Telegramʼda Toshkent viloyati SSB boshlig‘i Ulug‘bek Abdug‘aniyev ekanligi aytilgan audio tarqaldi. Unda viloyatda ikki kunlik hashar e’lon qilingani, shu munosabat bilan hasharda barcha tibbiyot xodimlari qatnashishi shartligi aytiladi. SSB boshlig‘i har bir tibbiyot muassasasi hududida xodimlar bilan hashar tashkil qilib, barglar va “musor”larni tozalash bo‘yicha topshiriq bergan.
Ulug‘bek Abdug‘aniyev Kun.uz bilan suhbatda audio haqiqiyligini tasdiqladi.
Toshkent viloyati hokimligi holatga izoh berdi. Hokimlik rasmiy munosabatida hasharga jalb qilish majburiy mehnat emasligi ta’kidlanadi.
“Materialda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining boshlig‘i Ulug‘bek Abdug‘aniyev xodimlarni hasharga jalb etish orqali majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygani aytiladi.
Ta’kidlaymizki, boshqarma boshlig‘i bu o‘rinda tizim ishchi-xodimlarini o‘zlari mehnat qilayotgan muassasa obodonchiligi yo‘lida hasharga chiqishga da’vat qilgan. Bu – majburiy mehnat emas. Ulug‘bek Abdug‘aniyev o‘zi izoh berganidek, xodimlar ichki jamoaviy ishlarda qatnashishi haqidagi me’yor jamoa shartnomasida ko‘rsatilgan.
Masalaning tarixi quyidagicha: joriy yil 18-oktyabr kuni Toshkent viloyati mahalla faollari, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining viloyat ahliga murojaati e’lon qilindi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev shu asosda viloyatda umumxalq hashari o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi va aholiga videomurojaat yo‘lladi. Zoyir Mirzayev umumxalq hasharini o‘tkazishga oid video chiqishida ijtimoiy soha tashkilotlarining ishchi-xodimlari o‘zi mehnat qilayotgan bino yon-atroflarini obodonlashtirish, ko‘chat ekish ishlarida faol qatnashishi lozimligini ta’kidlagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bu holatda Toshkent viloyati SSB boshlig‘i Ulug‘bek Abdug‘aniyev o‘zbekona qadriyatlarga hurmat, ona tabiatga e’tibor nuqtai nazaridan xodimlarni hasharda faol qatnashishga chaqirgan. Bu vaziyatni majburiy mehnat deb talqin qilish o‘rinsiz, deb hisoblaymiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Mavzuga oid
23:07 / 21.12.2024
Toshkent viloyatida chiqindi poligonlari xizmat narxi oshiriladi
16:16 / 17.12.2024
Toshkent viloyatida 8,7 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan sex fosh etildi
20:14 / 16.12.2024
Toshkent viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
21:41 / 14.12.2024