12:09 / 28.11.2023
11644

«Uni tok urmagan» – MMTB Toshkentda maktab o‘quvchisining tok urib vafot etgani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi

Boshqarmaga ko‘ra, 99-maktabning 8-sinf o‘quvchisi maktab hovlisidagi sport maydonidan chiqib ketayotganida ahvoli yomonlashib, hushidan ketgan. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markaziga olib ketilgan bola o‘ziga kelmagan va vafot etgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 99-maktabning yuqori sinf o‘quvchisi ochiq elektr toki simiga tegib ketgani va tok urishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgani haqidagi xabarlar yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. 

Unga ko‘ra, 27 noyabr kuni taxminan soat 18:15 da maktabning 8-«I» sinf o‘quvchisi A.A. muassasa hovlisidagi sport maydonidan chiqib ketayotganida ahvoli yomonlashib, hushidan ketgan.  

«Shu vaqtning o‘zida maktab qorovuli tomonidan tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilingan. Tez yordam mashinasida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markaziga olib ketilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi shifokorlari tomonidan yordam ko‘rsatilganiga qaramay A.A. o‘ziga kelmagan va vafot etgan», – deyiladi boshqarma izohida. 

MMTB rasmiy munosabatida o‘quvchini tok urmagani va mazkur hududda hech qanday elektr toki kabeli uzilgan holat kuzatilmagani hamda maktab stadioni va uning atrofida elektr energiya uzatkichlari borligi aniqlanmaganini yozib o‘tgan. Biroq hozirda xabardan mazkur jumlalar olib tashlab, tahrirlab qo‘yilgan.

Boshqarma hozirda holat bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini bildirgan.

 

Top