15:56 / 17.01.2024
13232

Toshkentda g‘ildirakli tramvaylar paydo bo‘lishi mumkin

Xitoy kompaniyasi Toshkent transport tizimiga g‘ildirakli tramvaylar integratsiyalashuvini taklif qilmoqda. Uning realizatsiyasi “yashil transport koridori” loyihasi doirasida poytaxtning Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilishi mumkin.

Foto: AP

Toshkent shahar hokimligida yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan uchrashuvda “yashil transport koridori” loyihasi muhokama qilindi. Unda poytaxt hokimligi, “Toshkent Invest” AJ, Global ekologik fond (GEF), Xitoyning “CRRC Group” kompaniyasi, BMT TD va Transport vazirligi vakillari ishtirok etdi. Bu haqda shahar hokimiyati matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda jamoat transportini takomillashtirish, yashil yoqilg‘ida harakatlanadigan transport vositalari ulushini oshirish, mikromobillikni kengaytirish, yo‘lovchilar va haydovchilar uchun qulaylik yaratish masalalari muhokama qilingan.

Tadbirda “Toshkent shahrida kam uglerodli transportga investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish” loyihasi taqdim etilgan. Loyiha GEF va BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida ishlab chiqilgani, poytaxtning eng gavjum ko‘chalaridan biri Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab yashil transport yo‘lagini yaratish sinov tariqasida taklif etilgani ma’lum qilindi.

Qolaversa, Xitoyning “CRRC Group” kompaniyasi vakillari ishlab chiqarilayotgan transport vositalari, xususan, g‘ildirakli tramvaylarning afzalliklari, qulayligi, samaradorligi va sig‘imi haqida gapirib, ularning poytaxt transport tizimiga integratsiyalashuvini taklif etgan.

Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidovning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, g‘ildirakli tramvaylar harakati dastlab Shota Rustaveli ko‘chasiga qo‘yilishi mumkin.

Mutaxassislar bilan shu koridordan qo‘yish masalasini muhokama kildik, lekin ancha detallar bo‘yicha ko‘shimcha ishlar amalga oshirilishi zarar ekan. Shunga [loyihani] qayta ishlashda davom etamiz”, – dedi u.

Obidovga ko‘ra, transport yuklamasi yuqori koridorlar uchun 35 metrli avtobuslar ham yaxshi yechimlardan biri bo‘lib turibdi. Metro o‘tmagan koridorlarga asosan o‘ta katta sig‘imli transport kerakligi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Transport vazirligi vakili “Lolazor”podkastida ham 32-35 metrli avtobuslar keltirilishini, undan avval yil yakunigacha 200 ta elektrobus, 2030 yilgacha mingta avtobus keltirilishini ma’lum qilgandi. Ammo infratuzilma masalasi hal etilmasa, jamoat transporti bilan bog‘liq qo‘shimcha muammolar yuzaga kelishi ham eslatilgandi.

Top