10:11 / 13.05.2024
2874

Isroil: Rafahdagi operatsiya cheklangan xarakterga ega

Isroilliklar aniq harakat qilyapti va aholi zich joylashgan hududlarda operatsiya o‘tkazmayapti, deya ishontirdi armiya vakili Hagariy. Bosh shtab boshlig‘i Ha-Levi G‘azo sektorini urushdan keyingi rivojlanish strategiyasi yo‘qligidan xavotirda.

Foto: Abed Rahim Khatib/dpa/picture alliance

Isroil armiyasi 11 may kuni kechki payt Falastinning G‘azo sektoridagi Rafah shahrida aholi zich joylashgan joylardan qochib, maqsadli harakat qilmoqda, dedi. «Rafahda HAMASga qarshi amaliyotlarimiz cheklangan va taktik xarakterga ega bo‘lib, aholi zich joylashgan hududlarda o‘tkazilmaydi», dedi u va Rafaxga bostirib kirishdan oldin ham armiya bu shahar aholisini vaqtincha «ko‘chishga» chaqirganini eslatib o‘tdi. 

Hagariyning ta’kidlashicha, Isroil G‘azo sektori aholisiga emas, HAMAS harakati bilan kurashmoqda. Isroil harbiylari, deydi u, tinch aholiga insonparvarlik yordami yetkazish ustida ishlamoqda. Avvalroq The Washington Post nashri Qo‘shma Shtatlar Rafahdagi keng ko‘lamli harbiy amaliyotdan voz kechishi evaziga Isroilga HAMAS jangchilari joylashgan joy haqidagi Amerika razvedkasi ma’lumotini taqdim etishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi.

Germaniya kansleri Olaf Shols 11 may kuni Isroilni Rafahdagi amaliyotini kengaytirmaslik to‘g‘risida ogohlantirdi. «Biz Rafahdagi hujumni mas’uliyatsizlik deb hisoblaymiz», dedi u. Kechqurun Isroilda bosh vazir Binyamin Netanyahu hukumatiga qarshi shiddatli namoyishlar bo‘lib o‘tdi. «Netanyahu hokimiyatda ekan, bizning garovga olinganlar qaytmaydi. Netanyahu Isroilni butunlay qulashiga olib keladi», dedi namoyishchilar. 

G‘azo sektori uchun urushdan keyingi strategiyaning yo‘qligi

Ayni paytda, Isroil armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Hersi Ha-Levi Isroilning harbiy amaliyotlar yakunlanganidan so‘ng G‘azo sektorida yangi fuqarolik boshqaruvini yaratish bo‘yicha siyosiy strategiyasi yo‘qligini tanqid qildi. Bu Isroil askarlari, masalan, Jyebaliya shahrida bo‘lgani kabi, u yerda ham HAMAS bilan yana jang qilish uchun G‘azo sektoridagi qo‘lga olingan va tashlab qo‘yilgan aholi punktlariga doimiy ravishda qaytishlari kerakligiga olib keladi. 

«G‘azo sektorida HAMAS tomonidan nazorat qilinmagan ma’muriyat yaratish bo‘yicha diplomatik jarayon bo‘lmasa, biz HAMAS infratuzilmasini yo‘q qilish uchun boshqa aholi punktlarida doimiy ravishda yangi operatsiyalarni boshlashimiz kerak», - dedi Ha-Levi. 

G‘azo sektorida yangi ma’muriyatni yaratish

Isroil bosh vaziri Netanyahu yaqinda Amerika televideniyesida G‘azo sektorining kelajagi haqida gapirdi va agar HAMAS mag‘lub bo‘lsa, bu mintaqada «qandaydir fuqarolik boshqaruvi» paydo bo‘lishi hamda bunga BAA, Saudiya Arabistoni va boshqalar yordam berishi mumkinligini aytdi. 

Shu bilan birga, BAA tashqi ishlar vaziri Abdulla bin Said 11 may kuni uning mamlakati mintaqada Isroilning mavjudligini «yashirish» maqsadida G‘azo sektorida ma’muriyat yaratishda ishtirok etmasligini aytdi. «Netanyahuning bunday jarayonni boshlashga haqqi yo‘q», deb ta’kidladi arab vaziri. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri qariyb 35 ming falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Top