18:07 / 20.06.2024
7418

Bodrumga borish uchun 7 sabab

Turkiyaning Bodrum kurortlari yozda maroqli hordiq chiqarish uchun ajoyib maskan. Hozir Bodrumga «Uzbekistan Airways» bilan Toshkentdan to‘g‘ridan to‘g‘ri parvoz qilish imkoniyati bor. Asialuxe Travel esa sizga eng mos turpaketlarni tayyorlab bera oladi.

Garchi O‘zbekiston joylashgan kengliklardan biroz janubroqda joylashgan bo‘lsa ham Bodrum Turkiyaning O‘rta yer dengizi bo‘yidagi kurort shaharlariga hamda O‘zbekistonga nisbatan biroz salqinroq.

Bodrum kurortlari ayniqsa yevropaliklar orasida juda mashhur. Bodrum/Milas aeroportiga qo‘nayotgan samolyotlarning 80 foizi Yevropa davlatlaridan ekanining o‘zi bundan dalolat beradi. Shuningdek, turklarning o‘zi ham Bodrumda dam olishni sevadi.

So‘nggi paytlarda Bodrum MDH va Markaziy Osiyo, xususan o‘zbekistonliklar orasida ham mashhur bo‘lib bormoqda. O‘zbekistondan har shanba Bodrumga charter reysi qo‘yilgan.

Chunki Bodrumda maroqli hordiq chiqarish uchun barcha sharoitlar muhayyo: oq qumli shaffof dengiz, shirindan shakar taomlar, qiziqarli tungi hordiq va madaniy osori-atiqalar. Uning eng asosiy ustunligi — tiniq va toza suvni bildiruvchi Moviy bayroqqa ega 70 ga yaqin plyajlaridir.

Ha, Turkiya o‘zining ajoyib kurortlari va sohillari bilan mashhur. Biz esa ushbu maqolada nega aynan Bodrumda dam olish kerakligi xususida yettita sababni sanab o‘tamiz. 

1. Toza havo va tabiat.

Egey va O‘rta yer dengizlari birlashadigan ko‘rfaz ichiga kirib borgan Bodrum yarimoroli o‘zining maftunkor tabiati, toza havosi bilan sizga, albatta, yoqadi.

Bodrumda odamni holsizlantiradigan jazirama issiq va namlik yo‘q, tunlar ham u qadar salqin bo‘lib ketmaydi. Yoz oylarida kunduzlari havo 28-32 daraja, tunlari 24-28 daraja atrofida saqlanadi. Bemalol sayr qilish mumkin.

Orasta va gullarga burkangan ko‘chalar esa ko‘zlaringizni quvontiradi.

2. Moviy plyajlar va buxtalar

Bodrum o‘zining tiniq va moviy dengizlari, oq qumli plyajlari bilan mashhur. Turkiya tozaligi uchun taqdim etiladigan Moviy bayroqqa ega plyajlari bilan jahonda uchinchi o‘rinni egallaydi. Bodrumdagi plyajlarning barchasi Moviy bayroqqa ega.

Iyun oyidan boshlab dengiz suvining harorati tanga eng yoqadigan daraja — 23-25 gradusgacha ko‘tariladi va avgust oyining oxirlarigacha saqlanib turadi.

Bodrumning lojuvard plyajlari ko‘proq toshli, biroq qumli plyajni istaydiganlar bunaqasini ham topib, bemalol quyoshda toblanishi mumkin. Eng yaxshi qumli plyajlar, Bitez, Gumbat, O‘rtakent, Oqyorlar va Turg‘utraisda joylashgan — tanlayverasiz.

Bodrumda kema sayri, dengizda cho‘milish sizga takrorlanmas taassurotlar taqdim etadi. Qoraada va Bodrum yarimorolining lojuvard qo‘ltiqlari bo‘ylab kemada sayr qilishingiz va tiniq dengiz suvlarida cho‘milishingiz mumkin.

3. Ajoyib va hashamatli hotellar.

Bodrumning hotellari mehmonlarga yuqori komfort darajasini taqdim etadi. To‘g‘ri, narxlari Antalya va Marmarisdagidan biroz yuqoriroq. Lekin unutmang, Bodrum elitali va hashamatli kurort hisoblanadi. Shu sabab bu yerdagi barcha narsa shu darajaga mos.

Mehmonxonalarda all inclusive va ultra all inclusive darajasida xizmat ko‘rsatiladi.

Bodrum oilaviy dam olish uchun emas, degan noto‘g‘ri qarash bor. Aslida oilaviy dam olish uchun barcha infratuzilmaga ega ajoyib mehmonxonalar ko‘p. Mehmonxonalarda bolalar cho‘miladigan hovuzlar, attraksionlar, o‘yin maydonlari qilingan. 

4. Takrorlanmas arxitektura

Bodrumning takrorlanmas arxitekturasi, gullarga burkangan ko‘chalari sizda bir umrlik taassurot qoldirishi tabiiy.

Turkiyaning boshqa kurort shaharlaridan farqli o‘laroq, Bodrumda uylar ma’lum bir qoidalar asosida, oq rangli qilib quriladi. Bu yerda boshqa shaharlarga xos ko‘p qavatli uylar yo‘q. Hashamatli va katta mehmonxonalarni hisobga olmasangiz, uylar ko‘pi bilan 2-3 qavatli, kottej tipida qurilgan.

Turklarning ko‘pchiligi va hattoki xorijliklar ham Bodrumda yozgi uylariga ega. Istanbulliklar yozda Bodrumga ko‘chib kelishadi, shu sababli bu yerni «Kichik Istanbul» deb ham atashadi. 

5. Osori-atiqalar

Bodrum o‘zining ko‘hna tarixi bilan ham mehmonlar e’tiborini tortadi.

Aleksandr Makedonskiy hozirgi Bodrum hududini Porsiya yurishi davrida egallab, bu yerda qo‘nalg‘a tashkil etgan va uni Halikarnas deb atagan. Bu shahar uzoq asrlar mobaynida muhim savdo markazi bo‘lib xizmat qilgan.

Bu shaharda Herodot tug‘ilgan. Bu yerda jahonning antik yetti mo‘jizasidan biri Halikarnas mavzoleyi qoldiqlari saqlanmoqda. Qadimda yunonlar ushbu shaharda qal’asi devorlari, saroylar, teatrlar, ibodatxonalar va amfiteatrlar qurilgan. 

Bodrumda bugun tarixiy osori-atiqalarning ko‘pchiligi saqlanib qolgan. Ularni, albatta, tomosha qilish kerak. Masalan, avliyo Pyotr qasri, Halikarnas mavzoleyi qoldiqlari, Bodrum amfiteatri shular jumlasidan. Shuningdek, jahondagi eng yiriklaridan bii hisoblanuvchi suvosti arxeologiyasi muzeyida cho‘kib ketgan kemalar, haykallar va boshqa qadimiy osori-atiqalarni tomosha qilish mumkin. 

6. Gumushluk va Yaliqavaq

1980-yillarda bu yerlarda baliqchilar qishlog‘idan bo‘lak hech narsa bo‘lmagan. O‘sha harorat va manzara Gumushlukda saqlanib qolgan. Biroq go‘shaning go‘zalligi haqidagi gap-so‘zlari elita orasida tezda tarqaladi va Bodrumda zodagonlar hamda intellektuallar hordiq chiqara boshlaydi.

Taniqlilar va millionerlar paparatssilarning sevimli mavzusi bo‘lgani sababli, shahar tez orada tanilib, shuhrat qozona boshlaydi va hashamatning sinonimiga aylanadi.

Bugungi Yaliqavaq qimmatbaho yaxtalar to‘planadigan ajoyib maskandir. Jahonga mashhur brendlarni Yaliqavaqda ko‘rish mumkin. Turk kinosi va estradasi yulduzlari ham to‘planib turishadi.

Gumushlukdagi quyon oroli

Gumushluk esa manzarali dam olish maskaniga aylangan. U sohil bo‘ylab piyoda sayr qilish uchun juda xos joy. Masalan, qadimda qurilib, bugungi kunda suvga g‘arq bo‘lgan Quyon oroliga piyoda o‘tkazuvchi to‘g‘on qoldiqlari turistlarning sevimli joyi. Aynan shu yerda Halikarnas qiroli va qirolichasi quyonlarni ovqatlantirish va quyosh botishini tomosha qilishni yaxshi ko‘rgan, deyiladi.

7. Yemaklar va shoping

Garchi Bodrum mehmonxonalarida «barchasi qo‘shilgan» tizimi bo‘yicha ishlasa ham, shaharga chiqib mahalliy taomlardan tatib ko‘rish imkoniyati doimo sizda bor. Restoran va barlarning ko‘pchiligi shundoqqina sohil bo‘yida joylashgan. Mazali taomlar, kokteyllar va qahva menyusi taqdim etiladi.

Lo‘nda qilib aytganda, bir oylik maosh sarflanadigan restoranlarni ham, arzon hordiqni taklif etuvchi, barchasi qo‘shilgan mehmonxona taomlarini ham tanlash imkoniyati bor.

Turkiyadan esdalik bo‘lib qolishi uchun biror esdalik xarid qilmoqchi bo‘lsangiz har qadamda sizni suvenirlar do‘koni qarshi oladi. Shuningdek, jahon brendlari hamda mashhur turk dizaynerlaridan qimmatbaho kiyimlar ham xarid qilish mumkin.

Bodrumning eng katta savdo markazlari «Oasis» va «Emelse» hisoblanadi.

Yaqinlaringizga, albatta, turk shirinliklarini olib kelishni yoddan chiqarmang. Ularni markaziy bozordan xarid qilganingiz ma’qul.

Mumkular va Cho‘qmaqdag‘ qishloqlarida esa uy uchun bezaklar, xususan, ajoyib gilamlar qo‘l mehnati bilan tayyorlanadi.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Top