Maktabni o‘qituvchilarga ta’mirlatgan direktor ishdan haydaldi: ta’mir uchun bir tiyin ajratmagan hokim-chi, uni so‘raydigan yo‘qmi? Gaz uchun subsidiyalar budjetni o‘piryapti: trillionlar qayerga ketayotgani nega ochiqlanmaydi? Chorvoqda kurort-shahar qurilishi tasdiqlandi: va’da qilingan jamoatchilik muhokamasi ham, ekologik ekspertiza ham bo‘lgani yo‘q. Ortda qolgan hafta mavzulari – Kun.uz dayjestida.

O‘qituvchini ta’mirchi ustaga aylantirayotgan kim?

Har avgustda shu bo‘lar takror: O‘zbekiston bo‘ylab maktablarni ta’mirlash yana o‘qituvchilar gardaniga tushyapti. Andijon va Samarqand viloyatlarida ko‘zga tashlanib qolgan holatlar yana o‘sha eski muammo – hokimlarning maktablar ta’miriga pul ajratmasligi masalasini jamoatchilik e’tiboriga olib chiqdi.

Marhamat tumanidagi 42-maktabdan tarqalgan videoda yigirmadan ortiq o‘qituvchi tozalash-ta’mirlash ishlari bilan bandligini ko‘rish mumkin. Ularning ayrimlari mehnat ta’tilidan chaqirib olingan. Mehnat inspeksiyasining aniqlashicha, maktab direktori o‘qituvchilarni majburan chaqirgan, kelmaganlarga dars soatlari kam berilishini aytgan. Buning uchun direktor ishdan bo‘shatilib, 41 mln so‘m jarimaga tortildi.

Samarqand shahridagi 24-maktabda esa, pedagoglar hayot uchun xavfli balandlikda ta’mirlash ishlarini bajarishga majbur bo‘ldi. “Holat o‘rganilyapti” degan mazmundagi bayonotdan keyin 3 kun o‘tib ham, o‘rganish natijalari ochiqlangani yo‘q.

Tarmoqlarda juda ko‘p tanqidlarga sabab bo‘lgan bu holatlar – o‘tgan hafta tayinlangan yangi vazir E’zozxon Karimova uchun bu lavozimdagi ilk rezonansli vaziyatlar edi. U fursatdan foydalanib barcha hokimlarga ochiq murojaat yo‘llashi, ularni maktablar ta’miri bo‘yicha zimmasidagi majburiyatlarni bajarishga chaqirishi, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqida shaxsan bayonot bilan chiqishi mumkin edi. Lekin yangi vazir ko‘rinish bergani yo‘q, faqatgina uning matbuot xizmatidan rasmiy munosabatlar