Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarib yuborgan sudyalar ishdan olindi
Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Abidov va Muhtarama Turg‘unova, shuningdek, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Murodjon Mirzajonov odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun lavozimidan ozod qilindi. Ularning sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.
Fotokollaj: Kun.uz
Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha 3 nafar sudyasi va Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati Kun.uz’ga tasdiqlashicha, bu iste’folar Akmal Shukurov ishi bilan bog‘liq.
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kengash qarori bilan yozma arizasiga binoan hamda odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 79-moddasi 1-qismi 2,10-bandlariga asosan Muhtarama Mahamadaliyevna Turg‘unova, Odilbek Ilhomjon o‘g‘li Ilhomjonov hamda Mirziyod Mirdjololitdinovich Abidovning sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, prezidentning 2025 yil 25 dekabrdagi farmoyishiga muvofiq, Murodjon Qodirovich Mirzajonov ham yozma arizasiga binoan hamda odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 79-moddasi 1-qismi 2,10-bandlariga asosan sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod qilingan.
O‘z navbatida, Farhodjon Boqijonovich G‘aniyev Murodjon Mirzajonov o‘rniga Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlangan. U shu vaqtgacha Andijon viloyat sudi raisi lavozimida ishlayotgandi.
Murodjon Abduqohorovich Ababakirov esa Andijon viloyat sudi raisi o‘rinbosari ‒ jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlangan.
Akmal Shukurov ishi
Shukurovning jinoiy ishi beshta epizodni o‘z ichiga oladi, eng shov-shuvlisi – shu yilning sentabr oyida Yakkasaroy tumanidagi The Tower mehmonxonasi oldida bir necha kishi kaltaklanishi bilan bog‘liq.
O‘shanda u tungi klub oldida tanishini himoya qilishga uringan Boris Avakyanga kuchli zarba berib, komaga tushirib qo‘ygan, so‘ngra voqea joyidan qochib ketib, ko‘p o‘tmay Qozog‘istonda qo‘lga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingandi.
Jabrlanuvchi jiddiy, hayot uchun xavfli jarohatlar olgan va bosh miya jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan. Oilasining xabar berishicha, u shoshilinch kraniotomiya qilingan, shundan so‘ng u sun’iy komaga yotqizilgan.
Akmal Shukurovga JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktyabrdagi hukmi bilan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, firibgarlik va bezorilikda aybdor deb topilib, 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudi 9 dekabrdagi ajrimi bilan 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirib, Akmal Shukurovni darhol sud zalidan qamoqdan ozod qilib yubordi.
Bu holat OAVda shov-shuvda olib chiqilgach, 18 dekabr kuni jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan kiritilgan protest asosida taftish instansiyasida qayta ko‘rib chiqildi va Akmal Shukurovga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, u qamoqqa qaytarildi. Shundan so‘ng jinoyat ishini apellyatsiyada ko‘rgan sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangandi.