Jamiyat | 12:21
2242
5 daqiqa o‘qiladi

Ochlikda kurashib, mashhurlikda mag‘lub bo‘lgan inson qissasi

Hech o‘zingizni butunlay yangidan tarbiyalashga, kuchliroq odamga aylanishga harakat qilganmisiz? Istasa, inson o‘zini o‘zgartira oladi. O‘sha o‘sish sizga keng tafakkur bilan birga, qalb xotirjamligini ham bersa, odamlar sizni samimiy qabul qila olsa, hammasi joyida. Bugun biz “5 daqiqa”da Jyek Londonning “Martin Iden” romani haqida gaplashamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Martin Iden - dengizchi. U qashshoq jamiyatda voyaga yetgan, ohorli olam haqida tasavvurga ega emas edi. Baxtli, balki baxtsiz tasodif bilan u Ruf Morz ismli go‘zal qiz bilan tanishadi. Qiz yashaydigan uyga kirib borganida, yigit ilk bor o‘zining ijtimoiy darajasini anglaydi. Bu uyda hamma madaniyatli, fikrlashi, kiyinishi butunlay o‘zgacha. Martin o‘sha paytda o‘zidan uyaladi. Shu his uni o‘zgarishga majbur qiladi. Qarshisidagi hurliqo yashaydigan jamiyatga munosib bo‘lish, u bilan tengma-teng firklashish maqsadida yo‘lga chiqadi. Qanaqa yo‘l deysizmi, ilm yo‘li, o‘zni topish yo‘li!

U kitob o‘qiy boshlaydi. Avvaliga ko‘plab so‘zlarni tushunmaydi, fikrlar murakkab, ammo u to‘xtamaydi. Yigit kunduzi og‘ir mehnat qiladi, kechasi o‘qiydi, yozadi. Asta-sekin yozuvchilik uning yagona maqsadiga aylanadi.

Martin deyarli doim pulsiz edi. Xaroba uylarda yashardi. U ba’zan kunlab ovqat yemasdi. Yozish uchun qog‘oz yo‘q, qalam yo‘q, xat jo‘natish uchun marka ham yo‘q. U kiyimini garovga qo‘yadi, so‘ng uni qaytarib olish uchun yana mehnat qiladi. Shu holatda ham u yozishdan to‘xtamaydi.

Kurashdan to‘xtamang, oz qoldi...

U o‘z asarlarini tahririyatlarga yuboradi va haftalab, oylab javob kutadi. Nihoyat, konvert qaytib keladi - rad javobi bilan. Keyin yana biri, yana biri. Bu rad javoblar odatda insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yemirib yuboradi. Ammo Martin taslim bo‘lmaydi.

Ruf xonim bilan munosabatlar ham shu paytda sinovdan o‘tadi. Ruf Martinni qo‘llab-quvvatlayotgandek tuyuladi. Ammo ich-ichidan qashshoqligiga toqat qilolmaydi. Qiz uchun muhabbat biroz moddiyroq, shu sababli xayoliy narsalarga toqat qilmaydi. Shu yerda ularning yo‘llari ma’naviy jihatdan ajrala boshlaydi.

Nihoyat, taqdir keskin buriladi. Ilgari rad etilgan asarlar ketma-ket qabul qilinadi. Nashriyotlar uni o‘zlari izlab keladi. Pul keladi, nom keladi, e’tibor keladi. Och qolgan kunlar ortda qoladi. Lekin shu paytda Martin bir haqiqatni anglaydi: uning asarlari o‘zgarmagan, faqat maqomi o‘zgargan. Ya’ni tilga tushgan, ommalashgan, jamiyatning yoqimtoyiga aylangandi.

Jamiyat qashshoqlarni ayamaydi

Alamlisi shundaki, jamiyat uni och qolganida ko‘rmadi. U kurashganida yonida bo‘lmadi. Endi esa natijani baham ko‘rmoqchi. Bu e’tirof Martin uchun g‘alaba emas, xiyonatga o‘xshab tuyuladi. U inson sifatida emas, brend sifatida qabul qilinganini anglaydi.

Asar shu nuqtada yanada jiddiylashadi. Martin mag‘lub emas, kuchli inson edi. Uni uyining to‘rida ko‘rishni istayotgan jamiyatning xunuk qiyofasi ustidan goh kular, goh achinardi. U bu paytga kelib hamma narsani - muhabbatni, ishonchni, insonlarga bo‘lgan umidni yo‘qotgandi. Ochlik paytida uni tirik tutib turgan orzular o‘lgandi.

Martin Iden o‘zi yashayotgan jamiyatda eng aqlli odam edi, biroq manfaatlar ustiga qurilgan dunyoda qo‘g‘irchoq bo‘lishni istamadi.

Xulosa

“Martin Iden” bugun ham o‘qilishi kerak bo‘lgan asar. Bugun ham insonlarni kechagi og‘ir kuni, mehnati bilan emas, natijasi bilan baholaymiz. Bugun ham och qolib harakat qilganlar ko‘rinmaydi, faqat muvaffaqiyatga yetib kelganlargina olqishlanadi.

Bu kitobni albatta o‘qing. Matros do‘stimizning fojiasi balki sizni biroz ranjitar, biroq ko‘plab yaxshi narsalarni o‘zingizga olasiz. Bugungidan kuchliroq, balki yaxshiroq ham bo‘lasiz.

Isomiddin Po‘latov

Mavzuga oid