Jamiyat | 19:50 / 24.01.2026
3937
5 daqiqa o‘qiladi

Hukmdorlarni ortidan ergashtirgan inson qissasi

“Balki bu kitobni o‘qishdan voz kechayotgandirsan, eng kamida ichingda shunday o‘ylaysan. Bilginki, seni bundan voz kechtirgan ham, ichingdagi vasvasa va g‘ulg‘ula ham menman. Axir aytdim-ku, Men - senman...”. Ushbu iqtibos turk adibi Fotih Dumanning “Men” kitobidan olindi. Bugun “5 daqiqa”da ichimizdagi eng katta dushman haqida gaplashamiz. 

Ushbu asarni go‘yoki bizga zamonaviy Istanbulda yashovchi yigit o‘qib beradi. Uning qo‘liga XVII asrdagi mashhur olim va qozi Aziz Mahmud Xudoyi hayoti haqidagi kitob tushib qoladi. Yigit mutolaa jarayonida o‘zi uchun noma’lum bo‘lgan dunyo eshiklarini ochib kiradi. 

Asar qahramoni qozi Mahmud Afandi Usmoniylar imperiyasining hukmronligi davrida yashaydi. U yillar davomida mashaqqat bilan ilm oladi va o‘sha davrning eng yuksak martabalaridan biri - qozilik maqomiga erishadi. Bursa shahriga qozi bo‘ladi.

Qozi Mahmud Afandini bir holat larzaga soladi. Shaharda Bakr Afandi ismli faqir kishi yashardi, u har yili hajga borishni orzu qilardi. Agar shu yil ham hajga borolmasam, xotinimning javobini berdim, deydi. Buni qarangki, bir begunoh ayol zulmdan qutulib qoladi. Bakr Afandi Uftoda hazratlarining duosi bilan Haj amalini bir kechada bajaradi. Bu voqea qozi janoblarining aqliga sig‘maydi. Qanday qilib bir kechada shuncha masofani bosib o‘tish mumkin, deb e’tiroz qiladi. Javob esa juda og‘ir bo‘ladi: “Yaratganning dushmani bo‘lmish shaytonga berilgan imkoniyat Uning do‘stlariga berilmasinmi?”

Shu javob qozi janoblarining butun dunyoqarashini parchalab yubordi. Bursa qozisi o‘z rutbasini yechadi. Shayx Uftoda hazratlariga shogird tushadi. Shu yerdan asarning eng og‘ir, eng ta’sirli qismi boshlanadi.

Qozi janoblarini telbaga chiqarishadi

Asarda nafsning yetti darajasi - nafsi ammoradan komil nafsgacha bo‘lgan yo‘l insonning ichki imtihonlari sifatida tasvirlanadi.

Qozi Mahmud Xudoiy shayx Uftoda rahnamoligida nafsni yengish yo‘liga tushadi. U nafsning barcha bosqichlaridan o‘tib, ilm, taqvo va ma’naviy barqarorlikka erishadi. Bu jarayonda har bir daraja inson uchun imtihon va mashaqqat sifatida ko‘rsatiladi.

Nafsning ammora bosqichida kibr, shahvat, hasad va gunohlar insonni hamisha sinovdan o‘tkazadi. Keyingi olti bosqich yanada murakkablashib boraveradi.

Kechagina shahar qozisi bo‘lgan Mahmud Afandi bozorda jigar sotadi. Xalq uni telbaga chiqaradi, ustidan shafqatsizlarcha kuladi. U talabalarga xizmat qiladi, biz bilgan dunyoning eng past, og‘ir ishlarini qilish orqali ichidagi kuchga qarshi kurash yo‘liga kiradi.

U sultonlarga maslahat beradi...

Kun keladiki, bir vaqtlar qozilikdan ketgan insonni butun xalq tan oladi. Minglab insonlarga rahnamo bo‘ladi, jamiyatga faqat yaxshilik tarqatadi.

Mahmud Xudoiy nafsning barcha bosqichlaridan o‘tgandan so‘ng, ustozining duosi amalga oshadi. U turk hukmdorlari orasida maslahatchiga aylanadi, mamlakatni boshqarishda yordam beradi, sultonlar uning ortidan ergashib yuradi.

Mahmud Xudoiy hayoti misolida insonning haqiqiy g‘alabasi ichidagi menni yengishda, haqiqat yo‘lida harakat qilishda va ma’naviy rivojlanishda ekanini isbotlaydi.

Bu voqealarni bizga o‘qib berayotgan zamonaviy dunyodagi yigit ham ma’nan o‘zgaradi, uning dunyoqarashi kengayib, hayotga nega kelganining mohiyatini anglab yetadi. Ichidagi haqiqiy dushmanni tanib oladi.

Xulosa

Asar so‘ngida “Men” tilga kiradi. O‘zingcha meni tanib oldim, deb o‘ylayapsanmi? Shu holing bilan meni yengmoqchimisan, deb o‘quvchining ustidan kuladi. Menga qarshi kurashishni istash boshqa, kurashish boshqa. Hozir o‘qib tugatganlaringni, bilganlaringni unuttiraman. Men albatta g‘olib bo‘laman, deydi.

Afsuski, Shayx Mahmud Xudoiy ham o‘limi oldidan nafsning eng oxirgi hiylalaridan ogohlantiradi. U hiyla qachon paydo bo‘lishi, qaysi vaqtda qarshingizdan chiqishini ushbu kitobni to‘liq o‘qib chiqqaningizdan so‘ng bilib olasiz. Bu asar mutolaasini ertaga qoldirmang, bugun olib o‘qing.

Mavzuga oid