Jahon | 13:11
2973
2 daqiqa o‘qiladi

Aushvitsda omon qolgan mahbus: jamiyatda nafrat yana kuchaymoqda

Polshadagi Aushvits–Birkenau memorial majmuasi hududida natsistlar konslageri mahbuslari ozod etilganining 81 yilligi munosabati bilan tadbirlar o‘tkazildi. U yerda 1 milliondan ortiq inson halok bo‘lgan. Muzeyga Polsha prezidenti Karol Navrotskiy tashrif buyurdi.

Foto: Aureliusz M. Pędziwol/DW

Aushvits–Birkenau (Osvensim) konslageridan tirik chiqqan mahbus Bernard Offen zamonaviy jamiyatda nafrat qayta jonlanayotganini aytadi. U bu haqda seshanba, 27 yanvar kuni lager sovet qo‘shinlari tomonidan ozod etilganining 81 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xotira marosimida bildirdi.

“Men qayta jonlanayotgan nafratni ko‘ryapman. Men yana oqlanadigan zo‘ravonlikni ko‘ryapman. Va men o‘z g‘azabi boshqa inson hayotidan muhimroq, deb hisoblaydigan odamlarni ko‘ryapman”, — deya 96 yoshli Offenning so‘zlarini dpa agentligi keltiradi.

Bu yil Polshadagi memorial majmua xalqaro Xolokost qurbonlarini xotirlash kunida siyosatchilar va diplomatlar chiqishlaridan ataylab voz kechdi — barcha e’tibor sobiq mahbuslar fikrlariga qaratildi, dedi Aushvits–Birkenau muzeyi direktori Pyotr Tsivinskiy. Uning ta’kidlashicha, omon qolganlarning ishtiroki ayniqsa muhim, chunki ularning ko‘pchiligi juda keksayib qolgan.

Xotira tadbirlarida Polsha prezidenti Karol Navrotskiy ham ishtirok etdi. U bundan avval lagerga ilk bor polyak mahbuslari olib kelinganiga bag‘ishlangan xotira lavhasi oldiga gulchambar qo‘ydi. An’anaga ko‘ra, 11-blok yonidagi “O‘lim devori” oldida ham shamlar yoqildi.

Aushvits I, Aushvits II (Birkenau) va Aushvits III konslagerlar majmuasi 1940 yil may oyida natsistlar Germaniyasi Polshaga hujum qilgan davrda tashkil etilgan. “O‘lim lageri”da 1 milliondan ortiq inson, asosan yahudiylar, halok bo‘lgan. Lager 1945 yil 27 yanvar kuni 1-Ukraina fronti qismlari tomonidan ozod qilingan. 1947 yilda Polsha parlamenti qarori bilan sobiq natsistlar konslageri hududida Aushvits–Birkenau muzeyi tashkil etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid