Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh urushga tayyor, Putin ko‘proq tug‘ilish istamoqda – hafta dayjesti
Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 22 fevral, yakshanba. Ramazon oyining birinchi yakshanbasi. Barcha musulmonlarga Ramazon oyi kirib kelgani muborak bo‘lsin. Bu oyda Qur’on nozil bo‘lgan, iymon keltirgan musulmonlar uchun ro‘za tutish farz qilingan va ro‘za islom dinining besh ustunidan biri ekani belgilangan.
Musulmon inson hayotidagi eng asosiy vazifa nafsi ustidan g‘olib bo‘lishdir, chunki nafsini taslim etgan inson saodatga erishadi, yomonlikdan yiroq bo‘ladi. Ro‘za tutishdan murod shunchaki yeb-ichishdan tiyilish deb o‘ylash bu muqaddas, sharafli ibodatga nisbatan yengil qarash bo‘ladi, menimcha. Ramazon oyida musulmon inson barcha yomonliklardan yiroq bo‘lishi, yomon odatlarini tark etishi, nafsini o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qilishi kerak bo‘ladi. Barchamizga umrimiz davomidagi eng asosiy kurash – nafsimizga qarshi jangda g‘olib bo‘lish nasib etsin. Biz odatdagidek haftaning muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
Amerika qo‘shin to‘plamoqda
AQSh Eron yaqinida katta qo‘shin to‘plamoqda. Hafta davomida Yaqin Sharqqa qiruvchi samolyotlarga havoda yonilg‘i quyuvchi o‘nlab Amerika samolyotlari uchib bordi. Hozir Eronga zarba beradigan suvliklarda langar tashlagan aviatashuvchilarga qo‘shimcha 50 ta qiruvchi samolyot yuborilgani aytilmoqda. Xullas, Amerika butun havo kuchlarini Eron atrofida to‘plab, ehtimoliy operatsiyaga tayyorlanmoqda.
Agar Tramp o‘tgan yil yozda bo‘lgani kabi Eronga bir zarba berib ketishni maqsad qilganida, bunchalik tayyorlanib o‘tirmasdi. Hozirgi tayyorgarlik Amerika Eronda butun boshli harbiy operatsiya o‘tkazmoqchi ekanini ko‘rsatadi. Vashington oxirgi marta Yaqin Sharqda 2003 yilda hozirgi kabi qo‘shin to‘plagan va o‘shanda Iroqqa bostirib kirgandi.
Tramp Tehronga ikki hafta vaqt berdi, bu vaqt ichida yadroviy kelishuv imzolanmasa, Amerika Eronga zarba berishi mumkin. Hozirgi Amerikadan har narsani kutsa bo‘ladi, Maduroni olib qochishgach, endi ularning har qanday tahdidiga jiddiy qarash kerak.
Mantiqsiz muzokaralar
Jyenevada Rossiya, Ukraina va AQSh o‘rtasida navbatdagi muzokaralar raundi o‘tkazildi. Kutilganidek, muzokaralarda hech qanday natija bo‘lmadi. Rossiya doimgidek butun Donbass nazoratini so‘radi, Ukraina esa Rossiya 12 yildan beri ololmayotgan Donbassdan qo‘shinini olib chiqishni rad etdi.
Amerika tomonidan kuchsiz muzokarachilar ishtirok etayotgani ham natija bo‘lmayotganining sabablaridan biri, menimcha. Biznesmenlar Uitkoff va Kushner aftidan tomonlarga faqat biznes takliflar berib urushni tugatishni istamoqda. Okean ortidan kelgan bu muzokarachilar Rossiya va Ukraina pul talashib urushmayotgani, bu urush ildizi asrlarga borib taqalishini tushunmayotgan ko‘rinadi. O‘rtadagi nafrat shunchalik kuchliki, hech qanday pul va biznes taklifi bilan bu urushni tugatib bo‘lmaydi.
Oliy sud va prezident tortishuvi
Amerikada qiziq tortishuv avj oldi. Donald Tramp ko‘ziga ko‘ringan hamma davlatlarga boj joriy etib tashlagani esingizda bo‘lsa kerak. Mamlakat Oliy sudi Tramp prezidentlik vakolatini oshirib yuborgan deb topib, uning bojlar bo‘yicha qarorlarini bekor qildi. Sud qaroriga ko‘ra, Tramp favqulodda holatlar to‘g‘risida qonundan asossiz foydalangan.
Tramp sud qaroridan xafa bo‘lib, uni sharmandalik deb atadi. Hatto mamlakatdagi eng yuqori huquqiy tashkilot bo‘lmish AQSh Oliy sudi «qarorni chet el ta’siri ostida qabul qilgan» dedi. Ya’ni Amerika prezidenti Amerika Oliy sudini boshqa davlat manfaati uchun ishlashda, yanada aniqrog‘i, boshqa davlatga sotilishda aybladi. Esingizda bo‘lsa, Tramp 2018 yil Helsinkidagi Putin bilan uchrashuvda Amerika razvedkasi va maxsus xizmatlarining ayblovlariga emas, Putinning gaplariga ishonishini aytib, hatto respublikachilarni qo‘llovchi FOX News hayratiga sababchi bo‘lgandi. Oliy sudni chet el ta’siridagi tashkilot deyish razvedkaga ishonmaslikdan ham jiddiyroq ayblov.
Tramp Oliy sud qarorini chetlab o‘tishning boshqa yo‘lini topdi. Endi u 1974 yildagi Savdo to‘g‘risidagi qonunga asoslanib amaldagi tariflarga qo‘shimcha 10 foizlik global boj e’lon qildi. Xullas, avval aytganimizdek, go‘yoki huquq tizimi prezident vakolatlarini cheklashi aytiladigan Amerika boshqaruvida ham fundamental muammolar borligi ko‘rinmoqda.
Qirolning ukasini ushlashdi
Dunyoda qudratli oilalar ko‘p, faloncha oilaning falon milliard, hatto ba’zilarining falon trillion dollar puli bor, deyishadi. Lekin chinakamiga dunyodagi eng qudratli oila bankdagi pullari bilan maqtanmaydi. Menimcha, dunyoda Angliyadagi Vindzorlar oilasidan qudratliroq oila bo‘lmasa kerak. Axir bu oila bir asrdan ortiq vaqt davomida butun Britaniya siyosatini nazorat qiladi, rahbarlarni tanlaydi, tasdiqlaydi, kerak bo‘lsa almashtiradi.
Va bu oilada ham barchasi risoladagidek emas: bir qarasa, bo‘lajak qirolning xotini begona erkak bilan avariyada o‘ladi, bir qarasa, oq tanli bo‘lmagan aktrisaga uylangan shahzoda qirollik oilasidan chiqib ketadi. Va mana, yana bir mojaro: Epshteyn fayllarida nomi ko‘p marta tilga olingan, pedofilning uyida juda noqulay holatdagi rasmlari tarqalgan sobiq shahzoda, hozirgi Britaniya qiroli Charlz III ning ukasi Endryu politsiya tomonidan qo‘lga olingan.
Unga mansab vakolatini suiiste’mol qilish ayblovi qo‘yilgan. Politsiya qirolning ukasini qo‘yib yuborgan, lekin unga nisbatan tergov boshlangan. Sobiq shahzoda katta ehtimol aynan Epshteyn bilan yaqin bo‘lgani sabab qo‘lga olingan. Chunki qurbonlardan biri Endryu bilan aloqa qilgani haqida aytgan, pedofilning uyidan Endryuga oid rad qilib bo‘lmas kadrlar chiqqan.
Putin ko‘proq tug‘ilish istamoqda
Rossiya prezidenti Putin mamlakat biznesi vakillaridan tug‘ilishni oshirish targ‘ibotida faol ishtirok etishni talab qildi. Uning aytishicha, biznes katta, ko‘p bolali oilalarni rag‘batlantirishi kerak. Putin bu gaplarni Strategik tashabbuslar agentligi yig‘ilishida aytdi. Ya’ni tug‘ilishni rag‘batlantirishni amalda strategik vazifa sifatida ko‘rsatdi.
Putin bejizga bunaqa demayapti, Rossiyada oxirgi yillarda tug‘ilish bilan bog‘liq muammo kuchaydi. 2024 yil oxirgi 25 yil ichidagi eng past tug‘ilish ko‘rsatkichi qayd etilgan. O‘tgan yil birinchi choragida esa tug‘ilish XVIII-XIX asr chegarasidan beri kuzatilmagan past darajaga tushgan. Shundan keyin Rostat bu borada statistikani maxfiylashtirib qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, Rossiya 2022 yildan buyon qo‘shnisi Ukraina yerlarini egallash uchun katta urush olib bormoqda. Tug‘ilishda faol ishtirok etishi kerak bo‘lgan yuz minglab yosh erkaklar hozir frontda jang qilmoqda, yana yuz minglab erkaklar frontdan o‘lik yoki yarador bo‘lib qaytgan.
Prezident Yol umrbod qamaldi
Janubiy Koreyaning mamlakatda harbiy holat e’lon qilgan sobiq prezidenti Yun Sok Yol esingizdami? Seul sudi uni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Sobiq prezidentga isyonga rahbarlik qilish ayblovi qo‘yilgan. Maxsus prokurorlar sobiq prezidentga nisbatan o‘lim jazosi so‘ragandi, lekin sud umrbod qamoq jazosi bilan kifoyalandi. Janubiy Koreyada 1997 yildan buyon hech kim sud hukmi bilan qatl qilinmagan. Sud hech qanday asossiy harbiy holat e’lon qilib, harbiylarni ko‘chaga chiqargan prezidentning harakatlarini isyon deb baholagan.
Prezident Yol 2024 yil dekabrda politsiya va harbiylarga parlament binosini o‘rab olishni buyurgan, bu orqali deputatlar uning farmoniga qarshi ovoz berishiga yo‘l qo‘ymaslikka uringandi. Prezident Yol o‘ziga nisbatan ayblovni rad etgan.
Kubada vaziyat og‘ir
Bilasizmi, mamlakat joylashuvi uning hayot tarzini belgilovchi eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Masalan, dengizga chiqa oladigan davlatlar uchun mahsulot sotish, import, eksport ancha arzonga tushadi, rivojlanish uchun variantlar ham ko‘p bo‘ladi. Lekin mamlakat ikki Amerika qit’asining o‘rtasida, yuzlab davlat kemalari suzadigan ideal dengiz yo‘lida joylashib ham qashshoq yashashi mumkin.
Shu kunlarda ana shunday ajoyib joylashuvga ega, lekin yillar davomida qashshoqlikda yashab kelayotgan Kubada vaziyat yanada qiyinlashgan. Tramp Maduroni olib qochganidan keyin Venesuela Kubaga neft yetkazib berishni to‘xtatdi. Karakas Kubaning eng asosiy savdo hamkori edi.
Neft importi to‘xtagani Kubadagi energetik va iqtisodiy inqirozni kuchaytirdi. Yetmaganiga Tramp Kubaga yordam beradiganlarga tahdid qilmoqda. Shunga qaramay, Ispaniya va Meksika kabi davlatlar Kubaga yordam yuklari yubordi. Ispaniya BMT orqali Kubaga oziq-ovqat, tibbiy mahsulotlar yubordi. Oldinroq Meksika harbiy kemalar yordamida 800 tonnadan ortiq humanitar yordam yuborgandi.
Qo‘lingizda dunyo xaritasi bo‘lsa, Kubaning joylashuvini ko‘ring va bunaqa lokatsiyada qanday qilib qashshoq yashash mumkinligini aqlingizga sig‘dirishga harakat qiling. Ana shunaqa azizlar, siyosat bilan qorin to‘ymaydigandek ko‘rinadi, lekin qanday siyosat yuritish, ayniqsa to‘g‘ri ittifoqchi tanlash mamlakat hayotiga shubhasiz ta’sir qiladi.
Ochlik hamon global muammo
Bir qarashda juda zamonaviy texnika asrida yashayapmiz, davlatlar koinotni egallash, texnologiyalar bobida bahslashmoqda, Marsga birinchi chiqish uchun poyga avjida. Lekin mana shu go‘yoki ultrazamonaviy asrimizda hamon ochlik millionlab odamlarni qiynaydigan muammo ekani qanchalik ayanchli.
Pew Research Center ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodiy qiyinchilik tobora jiddiy global muammoga aylanmoqda. Tadqiqotlar aholisi zich mamlakatlarda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini mustaqil sotib ololmaydiganlar soni ko‘p ekanini ko‘rsatgan.
Masalan, Indoneziyada 82 million odam oziq-ovqat bo‘yicha yordam oladi. Hukumat oziq-ovqat muammosi jiddiylashib ketishining oldini olish uchun turli xil subsidiyalar beradi, maktablarda ovqatlanish bo‘yicha dasturlarga e’tibor qaratadi. Har qancha g‘alati bo‘lmasin, AQShda ham 42 million odam bepul oziq-ovqat olish dasturlaridan foydalanadi.
Afrika davlatlarida vaziyat ancha jiddiy, qit’ada tobora ko‘proq davlatlar ommaviy ovqat tarqatish tizimiga ehtiyoj sezmoqda. Bepul ovqatlanish dasturlariga ehtiyoj ortishiga inflatsiya, qurolli to‘qnashuvlar, ijtimoiy tengsizlik kabi omillar sabab bo‘ladi.
Shu o‘rinda har qancha achchiq bo‘lmasin, o‘zimizda guvoh bo‘lganim bir voqeani aytib bermoqchiman. Ramazon oyi boshlanganining ikkinchi kunida shahrimizdagi asosiy oziq-ovqat bozorida juda katta tirbandlik oldidan chiqdim. U yo‘ldan ko‘p o‘taman, doim gavjum bo‘ladi, lekin bunaqa tirbandlik ko‘rmagandim. Tirbandlik oxirida qarasam, odamlar yo‘lda to‘xtab, hatto mashina turargohlarida turib yegulik sotishmoqda... Bozor juda katta, ichi doim savdogar-u xaridorlar bilan shundog‘am to‘la, lekin Ramazon oyi boshlanishi bilan bozorga sig‘magan sotuvchilar endi ko‘chalarda yegulik sotishyapti. Ya’ni shu vaqtgacha ham o‘sha yeguliklar sotilgan, hozir ham istalgan do‘kondan topish mumkin, lekin Ramazon oyida savdogarlar va yeguliklar bozorga sig‘may ko‘chalarga chiqib ketyapti.
Albatta, to‘kin-sochinlikka nima yetsin, bozorlarimiz to‘la bo‘lsa yaxshi, lekin yo‘l bo‘yi bir savolga javob topa olmadim: Ramazon oyida boshqa oylarga nisbatan kamroq yeyish kerak emasmi? Ramazonni bayram qilish deganda, menimcha, bizda biroz boshqacha tushuncha paydo bo‘lgan. Bayram avvalo yuraklarda, ruhiyatda bo‘lgani ma’qul deb o‘ylayman. Bozorda navbatda turib yegulik sotib olish emas, umrimiz davomida qilgan gunohlarimiz kechirilishi asosiy bayram aslida.
Shaharlarda katta-katta to‘yxonalarda iftorlik qilishadi. To‘yxonalar oldi iftorga borganlarning qimmatbaho mashinalari bilan to‘ladi. To‘g‘risi, shundog‘am qornini to‘qlay oladigan odamlarni nega iftorga chaqirishlarini hech qachon tushuna olmaganman. Azizlar, atrofimizda kechasi bolasiga nima yedirishni bilmaydigan, qozoniga go‘sht tushgan kunni bayram deb biladigan oilalar ko‘p.
Bunaqa oilalar hamma yerda topiladi, chunki Xudo hammani har xil yaratgan: kimnidir pul topishga usta qilib, kimnidir soddaroq. Bir narsa aniq, Xudo insonga ko‘p rizq berdimi, o‘sha inson Xudo bergan rizqni muhtojlar bilan bo‘lishishi kerak. Boylarni chaqirib ziyofat berish shart emas deb o‘ylayman, ular qornini o‘zi to‘ydirib oladi.
So‘zimizni afsonaviy aktyor Charli Chaplinning qizi Jyeraldinga yozgan xatidan iqtibos bilan yakunlamoqchiman. Chaplin 76 yoshida Parijdagi 21 yoshli qiziga pul yuborish asnosida unga xat yozadi: «Xatga qo‘shib senga chek daftarcha ham yuboryapman, qancha xohlasang shuncha ishlat, qizim. Lekin ikki frank sarflaganda, uchinchi frank seniki emasligini unutma. U shunga muhtoj bo‘lgan begona bir odamga tegishli. Bunday bechorani topish qiyin emas, atrofga qara, ularni har qadamda uchratasan». Omon bo‘ling, azizlar. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan keyingi yakshanbagacha.
Mavzuga oid
01:00 / 16.02.2026
Adam «tirildi», Kim merosxo‘r tanladi, G‘azoga futbol qaytdi – hafta dayjesti
00:03 / 09.02.2026
Mask frontni «muzlatdi», «Oreshnik» omboriga «Flamingo» bilan zarba – hafta dayjesti
22:49 / 01.02.2026
Tramp Eronni urmoqchi, Ukraina Rossiya va sovuq bilan kurashyapti – hafta dayjesti
18:17 / 25.01.2026