Jahon | 17:53 / 03.03.2026
35902
6 daqiqa o‘qiladi

FT: Isroil razvedkasi Ali Xominaiyni buzib kirilgan kameralar orqali kuzatgan

Yo‘llardagi kameralarni kuzatish orqali shanba kungi yig‘ilish o‘tkazilgan hukumat binolari kompleksidagi kun tartibi haqida bilib olishgan.

Foto: Financial Times

Eron oliy rahbarining o‘ldirilishi Isroil razvedkasi josuslari tomonidan Tehrondagi yo‘l kameralari ko‘p yillar davomida kuzatilishi natijasi bo‘ldi, deb yozmoqda Financial Times.

Eronga qarshi amaliyotga bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rilgan, uni o‘tkazish sanasi va nishonlar esa Amerika va Isroil razvedkasi ma’lumotlariga asoslangan holda belgilangan.

Isroil razvedkasi Tehron ko‘chalaridagi videokuzatish kameralarini buzib kirgan hamda yillar mobaynida ulardan Erondagi yuqori martabali mulozimlarning haydovchilari va qo‘riqchilarini kuzatishga imkon bergan ma’lumotlarni olib kelgan. Isroillik razvedkachilar orasidagi manbalar Financial Times nashri jurnalistlariga aytib berishicha, yig‘ilgan ma’lumotlardan Isroil va AQShning mamlakat diniy rahnamosi Ali Xominaiy o‘ldirilishiga olib kelgan zarbalarini tayyorlashda foydalanilgan.

Gazeta suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, «Mossad» xodimlari Tehronda yo‘l harakatini kuzatuvchi kameralarning deyarli barchasini buzib kirgan. Bir necha yil mobaynida ulardagi tasvirlar shifrlangan holda Isroildagi serverlarga yuborilgan. Shunday kameralardan biri Eron oliy rahbariyati vakillarining haydovchilari va qo‘riqchilari o‘z mashinalarini joylashtiradigan avtoturargoh yonida joylashgan.

Bu orqali Isroil maxsus xizmatlari yopiq va ehtiyotkorlik bilan qo‘riqlanadigan kompleksdagi kun tartibi haqida bilib olishgan.

Kameralar – yagona ma’lumot manbayi bo‘lmagan. Kameralar orqali olingan ma’lumotlar boshqa ma’lumotlar, masalan, mobil telefon tarmoqlaridan olingan ma’lumotlar bilan birga Eron rahbarlari tadbirlari jadvalini aniqlashga yordam bergan.

Isroil maxsus xizmatlari Eron xavfsizlik xizmatlari xodimlari haqida doselar tuzishgan hamda ular qayerda yashashi, qachon ishga chiqishi va xizmat joyiga qanday qilib yetib borishi, eng asosiysi – ular aynan kimni qo‘riqlashi yoki tashishi kerakligini bilib olishgan.

Sun’iy intellekt to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilib, hayot andozasini (pattern) yaratgan – marshrutlar, ish grafiklari va tansoqchilarning aloqalari doirasi, ularning manzillari va ularga taqsimlab berilgan vazifalarni.

Tehron, 2026 yil 2 mart
Morteza Nikoubazl / NurPhoto / Getty Images

Financial Times maqolasida qayd etilishicha, Isroil razvedkasi amalda eronlik mulozimlar va ularning qo‘li ostidagi xodimlarning hayot tarzini real vaqt rejimida kuzatib borgan. Bombardirovkadan ancha oldin «biz Tehronni xuddi Quddus kabi juda yaxshi bilardik», degan gazetaga isroillik razvedkachilardan biri. Isroil maxsus xizmatlariga so‘nggi kunlarda odatiy kartina o‘zgarganini payqash yetarli bo‘lgan.

 Eronga qarshi amaliyot bir necha oy mobaynida rejalashtirilgan. Uni boshlash to‘g‘risidagi qaror AQSh va Isroil razvedka xizmatlari Xominaiy 28 fevral tongida Tehrondagi qarorgohida yuqori martabali mulozimlar bilan uchrashuv o‘tkazishi to‘g‘risidagi tasdiqlangan ma’lumotni qo‘lga kiritganidan keyin qabul qilingan. Isroilliklarga bunda kuzatuv kameralaridan olingan ma’lumotlar ham qo‘l kelgan. Amerikaliklarga esa bu ma’lumotni Eron ichkarisidagi josuslar tasdiqlashgan.

Xominaiy va Eron rejimining boshqa yuqori martabali amaldorlarini urushning birinchi kunidayoq o‘ldirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan, chunki Isroil va AQSh hujum boshlanganidan keyin ular bunkerlarga yashirinishidan xavotirda edi.

Donald Tramp o‘z samolyotida Texasga uchayotganida bombardirovkani boshlash to‘g‘risida buyruq bergan. Shundan keyingi asosiy vazifa –oyatulloh yerosti bunkeriga olib o‘tilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan.

AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari Den Keynning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik harbiylar Isroil qiruvchi samolyotlari uchun yo‘l ochib bergan: ular kiberhujumlar amalga oshirish orqali «Eron tizimlarini buzib kirgan, zaiflashtirgan va ko‘r qilib qo‘ygan». O‘z navbatida, isroillik mutaxassislar amaliyotga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida qarorgoh atrofidagi 10 dan ortiq mobil aloqa minorasining alohida qismlarini ishdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgandi. Hujum kuni qo‘ng‘iroq qilinganda go‘yoki telefonlar banddek ko‘rsatilgan. Shu sababli ehtimoliy xavf haqidagi ogohlantirishlar qo‘riqlash xizmatiga yetib bormagan.

Isroil samolyotlari Xominaiy qarorgohiga jami 30 ga yaqin bomba tashlagan.

Kun oxiriga kelib avvaliga Isroildagi manbalar, keyin Donald Tramp Ali Xominaiy halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Keyingi kuni esa Eron bu ma’lumotni tasdiqladi. Zarba vaqtida Xominaiyning yonida bo‘lgan turmush o‘rtog‘i, qizi, kuyovi, kelini va nabirasi ham halok bo‘lgan. Bundan tashqari, Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Abdulrahim Musaviy, mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pokpur va mudofaa kengashi kotibi Ali Shamhoniy ham o‘ldirilgan.

Hozircha Eronni uch kishidan iborat muvaqqat kengash boshqarmoqda: bular prezident Mas’ud Pizishkiyon, bosh qozi G‘ulom-Husayn Muhsiniy-Ajaiy va Fiqh kengashi a’zosi oyatulloh Alirizo A’rofiy.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid