Eron oliy rahbarining o‘ldirilishi Isroil razvedkasi josuslari tomonidan Tehrondagi yo‘l kameralari ko‘p yillar davomida kuzatilishi natijasi bo‘ldi, deb yozmoqda Financial Times.
Eronga qarshi amaliyotga bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rilgan, uni o‘tkazish sanasi va nishonlar esa Amerika va Isroil razvedkasi ma’lumotlariga asoslangan holda belgilangan.
Isroil razvedkasi Tehron ko‘chalaridagi videokuzatish kameralarini buzib kirgan hamda yillar mobaynida ulardan Erondagi yuqori martabali mulozimlarning haydovchilari va qo‘riqchilarini kuzatishga imkon bergan ma’lumotlarni olib kelgan. Isroillik razvedkachilar orasidagi manbalar Financial Times nashri jurnalistlariga aytib berishicha, yig‘ilgan ma’lumotlardan Isroil va AQShning mamlakat diniy rahnamosi Ali Xominaiy o‘ldirilishiga olib kelgan zarbalarini tayyorlashda foydalanilgan.
Gazeta suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, «Mossad» xodimlari Tehronda yo‘l harakatini kuzatuvchi kameralarning deyarli barchasini buzib kirgan. Bir necha yil mobaynida ulardagi tasvirlar shifrlangan holda Isroildagi serverlarga yuborilgan. Shunday kameralardan biri Eron oliy rahbariyati vakillarining haydovchilari va qo‘riqchilari o‘z mashinalarini joylashtiradigan avtoturargoh yonida joylashgan.
Bu orqali Isroil maxsus xizmatlari yopiq va ehtiyotkorlik bilan qo‘riqlanadigan kompleksdagi kun tartibi haqida bilib olishgan.
Kameralar – yagona ma’lumot manbayi bo‘lmagan. Kameralar orqali olingan ma’lumotlar boshqa ma’lumotlar, masalan, mobil telefon tarmoqlaridan olingan ma’lumotlar bilan birga Eron rahbarlari tadbirlari jadvalini aniqlashga yordam bergan.
Isroil maxsus xizmatlari Eron xavfsizlik xizmatlari xodimlari haqida doselar tuzishgan hamda ular qayerda yashashi, qachon ishga chiqishi va xizmat joyiga qanday qilib yetib borishi, eng asosiysi – ular aynan kimni qo‘riqlashi yoki tashishi kerakligini bilib olishgan.
Sun’iy intellekt to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilib, hayot andozasini (pattern) yaratgan – marshrutlar, ish grafiklari va tansoqchilarning aloqalari doirasi, ularning manzillari va ularga taqsimlab berilgan vazifalarni.

Morteza Nikoubazl / NurPhoto / Getty Images


















