Ta’lim | 12:05
567
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va AQSh qo‘shma yuridik ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishi mumkin

Vashingtondagi Amerika universiteti yuridik kolleji vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida yuridik ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Foto: AP

“Dunyo” AA xabar qilishicha, Amerika universiteti yuridik kolleji (American University Washington College of Law)da xalqaro va qiyosiy huquqiy tadqiqotlar dasturi direktori Padideh Alay boshchiligidagi oliy ta’lim muassasasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida Amerika tomoni universitetning yuqori akademik darajasini ta’kidlab, xalqaro tijorat huquqi bo‘yicha AQShning top-10 taligiga kirishini hamda xalqaro savdo, investitsiya huquqi, arbitraj va qiyosiy huquqshunoslik sohalarida katta tajribaga ega ekanini ma’lum qildi.

Universitet vakillari hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida akademik mobillik va magistrlik dasturlari, investitsiyaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro huquq sohasida davlat xizmatchilari malakasini oshirish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish borasidagi tajribalari haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan sheriklikni kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.

Shuningdek, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda qo‘shma magistrlik dasturlari va qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, xalqaro tijorat va ommaviy huquq yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga kiruvchilar uchun moliyaviy imtiyozlar berish rejalashtirilgan.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda davlat xizmatchilari va amaliyotchi huquqshunoslar uchun malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqish, ixtisoslashtirilgan treninglar, stajirovkalar va almashinuv dasturlarini joriy etish taklif etildi.

Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro savdo huquqi, JST huquqi, investitsiyalarni tartibga solish va xalqaro nizolarni hal etish sohalarida mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar 2026 yil may oyida universitet rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va akademik aloqalarni yanada mustahkamlash masalalarini ham muhokama qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid