Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Islom sivilizatsiyasi markazining «yuragi» – Qur’on zalidan fotoreportaj
Eng yirik gumbaz ostidagi Qur’oni karim zalida Usmon mushafi va tariximizga daxldor 114 ta turli mushaf nusxalari bor. Ushbu mahobatli zal 50 tonnali yirik qandil va milliondan ortiq svarovski toshlari bilan bezatilgan.
Foto: Kun.uz
Toshkentda qad rostlagan mahobatli Islom sivilizatsiyasi markazi qariyb 9 yil davomida qurib bitkazildi. Bugunga kelib markazdagi so‘nggi jihozlash ishlari yakunlanmoqda: Islom sivilizatsiyasi markazi keng jamoatchilik uchun joriy yil Ramazon hayiti arafasida ochilishi kutilmoqda.

Joriy yil boshida taqdim qilgan fotoreportajimizda Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy qismlari – 4 davrni qamrab olgan juda katta muzey va undagi eksponatlari, shuningdek, markaz haqida umumiy ma’lumotlar bergandik.

Bugun Islom sivilizatsiyasi markazining «yuragi» – Qur’on zali bilan tanishtirib o‘tamiz. Aslida Qur’on zali – binoning qoq markazi, eng baland gumbaz ostida joylashgan. Lekin markazga tashrif buyuruvchilar bu zalga – turli davr muzeylaridan so‘ng, sayohatining oxirida tashrif buyuradi.

Qur’on zali muhiti tashrif buyuruvchilarni o‘n to‘rt asr davomida uzluksiz davom etgan ma’naviy va intellektual meros haqida tafakkur qilishga undaydi.

Qur’oni karim zalida Islom olamining ma’naviy durdonasi sanalmish, VII asrda qo‘lda ko‘chirilgan Usmon mushafi joylashtirilgan. U katta gumbaz ostida joylashgan sakkizburchak shakl bilan o‘ralgan.


Usmon mushafining qisqacha tarixi: Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan keyingi uchinchi xalifa, Usmon ibn Affonning farmoni bilan Muqaddas Qur’oni karim oyatlari olti nusxada ko‘chirilgan. Bu mushaflar Islom dunyosining yirik shaharlariga yuborilgan. Toshkentda saqlanayotgan ushbu mushaf aynan Usmon roziyallohu anhu o‘zi bilan olib yurgan va mutolaa qilgan Qur’on ekani aytiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mushaf XIV asr oxirida Amir Temur tomonidan Samarqandga olib kelingan. Samarqandda besh asr saqlangan kitob 1868 yilda rus bosqinchilari tomonidan Sankt-Peterburgga olib ketilgan. Mushaf 1923 yilda Turkiston musulmonlari iltimosiga ko‘ra Toshkentga qaytarilgan. 1989 yildan keyin mushaf O‘zbekiston musulmonlari idorasi nazoratida saqlangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ushbu nodir qo‘lyozma 2025 yil 13 noyabr kuni Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zaliga olib o‘tildi.

Qur’oni karim zali devorlarida mushaf oyatlari tushirilgan 8 ta ipak gilam 4 ta ravoqda namoyish etilgan.



65 metr balandlikdagi gumbaz ostida 50 tonnali yirik qandil o‘rnatilgan. U bir milliondan ortiq svarovski toshlari bilan bezatilgan.


Markaz xodimlarining aytishicha, zalda 24 soat davomida to‘xtovsiz o‘zbekistonlik qorilar tomonidan qiroat qilingan Qur’on oyatlari yangrab turadi.


Shuningdek, ushbu zalga dunyo fondlarida saqlanayotgan, O‘zbekistonga daxldor 114 Qur’on loyihasiga kiritilgan qo‘lyozmalar ko‘rsatilgan.



Xususan, qo‘lyozma atrofida Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, O‘zbekxon, Temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitob nusxalari va ularning eski o‘zbek yozuvidagi tarjimalari qo‘yilgan.


Masalan, Katta Langar mushafi ham juda qadimiy — sakkizinchi asrda ko‘chirilgan. U prezident tashabbusi bilan qayta ta’mirlanib, uning faksimil nashri amalga oshirilgan. Bu Qur’oni karimning 81 sahifasi Sankt-Peterburgda, 17 tasi O‘zbekistonda saqlanadi.

Bundan tashqari, oltin harflarda ko‘chirilgan «O‘zbekxon Qur’oni» qo‘lyozmasining nusxasi ham bor. Bu qo‘lyozma xotimasida birinchi marta o‘zbek so‘zi ishlatilgan. Asl nusxasi Turkiyada saqlanadi.







Farrux Absattarov – Kun.uz muxbiri
Rasmlar muallifi: Muhammadjon G‘aniyev.
Mavzuga doir: 4 davr muzeyi, minglab noyob eksponatlar, kutubxona va Qur’on zali – Islom sivilizatsiyasi markazida nimalar bor?
Mavzuga oid
15:26 / 04.03.2026
Toshkentdagi yangi muzey majmuasi BBC’ning eng muhim loyihalar ro‘yxatiga kiritildi
22:44 / 29.01.2026
4 davr muzeyi, minglab noyob eksponatlar, kutubxona va Qur’on zali – Islom sivilizatsiyasi markazida nimalar bor?
18:59 / 15.11.2025
Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchilari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
19:15 / 20.10.2025