Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Faqat “parkovka” narxini oshirib, shu tizimni yuritish tarafdori emasmiz” – hokim o‘rinbosari
Abdurahmon Baxtiyev jurnalistlar bilan o‘tgan anjumanda poytaxtdagi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar uchun endi qo‘shimcha alohida tenderlar o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bunda Toshkent shahridagi 100-200 ta joy tanlab olinishi mumkin. Ularning har biri alohida lotlarga ajratiladi. Hokimiyat rasmiylari “keyingi bosqich auksionlarni shaffof kuzatib borish imkoniyati borligini” aytmoqda. Shuningdek, tadbirda narxlar va qonunchilikda mavjud bo‘lmagan jarima masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
O‘tgan yili may oyidan Toshkent shahrining 86 ta ko‘chasiga yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar tashkil qilindi. Uning ijrosi uchun hozirda ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etilgan Streetpark Systems MChJ tanlab olingan.
Ayni kunlarda parkomatlar ijtimoiy obektlarning yonida ham mavjud ekani, narxlar 15,5 foizga oshirilgani ko‘plab e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda. 12 mart kuni Toshkent shahar hokimiyati binosida o‘tgan matbuot anjumanida hokim o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev ayni masala yuzasidan rasmiylarga ham murojaat bo‘lganini aytdi.
“Poytaxt parking [loyiha egasi]ni chaqirdik. Aynan gematologiya instituti, o‘sha kasalxonaning yonidagi parkovkalar bo‘yicha hozir chuqur o‘rganish olib borilmoqda. Lekin bir narsani aytishimiz kerakki, umumiy parkovkalar, parkovkalar bo‘yicha siyosat nimaga bunaqa qilinadi? Bu faqat bizning Toshkent shahrida emas, butun rivojlangan shaharlarda pulli parkovkalar ishlamoqda. Jamoat transportiga odamni jalb qilish, odamga jamoat transportida yurgin degan ishora bilan borishimiz uchun biz shaxsiy avtomobildagi harakatni, undan foydalanishni, hozir qo‘pol bo‘lishi mumkin-u, qimmatroq qilishimiz kerak.
Boshqa davlatlardan kelgan mehmonlar taksida yurganimda pul to‘langanini sezmadim deydi. Deylik, bizda shu darajada shaxsiy avtomobilda yurish narxi pastki, bu hatto taksida ham seziladi. Bu nimaga olib boradi? Bu tirbandlikka, mashinalarning soni shaharda ko‘payishiga olib boradi. Lekin biz bir taraflama, faqat shu parkovka narxini oshirib yoki shu tizimni yuritish tarafdori emasmiz. Parallel ravishda shu jamoat transportini rivojlantirish to‘g‘risida strategiyamiz bor. Kundan kunga bizda jamoat transportida odamlar soni ham ko‘paymoqda, qulayliklarimiz ham yaratilmoqda. Misol uchun, bu yilning o‘zida yana qo‘shimcha juda katta miqdorda yangi avtobuslarni qo‘shib olib kelish va yangi marshrutlarni qo‘yish bo‘yicha rejalarimiz ham bor”, – dedi u.
Qisqacha eslab o‘tilsa, 2024 yilda hokimlik shaharning 86 ta nuqtasida yo‘l bo‘yi avtoturargohlar tashkil etish huquqini ikki marta auksionga qo‘ygan. Birinchisi, ya’ni 25 noyabr kungi auksion yakunida Balcomuz MChJ boshlang‘ich narxdan qariyb 2 barobar yuqori – yiliga 120,15 mlrd so‘m to‘lash taklifi bilan g‘olib deb topilgan. Zaxira g‘olib e’lon qilinmagan.
Ko‘p o‘tmay, Balcomuz MChJ bilan shartnoma tuzilmagani aniq bo‘ldi. 17 dekabr kuni takroriy auksion o‘tkazilgan. Boshlang‘ich narxdan roppa-rosa 10 foiz yuqori – 62,9 mlrd so‘m taklif qilgan Streetpark Systems MChJ g‘olib bo‘lgan. Bu narx, birinchi auksionda Balcomuz bergan narxdan qariyb 2 barobarga kam edi. Ikkinchi auksionda ham zaxira g‘olib e’lon qilinmagan.
Poytaxt hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimovaning tushuntirishicha, birinchi auksion g‘olibi Balcomuz MChJ Toshkent shahar hokimligining shartlarini bajara olmagan.
“Ya’ni hujjatlarda “parkovka” o‘rnatilgan hududda tashqi tomonlama ishlash, tozalik, xavfsizlikni ta’minlash talablariga rioya qilishdan bosh tortgan. Keyin [auksion] qayta o‘tkazilgan”, – dedi Qosimova.
Uning qo‘shimcha qilishicha, zaxira g‘olib ham talablarga mos kelmagani uchun u kompaniya tanlanmagan. Hokimiyat vakili uning nomini ochiqlamadi. Qosimova “keyingi bosqich auksionlarni shaffof kuzatib borish imkoniyati borligini” qayd etdi.
Hokim o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyevga ko‘ra, 100-200 ta joyga avtoturargoh qilish bo‘yicha tender o‘tkaziladi, har bir joy lotlarga taqsimlanadi.
“Auksionga chiqaramiz. Auksionda kim yutib olsa, o‘z faoliyatini davom ettiradi. Misol uchun, 2-3 ta talabgor tezroq joylarni auksionga qo‘yinglar degan maqsadda bizga chiqishdi. Bu nafaqat Streetpark Systems MChJ emas, boshqa tashkilotlar ham o‘z xohishini bildirishdi”, – dedi Baxtiyev.
Parkovkalarga jarimani belgilash va uni undirish yuzasidan qonunchilikda tartib belgilanmagan. MJtKda ham, YHQda ham faqat taqiqlangan joylarda to‘xtash va turish uchun javobgarlik mavjud.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham bunday holatda pul undirishni xato deb hisoblab, bunga oid ma’lumotlar Prezident administratsiyasiga taqdim qilinganini aytgandi. Baxtiyev ayni masalaga izoh berdi.
“Jarima bo‘yicha hali qonunchilik qabul qilinmagan. Shu sababli ham to‘lov intizomi juda past holatda. Biz kutgandan ham pastroq bo‘lyapti. Deylik, hozir aniq raqam esimda yo‘q. Lekin shu sababli ham jarima qo‘llashning ushbu qonunchilikka kiritilishi tarafdorimiz.
Oson tilda tushuntirib beraman, mashinaning egasi mashinani qo‘yib ketadi, pulini to‘lamaydi. Bir kun turadi, ikki kun turadi, xohlasa. Pulini to‘lamaydi, joyni egallaydi. Biz ko‘zlagan maqsadimizga yetmaymiz. Biz aytgandek, shaxsiy mashinani foydalanish narxini oshirishimiz kerak, shu maqsadda qo‘yganmiz. Shu parkovka tizimi shunga ishlaydi. Hozir lekin odamlar pul to‘lamasa, bizga yechim bo‘lmaydi. Ish unumli bo‘lmayapti degan xulosaga olib kelib qo‘yadi”, – dedi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, pulli parkovkalar bo‘yicha shu kungacha biror haydovchiga jarimaga solinmagan. Narxlarning qanday shakllantirilgani yuzasidan berilgan savol esa ochiq qoldi.
Mavzuga oid
21:22 / 28.02.2026
Surxondaryoda o‘qituvchilardan majburiy pul yig‘ish topshirig‘ini bergan “zamhokim” ishdan olindi
13:35 / 28.02.2026
Surxondaryoda o‘qituvchilardan majburiy pul yig‘ish topshirig‘ini “zamhokim” bergani tasdiqlandi
11:29 / 28.02.2026
2025 yilda “parkovka” xizmatlari narxi 15,5 foizga oshdi
10:05 / 03.02.2026