Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp sulhni cho‘zdi, Mishari Rashid mojaro markazida – hafta dayjesti
Hafta davomida AQSh va Eron o‘rtasidagi sulh uzaytirildi va endi muzokaralar davomida amalda bo‘ladi. Rizo Pahlaviy yevropaliklardan norozi bo‘ldi, Mishari Rashid mojaro markazida qoldi, kamyob hayvonlar qotili bo‘lgan ovchini fillar to‘dasi toptab o‘ldirdi. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini eslaymiz.
Sulh cho‘zildi
Hafta davomida Donald Tramp Erondagi urush bo‘yicha o‘n kunlik sulhni cho‘zdi. Dedlaynchi Tramp endi aniq dedlayn qo‘ymadi, sulh muzokaralar davom etayotgan vaqtda amalda bo‘lishini aytdi. Ya’ni, o‘n kuning qoldi, ikki kuning qoldi, bir soating qoldi, degan tahdidlar o‘tmadi. Trampning o‘tgan haftadagi gaplarini eshitgan odam Eron taslim bo‘libdi deb o‘ylashi aniq edi, chunki AQSh prezidenti Tehron uning «barcha shartlarini bajarishga tayyorligi, hatto boyitilgan uranni Amerikaga berishini» aytgandi. Endi Amerika kim bilan gaplashayotgani ham noma’lum. Xullas, muzokaralarda hozircha mujmallik hukmron.
Pahlaviy norozi
Eronning oxirgi podshohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li Rizo Pahlaviy hafta davomida Berlinda bo‘lib qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Matbuot anjumanida qatnashib chiqqan Pahlaviyga noma’lum shaxs qizil bo‘yoq sepdi. Politsiya tezda uni qo‘lga oldi, Pahlaviy zarar ko‘rmagan. Katta ehtimol bo‘yoq sepgan eronlik namoyishchilardan biri bo‘lgan. Qizil bo‘yoq qon ramzi, bu ishni qilgan odam Pahlaviy eronliklarning qonini to‘kayotgan Amerika tomonida demoqchi bo‘lganini tushunish qiyin emas, axir u Amerikada yashaydi.
Yevropadagi chiqishlarida Pahlaviy G‘arb nashrlaridan norozi bo‘ldi. Uning fikricha, hozir Eronda odamlarga nisbatan repressiya kuchaygan, muxolifotchilar ayovsiz qatl qilinmoqda, hozirgi Eron rejimi bilan tinchlikka erishib bo‘lmaydi.
Lekin og‘oi Rizo, bir narsani unutmang, aynan urush sabab Eronda repressiya kuchaydi. Urushdan sal avval erkinlik istab ko‘chalarga chiqqan Eron xalqi minglab qurbon berdi va ular hali o‘ziga kelib ulgurmay boshlariga Amerika va Isroil raketa yog‘dirdi. Erkinlik istayotgan xalqqa ustiga raketa otib yordam beriladimi? Siz Yevropa erkin Eron va tuzum o‘rtasida tanlov qilishi kerak deyapsiz. Vaholanki Yevropada hech kim insonlarning erkinliklarini cheklaydigan rejimni qo‘llagani yo‘q, butun dunyo eron xalqi jabrlanayotganidan nozori. Amerika va Isroil zarbalari sabab rejimning boshliqlari o‘lgandir, lekin aksar qurbonlar ana shu siz aytayotgan erkin Eron tarafdorlari edi-ku.
Mishari Rashid mojaro markazida
Hafta davomida arab olamida juda shov-shuvli voqea sodir bo‘ldi. Kuvaytlik mashhur voiz Mishari Rashid o‘zining YouTube-kanalida Eronni va uni qo‘llayotganlarni qoralab qo‘shiq e’lon qildi. «Eronning va Eron bilan bo‘lganlarning qo‘llari kesilsin» – qo‘shiq nomi aynan shunday.
Olti kun ichida rolikni 1,5 milliondan ortiq odam tomosha qildi. Arab olamida bu qo‘shiq oxirgi kunlarning eng asosiy muhokama mavzusiga aylandi. Klipda arab davlatlari armiyalari, arab podshohlari ulug‘langan.
Bu qo‘shiqdan keyin Mishari Rashid keskin tanqidlar ostida qolib ketdi. Uni Isroil va AQShni oqlashda ayblashdi. Men bu klipni ko‘rib bir narsadan juda ranjidim: butun dunyoga hofizi Qur’on bo‘lib tanilgan, odamlarni yaxshilikka chorlab yurgan inson siyosat uchun foydalanilganidan.
Qo‘shiqda aytarli ohang, joziba yo‘qligidan u yurakdan chiqmaganini sezish qiyin emas. Butun islom olami uchun ham bu yaxshi ish bo‘lmadi deb o‘ylayman. Albatta, hazrat Mishari Rashid aytgan gaplarini asoslab bera oladi, arablar va Eron o‘rtasidagi kelishmovchilik kechagi emas. Shunchaki hozirgi voqealar fonida har qanday arab podshohidan mashhur inson bunday chiqish qilishi juda noqulay vaziyat keltirib chiqardi.
Tramp Ispaniyani jazolamoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp Erondagi urushda go‘yoki uning yonida turmagani uchun NATO davlatlaridan qasd olmoqchi ko‘rinadi. U Yevropa davlatlari orasida Amerikaga noroziligini eng oshkora bildirgan Ispaniyani NATOdan chiqarib tashlash haqida o‘ylayotgan ekan. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Tramp va Netanyahu Eronga qarshi urush boshlashini keskin qoralab chiqishlar qilgan, yetmaganiga Madrid mamlakatdagi Amerika harbiy bazalaridan Eronga qarshi urushda foydalanishni taqiqlagandi.
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, ikkinchi muddatida Tramp juda gina saqlovchi bo‘lib qoldi. O‘zi deyarli hamma qo‘shnilar-u ittifiqchilar bilan urushib chiqdi, keyin hammaga (Isroildan boshqa hammaga) birin-ketin tahdid qila boshladi. Uning o‘zini tutushida diktatura alomatlari demokratik boshqaruv alomatlaridan ancha ko‘p. Yaqinda bergan intervyularidan birida kimsan Aleksandr Lukashenko ham Trampni diktator, hatto, imperator deb atadi. Tanqid qilib emas, havas qilib, maqtab shunday dedi.
Hafta iqtibosi
Polsha bosh vaziri Donald Tusk hafta davomida qiziq hazil post yozdi: «Yevropa kengashi yig‘ilishi. Uzoq yillardan buyon ilk marta xonada rossiyaliklar yo‘q. Ajoyib yengillik». Siyosatchi bu hazili bilan Mojaristondagi saylovda Viktor Orban yutqazganini nazarda tutdi. Tushunmaganlar uchun aytib ketay, Orban va jamoasi Yevropa Ittifoqida o‘tgan har bir yig‘ilishlar haqida Rossiyaga hisobot berib turgani aytiladi.
Himolayda firibgarlik
Nepal politsiyasi mamlakat ramzi bo‘lmish Himolay tog‘ tizmalarida noodatiy firibgarlik tizimini fosh qildi. 32 kishidan iborat jinoiy guruh umumiy hisobda 20 million dollarga yaqin pulni o‘zlashtirgan.
Xullas, mahalliy gidlar Himolay bo‘ylab sayohatga borgan odamlar ichidan yaxshi sug‘urta shartnomasiga egalarni tanlab olgan. Ularning ovqatiga sayohat davomida ichimlik sodasi qo‘shgan yoki yuqori dozada dorib berib kasal qilishgan, bundan sayyohning xabari bo‘lmagan. Firibgarlar bergan dorilardan keyin sayohatchilarda ko‘ngil aynishi, ich ketishi, tog‘ kasalligi kabi juda tabiiy holatlar kuzatilgan.
Go‘yoki tabiiy sabab bilan betob bo‘lgan sayyohni vertolyotda evakuatsiya qilib kasalxonaga yotqizishgan. Kasalxonada soxta hujjat tayyorlab, sayyohdan katta pul olishgan. Birgina kompaniya 171 ta soxta evakuatsiya amalga oshirib 10 million dollardan ortiq pul ishlagan. Umumiy hisobda 4800 ga yaqin sayyohdan 20 million dollardan ortiq asossiz pul olingan. Holat bo‘yicha jinoiy ish ochilib, 11 kishi hibsga olingan. Ana shunaqa, firibgarlardan hech qayerda qutulib bo‘lmaydi, ular dunyoning eng baland cho‘qqisida ham odamlari tunayveradi.
Fillar ovchini o‘ldirdi
Amerikalik millioner, hayvonlar jasadini kolleksiya qilish bilan shug‘ullangan mashhur ovchi Erni Dozio Gabonda fillar hujumi sabab halok bo‘ldi. Ovchi sheriklari bilan noyob antilopani ovlayotganda ular oldidan fillar to‘dasi chiqib qoladi. Jonvorlar ovchilar qo‘lida qurolni ko‘rib bolasini himoya qilish uchun ularga hujum qiladi. Fillar 76 yoshli ovchini toptab o‘ldiradi.
Butun umr kamayib borayotgan hayvonlarni o‘ldirish bilan shug‘ullanasan, quruq qo‘l bilan ham emas, porox solingan qurol bilan o‘ldirasan, keyin o‘lgan jonivor fonida maqtanib rasmga tushasan, do‘stlaringa katta ketasan, uyingda hayvonlar jasadidan iborat kolleksiya qilasan va ajoyib kunlarning birida fillar to‘dasi seni oyog‘ining tagida ezg‘ilab tashlaydi – mantiqiy yakun. Yovoyi hayvonlarda zabon yo‘qdir, lekin tabiat qonunlarida qasos degan tushuncha yo‘qolmagan.
Inson shuncha quruqlik yetmaganday yovvoyi tabiatni ham o‘zlashtirib, yetmaganiga undagi qirilib ketayotgan hayvonlarni o‘ldirib bundan pul ishlashi faqat insonga xos vahshiylik. Yovvoyi tabiatni o‘z holiga qo‘yish kerak, dunyo faqat ochko‘z inson uchun yaratilmagan...