Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Malida janglar. Mudofaa vaziri o‘ldirildi, ruslar bir shaharni tashlab chiqqani aytilmoqda
Rossiyaga ittifoqchi bo‘lgan harbiy xunta tomonidan boshqariladigan Malida isyonchi tuareglar va boshqa guruhlarning bir vaqtning o‘zida bir necha shaharga qilingan muvofiqlashtirilgan hujumlari davomida mamlakat mudofaa vaziri o‘ldirilgan. Isyonchilarga ko‘ra, Rossiya mudofaa vazirligining Afrika korpusi otryadi Kidal shaharchasidagi bazasini tashlab ketgan; korpusdagilar bu ma’lumotni rad etmadi.
Foto: Reuters
O‘tgan hafta oxirida Malining bir qancha shaharlari, jumladan, poytaxt Bamakoda portlashlar va otishmalar boshlandi. Mamlakatdagi qurollangan guruhlar butun mamlakat bo‘ylab muvofiqlashtirilgan hujumlarni amalga oshirishga kirishdi.
Shanba kuni mamlakat armiyasining Bamakodan 15 km masofadagi Kati shaharchasida joylashgan eng yirik bazasiga ham hujum qilingan. Bu hujum oqibatida mamlakat mudofaa vaziri, general-leytenant Sadio Kamara ham halok bo‘lgan. Dastlab xorijdagi nashrlarda tarqalgan bu xabar yakshanba kuni Mali harbiy hukumati tomonidan tasdiqlandi.
«Portlovchi moddalar yuklangan va xudkush boshqaruvida bo‘lgan avtomobil vazir qarorgohiga bostirib bordi, bu yerda u hujum qilganlar bilan otishmaga kirishgan va ulardan bir nechasini yo‘q qildi […] Jang vaqtida u yaralandi va hospitalga olib borildi, afsuski olingan tan jarohatlari oqibatida vafot etdi», – deya e’lon qildi televideniye orqali xunta a’zosi, markazsizlashtirish vaziri, brigada generali Iso Usmon Kulibali.
Harbiy hukumat ma’lumotiga ko‘ra, general Kamara bilan birgalikda uning rafiqasi va ikki nabirasi ham halok bo‘lgan, bundan tashqari, portlash oqibatida uning uyi yonidagi masjid qulashi oqibatida bir necha kishi xarobalar ostida qolib ketgan.
Tuareglarning Azavad ozodligi fronti (FLA) tashkiloti hamda «Al-Qoida»ga aloqdor hisoblangan «Jamoat-nusrat al-Islom val-muslimin» («Islom va musulmonlarni qo‘llab-quvvatlash ittifoqi», JNIM) guruhi shanba kuni tongda Katidan tashqari Bamako va uning atrofidagi harbiy bazalar va boshqa obektlarga, shuningdek, mamlakat shimolidagi Kidal, Gao va Sevare kabi shaharlarga ham bir vaqtda hujum uyushtirgan.
Yakshanba kuni kechqurun AFP agentligi xunta rahbari, general Assimi Goyta shanba kuni tongdan buyon jamoatchilikka ko‘rinish bermagani va hech qanday bayonot chiqarmaganiga e’tibor qaratdi. Agentlikning Mali kuchishlatar tuzilmalaridagi manbasi u shanba kuni Katidan evakuatsiya qilingani va maxsus topshiriqli bo‘linmaning Bamako atrofidagi bazasida xavfsizlikda ekani haqida xabar bergan.
Bundan tashqari, AFP ma’lumotiga ko‘ra, Katida shanba kuni bo‘lib o‘tgan janglarda Mali razvedka xizmati rahbari, general Modibo Kone va bosh shtab boshlig‘i, general Umar Diarra ham yaralangani haqida xabar tarqatgan.
Rossiya vertolyoti qulashi
Isyonchilar 26 aprel kuni Afrika korpusiga tegishli vertolyotni urib tushirgan. Bu haqda dastlab 26 aprel kuni z-kanallar sirasiga kiruvchi Fighterbomber kanali xabar xabar berdi, keyinroq bu ma’lumotni boshqa harbiylashgan pabliklar ham tarqatdi.
Xabarda vertolyotga zenit-raketa kompleksi orqali zarba berilgani qayd etilgan.
«Ekipaj va bortda bo‘lgan mobil o‘t ochish guruhi halok bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga tashqaridan zarba berilishi sabab bo‘lgan», – deyiladi Fighterbomber xabarida.
Vertolyot turi va qurbonlar soni aniqlashtirilmoqda. RF mudofaa vazirligi va Rossiya tashqi ishlar vazirligi vertolyot halokati yuzasidan munosabat bildirmadi.
Tuareglar Kidal qaytarib olinganini aytmoqda
Yakshanba kuni FLA rasmiysi X ijtimoiy tarmog‘ida Rossiya mudofaa vazirligining Afrika korpusi tashkilot bilan kelishgan holda Kidal shahridagi bazasini tashlab chiqqani va endi shahar to‘lig‘icha guruh nazoratiga o‘tganini ma’lum qildi.
Afrikan korpusi – «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining Afrikadagi merosxo‘ri sanaladi, 2023 yil yozida Yevgeniy Prigojin halok bo‘lgach, kompaniya to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya mudofaa vazirligi bo‘ysuniviga o‘tgandi.
Mali shimolidagi sahro ichida joylashgan va 15 ming kishi istiqomat qiladigan Kidal shaharchasi ko‘p yillar davomida isyonchi tuareglarning tayanch punkti hisoblangan, ammo 2023 yil oxirida Mali xuntasi Afrika korpusi yordamida shaharni egallab olgandi.
Afrika korpusining telegramdagi sahifalari Kidaldan ketgani haqidagi xabarlarni tasdiqlamagan, lekin rad ham etmagan. Kanalda joylashtirilgan bayonotda korpus Mali armiyasi bilan birgalikda aviatsiya vositasida isyonchilarning hujumlarini muvaffaqiyatli qaytargani, xususan, Kidalda ham bazaga qilingan to‘rt hujum qaytarilgani aytiladi. Ammo bu rossiyalik yollanma jangchilar hujumlar qaytarilganidan keyin o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani va bazani tashlab ketgani haqidagi variantni inkor etmaydi.
AFP agentligi Kidalda yashovchilarga tayanib, harbiy kolonna shahardan chiqib ketgani va ko‘chalarda isyonchilar paydo bo‘lgani haqida xabar bergan.
Mohamed Elmaouloud Ramadane/via REUTERS
France24 telekanali jurnalist Vasim Nasr X ijtimoiy tarmog‘ida g‘alabani nishonlayotgan jangarilar pikap va harbiy mashinalarda ketayotgan rossiyalik harbiylarni kuzatib qo‘yayotgani aks etgan videoni e’lon qilgan.
#Mali Kidal les élémens de l’Africa Corps se rassemblent à l’entrée de l’ancien camp de la MINUSMA. Le convoi vu en ville avait rassemblé des élémens, avec snipers, qui étaient retranchés sur une position qui empêchait l’avancée vers le camp pic.twitter.com/Cl7scOjg0f
— Wassim Nasr (@SimNasr) April 26, 2026
Shu bilan birga, Mali armiyasi bosh shtabi boshlig‘i, general Umar Diarra yakshanba kuni davlat televideniyesi orqali chiqishida Kidalda shunchaki taktik o‘zgarishlar bo‘lgani va hududdagi amaliyot davom etayotganini ma’lum qilgan.
Malining boshqa hududlaridagi vaziyat bo‘yicha ma’lumotlar ham to‘liq emas.
Jahon agentliklari va mahalliy nashrlarga ko‘ra, yakshanba kuni Katida vaziyat tinchigan va otishmalar to‘xtagan.
Gaoda ham sukunat hukm surmoqda. AFP xabarida isyonchilar shahar chekkalaridagi pozitsiyalarni egallab turgani aytiladi.
Sevaredan esa otishmalar davom etayotgani haqidagi xabarlar kelib tushgan.
Oltinga boy mamlakat
Mali – Afrika shimoli-g‘arbidagi mamlakat bo‘lib, maydoni 1,24 mln km kv, aholisi esa 22 mln kishi atrofida. Aholining aksar qismi – musulmonlar.
1960 yilga qadar Mali Fransiya mustamlakasi bo‘lgan.
Tuareglar ko‘chmanchi xalq bo‘lib, jami aholining atigi 3,5 foizini tashkil etadi. Ular asosan Mali shimolidagi cho‘lli hududlarda yashashadi.
Mali Afrika mamlakatlari orasida oltin qazib olish va eksport qilish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallaydi.

Uch mamlakat, uch xunta
Malini general Assimi Goyta boshchiligidagi harbiy xunta boshqaradi, bu kuchlar 2020 yilgi davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatga kelgandi.
Xunta o‘shanda xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlangandi. Harbiylar mamlakatni uzoq davom etgan inqirozdan olib chiqishga va qonun ustuvorligini ta’minlashga va’da bergandi.
Markaziy hokimiyatga asosiy tahdid manbayi shimoldagi etnik tuareglar hamda «Al-Qoida» ta’sirida bo‘lgan JNIM jangari guruhi hisoblanadi.
Isyonchilik harakatiga qarshi kurashish uchun 2013 yilda Maliga BMT tinchlikparvar kuchlari hamda fransuz armiyasi bo‘linmalari kiritilgandi. 2020 yilgi davlat to‘ntarishidan keyin xunta ularni mamlakatdan quvib chiqardi va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining rossiyalik jangarilarini taklif etdi, keyinroq ularning o‘rnini «Afrika korpusi» egalladi.
Ammo isyonchilar kuchsizlanmadi va mamlakat shimoli va sharqidagi katta hududlar markaziy hokimiyat nazoratidan tashqarida qolmoqda.
2024 yilda mintaqada davlatlararo harbiy alyans – Sahel davlatlari konfederatsiyasi tashkil etilgandi. Uning tarkibidan Burkina-Faso, Mali va Niger o‘rin olgan. Bu uch mamlakatni ham so‘nggi yillarda davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatga kelgan harbiy xuntalar boshqaradi.
Mavzuga oid
17:38 / 26.04.2026
Malida isyonchilar Rossiya vertolyotini urib tushirdi
15:56 / 08.12.2025
AP: Malida Afrika korpusi «Vagner»ga o‘xshash «yondirilgan yer» taktikasini qo‘llamoqda
11:49 / 14.11.2025
Malida jangarilar tiktokchi qizni qatl etdi. Mamlakat poytaxti xavf ostida
21:18 / 04.11.2025