Jahon | 15:15
1696
9 daqiqa o‘qiladi

Livanda keskinlashgan vaziyat va Ukrainaga raketalar yog‘dirgan Rossiya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida qisman otashkesim

Livan 1 iyun kuni «Hizbulloh» va Isroil o‘rtasida qisman o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini e’lon qildi.

Livanning Vashingtondagi elchixonasiga ko‘ra, ushbu kelishuv mamlakatdagi mojaroga butunlay chek qo‘ymaydi. Biroq u Isroildan Bayrut va uning «Hizbulloh» nazoratidagi hududlariga zarba berishdan tiyilishni talab qiladi. Eron qo‘llab-quvvatlaydigan guruh esa o‘z navbatida Isroilga hujumlarni to‘xtatadi.

Kelishuv haqida birinchi bo‘lib e’lon qilgan AQSh prezidenti Donald Tramp «Hizbulloh» vositachilar orqali Isroilga hujum qilmaslikka va’da berganini aytdi. Tramp, shuningdek, Isroil bosh vaziri Bayrutga hujum qilishga tayyorlanayotgan qo‘shinlarni ortga qaytarishga rozi bo‘lganini aytdi.

Tramp bayonotidan keyin Netanyahu Livan janubida harbiy amaliyotlarni davom ettirishini aytdi. U yerda quruqlikdagi kuchlar Zaxarani daryosi tomon ilgarilamoqda. Bu Isroilning so‘nggi 25 yil ichida Livanga eng chuqur kirib borishidir.

Kuni kecha Eron OAVlari Tehron AQSh bilan bilvosita tinchlik muzokaralarini to‘xtatayotganini, Livandagi urushni vaj qilib, otashkesimga ham chek qo‘yishi mumkinligini aytdi.

Ammo Eron rasmiylari tomonidan ushbu xabarlar to‘g‘ridan to‘g‘ri tasdiqlanmadi.

Tramp esa Erondan hech qanday xabar olmaganini aytdi. U dushanba kuni CNBC telekanaliga bergan intervyusida tinchlik muzokaralari «juda zerikarli bo‘la boshlagani» va agar ular tugasa ham unga baribir ekanini aytdi. «Menga haqiqatan ham baribir, umuman qizig‘i yo‘q», dedi Tramp.

Eron urushni tugatish bo‘yicha har qanday kelishuvning sharti sifatida Isroilning Livandagi hujumlarini to‘xtatishni talab qilmoqda, AQSh esa bu ikki mojaro bir-biridan mustaqil ekanini ta’kidlamoqda.

Rossiya–Ukraina urushi

2 iyunga o‘tar kechasi Rossiya zarbalari oqibatida Ukraina bo‘ylab kamida o‘n kishi halok bo‘ldi: olti kishi Dniproda va to‘rt kishi poytaxt Kiyevda. Bu Moskva tomonidan so‘nggi oylarda amalga oshirilgan eng yirik hujumlardan biri bo‘ldi.

Tungi havo zarbalari ko‘p qavatli uy-joy binolariga kelib tushishi oqibatida o‘nlab odamlar, jumladan, bir necha bola jarohatlangan.

Seshanba kuniga o‘tar kechasi va erta tongda Ukraina hududining katta qismida havo hujumidan mudofaa trevogasi e’lon qilindi. Kiyev rasmiylari hujumlarda ballistik raketalar va dronlar uchib kelganini bildirdi.

Moskva o‘tgan oyda Luhanskdagi yotoqxonaga uyushtirilgan va 21 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan dron hujumiga javoban Ukrainani «tizimli zarbalar» berishidan ogohlantirgan edi. Ukraina Qurolli Kuchlari bu hududga hujumni uyushtirganini tan olgan, biroq Rossiya harbiy qismiga zarba berilganini ta’kidlagandi.

Shuningdek, o‘tgan haftada Rossiya Kiyevdagi harbiy va qaror qabul qilish markazlarini nishonga olishini aytgan hamda xorijliklarni shaharni tark etishga chaqirgan.

Malayziyada ijtimoiy tarmoqlarga cheklov

Malayziyada 1 iyundan boshlab 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt yaratish taqiqlandi.

Cheklovlar Facebook, Instagram, TikTok va YouTube kabi yirik platformalarga tatbiq etiladi. Kompaniyalar yangi foydalanuvchilarning yoshini davlat ma’lumotlar bazasi orqali tekshirishlari kerak. Talablarni buzganlik uchun ularga 2,5 million dollargacha jarima solinishi mumkin.

Rasmiylar bolalarga texnologiyalardan foydalanish taqiqlanmasligini ta’kidladi. Cheklovlar voyaga yetmaganlarni zararli kontentdan himoya qilish uchun zarur. Shuningdek, norma platformalar, ota-onalar va vasiylarning bolalarning onlayn xavfsizligi uchun mas’uliyatini kuchaytirishi kerak.

Allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarning yoshi ijtimoiy tarmoqlar ma’muriyati tomonidan 6 oy ichida tekshirilishi kerak.

Malayziya internetda xavfli postlar soni ko‘payganidan so‘ng platformalarni qattiqroq tartibga sola boshladi. Irqiy yoki diniy adovatni qo‘zg‘atadigan yoki monarxiyani tanqid qiladigan kontent taqiqlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarning zararidan bolalarni asrash tendensiyasi — 2025 yil oxirida Avstraliya hukumati qaroridan so‘ng keng yoyila boshladi.

Yevropada migratsion siyosat

Yevroparlament va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari vakillari o‘z hududida boshpana berish rad etilgan, biroq o‘z vataniga qaytarib bo‘lmaydigan migrantlarni deportatsiya qilishni soddalashtiruvchi kelishuvga erishdi. Endilikda Yevroittifoq ular uchun uchinchi davlatlarda vaqtincha turish markazlarini tashkil etishi mumkin bo‘ladi.

Bunday deportatsiya markazlarini tashkil etishni Germaniya, Avstriya va Daniya hukumatlari yoqlamoqda.

Yangi reglament yashash uchun ruxsatnomasi yo‘qligiga qaramay, Yevropa hududini tark etishdan bosh tortayotgan shaxslarga nisbatan qat’iyroq sanksiyalarni nazarda tutadi. Xususan, bunday migrantlarni hibsga olish, Yevroittifoqqa qayta kirishni taqiqlash chorasi tizimli ravishda qo‘llanadi.

Bundan tashqari, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishning ehtimoliy choralari qatorida nafaqalar va ijtimoiy yordam pullari to‘lashni qisqartirish yoki butunlay to‘xtatish ham bor.

Yangi qoidalar nodavlat tashkilotlar vakillari tomonidan keskin tanqidga uchradi. Chunki bunday choralar odamlarni o‘zlari umuman hech qanday aloqador bo‘lmagan mamlakatlarga badarg‘a qilish imkonini beradi.

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ruanda va Uganda Yevroittifoqning deportatsiya bo‘yicha kelgusi hamkorlariga aylanishi mumkin.

Janubiy Koreyada portlash

Dushanba kuni Janubiy Koreyadagi «Hanwha Aerospace» kompaniyasi boshqaradigan zavodning raketa yoqilg‘isi ishlab chiqarish liniyasida portlash yuz berdi. Portlashdan keyingi yong‘in oqibatida besh kishi halok bo‘ldi va yana ikki kishi jarohatlandi.

Omon qolgan ikki kishi, jumladan, og‘ir kuyish jarohati olgan bir kishi obektdan mustaqil ravishda qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan, dedi o‘t o‘chirish xizmati rasmiysi.

Portlash yong‘inni keltirib chiqargan, biroq portlashning aniq sabablari hali ham o‘rganilmoqda.

«Hanwha» Koreyaning yirik mudofaa va aerokosmik kompaniyasi hisoblanadi. Zavodning loyihaviy chizmasi milliy xavfsizlik qonunlari bilan himoyalangani sababli, rasmiylar uni qo‘lga kirita olishmagan.

Halok bo‘lgan besh kishining ikki nafari 20 yoshlardagi vaqtinchalik ishchilar bo‘lgan. «Biz qurbonlar va ularning oila a’zolaridan bosh egib uzr so‘raymiz», dedi kompaniya bosh ijrochi direktori Son Chjye Il.

Isroil mudofaa kompaniyalariga cheklovlar

Fransiya Isroil hukumati mulozimlariga Parijdagi yirik qurol ko‘rgazmasida qatnashishni taqiqladi va Isroilning ayrim kompaniyalariga cheklovlar joriy qildi. «Eurosatory» — dunyodagi eng yirik qurol ko‘rgazmalaridan biri hisoblanadi.

Isroil Mudofaa vazirligi bu qarorni qoralab, «ko‘rgazmada qatnashish yoki milliy pavilon tashkil etish imkoniyatidan mahrum bo‘lishini» bildirdi.

Tadbir tashkilotchisi Sharl Boduenning aytishicha, ko‘rgazmada faqat «ballistik raketalarga qarshi va havo hujumidan mudofaa tizimlarini taqdim etuvchi Isroil kompaniyalari ishtirokiga» ruxsat berilgan.

«Bu Fransiya hukumati, Mudofaa kengashining qaroridir», deya qo‘shimcha qildi Boduen. «Hech qanday noaniqlikka o‘rin yo‘q: agar ishtirokchi ayni paytda raketa ishlab chiqaruvchisi ham bo‘lsa, ularga raketalarni namoyish qilishga ruxsat berilmaydi. Bu esa ko‘rgazmada hech qanday hujumkor qurollar bo‘lmasligini ta’minlaydi», dedi u.

Isroil–Fransiya munosabatlari 2023 yil oxiridan beri yomonlashib bormoqda. Parij Isroilning G‘azo va Livandagi urushlardagi xatti-harakatlarini hamda Eronga qarshi boshlangan urushni tanqid qilib kelmoqda. Isroilning radikal hukumati – Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning o‘tgan yili Falastin davlatini tan olish qaroriga ham norozilik bildirgandi.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid