Iqtisodiyot | 07:33 / 24.12.2025
38856
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat qarzlari xaritasi: qaysi mamlakatlarda qarz eng katta?

2025 yilda dunyo bo‘yicha qarz/YaIM (GDP) nisbati 94,7 foizgacha oshdi. Infografikada davlat qarzi YaIMga nisbatan foizlarda hisoblangan holda yuqori bo‘lgan mamlakatlar yaqqol ko‘rsatilgan.

Foto: Depositphotos

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) hisobotiga ko‘ra, mamlakatlarning jami qarzi 111 trln dollarga yetgan. Davlat qarzining YaIMga nisbati eng yuqori bo‘lgan mamlakat — Yaponiya: 230 foiz.

Ikkinchi o‘rinda Sudan — davlat qarzi YaIMga nisbatan 222 foiz. Uchlikka Singapur ham kirgan — 176 foiz.

23 ta mamlakatda davlat qarzi YaIMning 100 foizidan yuqori. Ular orasida Gretsiya, Italiya, AQSh va Fransiya bor. Xitoy qarzi ham shu chegaraga yaqinlashib, 96 foizga yetgan.

Visual Capitalist

Shu bilan birga, Xitoyning maxsus ma’muriy hududi — Makaoning davlat qarzi nol. Eng past qarzga ega mamlakat esa Lixtenshteyn — YaIMning 1 foizi.

Rossiya davlat qarzi yuqori bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kirmagan. XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, uning davlat qarzi — YaIMning 23 foizi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 1 iyul holatiga O‘zbekistonning davlat (public) qarzi 43,376 mlrd dollarni tashkil etgan: shundan 36,41 mlrd dollari tashqi, 6,96 mlrd dollari ichki qarz. Qarzning YaIMga nisbati 34,2 foiz bo‘lib, o‘tgan yilning shu sanadagi 32,4 foizdan oshgan. 

Xalqaro solishtirma reytinglarda esa (World Population Review’ning 2025 yilgi jadvali, 2024 yil ma’lumotlari asosida) O‘zbekistonning qarz/YaIM ko‘rsatkichi ~35 foiz deb baholanadi va u 209 ta davlat ichida 152-o‘rinda qayd etilgan (ya’ni, nisbatan past qarzli mamlakatlar qatorida).

Mavzuga oid