Jahon | 07:19
7401
4 daqiqa o‘qiladi

Eng yirik chuchuk suv zaxiralariga ega mamlakatlar reytingi

Braziliya dunyodagi eng yirik chuchuk suv resurslari zaxirasiga ega mamlakat hisoblanadi, undan keyin Rossiya turadi. Bu esa suvning global taqsimotidagi keskin nomutanosiblikni yaqqol ko‘rsatadi, ayni paytda suv tanqisligi siyosatchilar va hukumatlar uchun tobora jiddiy muammoga aylanib bormoqda.

Foto: Pixers

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Braziliyada taxminan 5 661 milliard kubmetr chuchuk suv mavjud bo‘lib, bu uni suv resurslari bilan eng yaxshi ta’minlangan davlatga aylantiradi. Rossiya 4 312 milliard kubmetr ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egallaydi, Kanada, AQSh va Xitoy ham chuchuk suv resurslari hajmi bo‘yicha yetakchi davlatlar qatoriga kiradi.

Suvning katta zaxiralari cheklangan miqdordagi davlatlarda jamlangani tobora kuchayib borayotgan global muammoni ko‘rsatadi: ayrim hududlarda suv mo‘l-ko‘l bo‘lsa, boshqa hududlarda — ko‘pincha talab eng yuqori bo‘lgan joylarda uning keskin tanqisligi kuzatiladi.

Foto: World Visualized

Braziliya va Rossiyadan keyingi o‘rinlarda Kanada (taxminan 2 850 milliard kubmetr), AQSh (qariyb 2 818 milliard kubmetr) va Xitoy (taxminan 2 813 milliard kubometr) turadi.

Ro‘yxatning keyingi pog‘onalarida Kolumbiya (2 145 milliard kubmetr), Indoneziya (2 019 milliard kubmetr) va Peru (1 641 milliard kubmetr) joylashgan bo‘lib, bu tropik iqlim va yirik daryo tizimlarining suv resurslarini ta’minlashdagi muhim o‘rnini aks ettiradi.

Hindiston, chuchuk suvning jami zaxiralari katta bo‘lishiga qaramay — taxminan 1 446 milliard kubmetr — aholining nihoyatda ko‘pligi va talabning ortib borishi tufayli kuchli suv bosimiga duch kelmoqda. Myanma ham 1 003 milliard kubometr ko‘rsatkich bilan eng yirik mutlaq chuchuk suv zaxirasiga ega davlatlar qatoriga kiradi.

Biroq hatto yirik resurslarga ega davlatlar ham suvning hududlar bo‘yicha notekis taqsimlangani yoki uni saqlash va tozalash infratuzilmasining yetarli emasligi sabab mahalliy suv tanqisligiga duch kelishi mumkin. Masalan, Braziliyada chuchuk suvning asosiy qismi Amazonka havzasida jamlangan bo‘lib, u San-Paulu kabi eng yirik shaharlardan uzoqda joylashgan.

Xuddi shuningdek, Rossiya ulkan suv zaxiralariga ega bo‘lsa-da, ularning katta qismi aholi kam yashaydigan Sibir hududida joylashgan, bu esa suvning sanoat va shaharlar uchun yetarli darajada mavjud bo‘lishini cheklaydi.

Jahon banki ogohlantirishicha, agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qolsa, 2030 yilga borib jahonda suvga bo‘lgan talab taklifdan 40 foizga oshib ketishi mumkin. Buning asosiy omillari — aholi sonining o‘sishi, urbanizatsiya va qishloq xo‘jaligining kengayishidir.

Iqlim o‘zgarishi ham vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda: u yog‘in-sochin rejimiga ta’sir qilyapti va allaqachon suv tanqisligini boshdan kechirayotgan hududlarda — masalan, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaning ayrim qismlarida qurg‘oqchiliklarning tez-tez takrorlanishiga olib kelmoqda.

Xitoy va Hindiston mutlaq chuchuk suv zaxiralari bo‘yicha eng yirik davlatlar qatoriga kirsa-da, aholi jon boshiga hisoblaganda suv bosimi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlar sirasiga ham kiradi. Bu ko‘p sonli aholi va jadal sanoatlashuv bosimini aks ettiradi.

Tobora ko‘proq hukumatlar suv resurslarini boshqarishni strategik vazifa sifatida ko‘rmoqda. To‘g‘onlar, suv omborlari va dengiz suvini chuchuklashtirish qurilmalari kabi infratuzilmalarga investitsiyalar ortmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar ham kuchaymoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi chuchuk suv iste’molining taxminan 70 foizi aynan shu soha hissasiga to‘g‘ri keladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid