O‘zbekiston | 09:59 / 26.11.2025
1621
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy kompaniyasi Navoiyda atmosferaga zaharli chiqindilar tashlashni kamaytirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshiradi

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Xitoyning “Sinoma Energy Conservation International Investment Co.,Ltd” kompaniyasi delegatsiyasi bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar hudud uchun muhim bo‘lgan yirik ishlab chiqarish korxonalarida atmosferaga zaharli chiqindilar tashlashni kamaytirish, cho‘llanishning oldini olish kabi loyihalarni muhokama qilgan.  

Foto: Navoiy viloyati hokimligi

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Xitoyning “Sinoma Energy Conservation International Investment Co.,Ltd” kompaniyasi raisi va bosh direktori Zuo Dayun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Kun.uz’ga hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “Sinoma Energy Conservation International Investment Co.,Ltd” kompaniyasi yirik ishlab chiqarish korxonalarida atmosferaga zaharli chiqindilar tashlashni kamaytirish, cho‘llanishning oldini olish va cho‘l yerlarida yashillikni ko‘paytirish bo‘yicha zamonaviy loyihalarni amalga oshiradi. Muzokarada tomonlar ushbu yo‘nalishda fikrlashgan. Unga ko‘ra, kompaniya yaqin kunlarda Navoiy viloyatiga zamonaviy uskunalar va yetakchi mutaxassislarini yuborishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Uchrashuvda viloyatda chiqindini qayta ishlash orqali qayta tiklanadigan elektr energiya ishlab chiqarish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tog‘-kon sanoati, nometall mahsulotlarni qayta ishlash orqali sanoatda ishlatiladigan ehtiyot qismlar ishlab chiqarish kabi loyihalar borasida ham fikrlar almashilgan. Yakunda chiqindini qayta ishlash orqali qayta tiklanadigan elektr energiya ishlab chiqarish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda energiya tejovchi muhandislik loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgan.

Qayd etilishicha, “Sinoma Energy Conservation International Investment Co.,Ltd” kompaniyasi tomonidan hozirda Navoiy viloyatida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi, quvvati 75 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimi hamda havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid