O‘zbekiston | 19:44 / 28.02.2019
11955
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident maktablariga qabul Kembrij Universiteti Imtihon Kengashi tomonidan o‘tkaziladi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati

Xalq ta'limi vazirligi (XTV) hamda Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat Prezident maktablari o‘quv jarayonlarini  rivojlantirish va shakllantirishda XTV hamda Cambridge Assessment International Education o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Vazirlik matbuot xizmatida xabar berilishicha, mazkur memorandum doirasida Prezident maktablariga iqtidorli o‘quvchilarni qabul jarayonini adolatli, ishonchli va shaffof o‘tkazishni joriy etish belgilandi.

Cambridge Assessment Prezident maktablarida o‘quvchilarning intellektual salohiyatini ochishga yordam beruvchi o‘quv dasturlarini joriy etishda ko‘mak beradi.

Hamkorlik yo‘nalishlaridan yana biri Prezident maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilari malakalarini xalqaro me'yorlarga muvofiq oshirish hisoblanadi.

2019 yil holatiga ko‘ra, Kembrij Universiteti Buyuk Britaniyaning eng yaxshi universiteti hisoblanadi. Universitet  butun dunyo universitetlari reytingida ikkinchi o‘rinni egallaydi. Times Higher Education reytingiga ko‘ra, Kembrij universiteti barcha fanlarning o‘qitilishi bo‘yicha top-10 ro‘yxatga kiruvchi dunyodagi yagona oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi. 800 yillik tarixi mobaynida Kembrij universitetining bitiruvchilari orasidan mashhur taniqli matematiklar, olimlar, siyosatchilar, yuristlar, faylasuflar, yozuvchilar, hatto xorijiy davlat rahbarlari ham yetishib chiqqan. 2018 yil oktabr oyiga ko‘ra, 118 nafar Nobel mukofoti laureati, 11 nafar xalqaro akademik medalistlari, 6 nafar Turing mukofoti laureati va Buyuk Britaniyaning 15 nafar Bosh vazirlari Kembrij universitetining bitiruvchilari, talabalari hamda tadqiqotchilari safidan o‘rin olgan.

1858 yilda Universitetda Imtihon Kengashi (University of Cambridge Local Examinations Syndicate) tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur Imtihon Kengashi Cambridge Assessment mashhur brendi nomi bilan tanilgan. Ayni paytda Kengash baholash va test natijalari bo‘yicha dunyodagi yirik agentlik hisoblanadi. Shuningdek, dunyo miqyosida  baholash va test jarayonlarini rivojlantirishda yetakchilik qiladi.

Imtihon Kengashi (UCLES) Kembrij universitetining notijorat kafedrasi hisoblanib, dunyoning 170 dan ortiq mamlakatlaridagi 10 000 ta maktabda 8 milliondan ziyod o‘quvchilarga bilimini baholashda ko‘mak beradi. Kembrij Universitetida har yili 30 000 dan ortiq ekspertlar tomonidan baholash jarayoni o‘tkaziladi.

Mazkur kompaniyaning tajribasi butun jahon hamda eng zo‘r universitetlar tomonidan, ya'ni Buyuk Britaniyadagi Oksford universiteti, Stenford, Garvard, Yale, Kolumbiya, Prinston, Pensilvaniya, Dartmut va Braun universitetlarida, shuningdek, Yevropa Ittifoqining universitetlari, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqa ko‘plab mamlakatlarida tan olingan.

Ta'kidlash joizki, 2019 yilning 20 fevralida Prezident Shavkat Mirziyoev «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Birinchi uchta maktab joriy yilda Nukus, Toshkent va Xivada ochilishi belgilangan.

Manbada qayd etilishicha, Prezident maktablariga kirish imtihonlari yozma, og‘zaki hamda mantiqiy fikrlash natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Mavzuga oid