Jahon | 20:47 / 26.11.2025
9588
5 daqiqa o‘qiladi

Putin: «Qirg‘izistondagi harbiy bazalarimiz – mintaqadagi barqarorlikning muhim omili»

Qirg‘izistonga tashrif bilan kelgan Rossiya yetakchisi ikki davlat ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirishga doir hujjatni imzoladi. Shuningdek, Putin xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor berilayotganini aytdi. Japarov esa Rossiya – har doim «yaxshi do‘st» bo‘lib qolishini bildirdi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘izistonda joylashgan Rossiya harbiy bazalari mintaqadagi barqarorlikni ta’minlashning muhim omili hisoblanadi. Bu haqda Bishkekka kelgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov ishtirokidagi muzokaralar chog‘ida aytdi.

«Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Respublikaga joylashtirilgan birlashgan Rossiya harbiy bazasi – mintaqada barqarorlikni ta’minlashning muhim omilidir», — dedi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya-Qirg‘iziston munosabatlari strategik hamkorlik va ittifoqchilik ruhida, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini inobatga olish asosida muvaffaqiyatli rivojlanmoqda». Shuningdek, Rossiya Qirg‘izistonning yetakchi savdo-iqtisodiy hamkoridir.

«O‘tgan yili tovar ayirboshlash 13,6 foizga oshib, rekord darajadagi 4,1 milliard dollarga yetdi, yanvar–sentabr oylarida yana 17 foizga ko‘paydi. Endilikda barcha to‘lovlarning qariyb 97 foizi milliy valutalarda amalga oshirilmoqda. O‘zaro hisob-kitoblarni tashkil qilishning yangi variantlarini ko‘rib chiqmoqdamiz», — dedi Rossiya yetakchisi.

Putin Qirg‘izistonga kiritilayotgan investitsiyalarning o‘sishi haqida aytdi.

«Siz rus investitsiyalari haqida aytdingiz. Ha, haqiqatan ham, ular ham o‘smoqda, deyarli ikki milliard dollarga yetdi. Respublikada Rossiya ishtirokidagi 1,8 mingta korxona faoliyat yuritmoqda», — dedi u.

Japarov nimalar dedi?

Sadir Japarovning aytishicha, Putinning Qirg‘izistonga davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalarning mustahkamligini yaqqol tasdiqlaydi.

«Rossiya – Qirg‘iziston uchun har doim strategik ittifoqchi, ishonchli hamkor va yaxshi do‘st bo‘lgan va bo‘lib qolmoqda. Albatta, biz birodar Rossiya bilan mustahkam va ko‘p qirrali munosabatlarni doimo yuqori baholaymiz», — deya Japarovning so‘zlarini keltirmoqda uning matbuot xizmati.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Bundan tashqari, prezident Sadir Japarov ikki tomonlama kun tartibi doimiy ravishda kengayib borayotgani, u yangi loyihalar va tashabbuslar bilan boyitilayotganini ta’kidladi.

«Biz infratuzilmaviy, energetika, sanoat va gumanitar tashabbuslarni rivojlantirishda Rossiya ko‘magini yuqori qadrlaymiz», — dedi u. Shuningdek, Japarov ta’lim, madaniyat va migratsiya siyosati sohasidagi hamkorlikka alohida ahamiyat berilayotganini aytdi.

Kelishuvlar

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tashrif doirasida «ta’lim, sog‘liqni saqlash, migratsiya, iqtisodiy va harbiy-texnik hamkorlik» sohasida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Dastlab, Sadir Japarov va Vladimir Putin Qirg‘iziston-Rossiya ittifoqchilik va strategik hamkorlik munosabatlarini chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma bayonotni imzoladi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Shuningdek, bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi:

  • Ikki davlat iqtisodiyot vazirliklari o‘rtasida strategik rejalashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;
  • Ichki ishlar va migratsiya masalalari bo‘yicha vakolatli organlar vakolatxonalari huquqiy maqomi to‘g‘risidagi bitim;
  • Boris Yelsin nomidagi Qirg‘iz–Rossiya Slavyan universitetining kampusini qurish shartlari to‘g‘risidagi bitim;
  • Aholining sanitariya–epidemiologik farovonligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • Ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida kardiologiya sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • 2017 yildagi harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi Shartnomaga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi protokol;
  • Ikki davlat pochta tashkilotlari o‘rtasidagi niyatlar to‘g‘risidagi bitim.

Rossiya prezidentining Qirg‘izistonga tashrifi 27 noyabrgacha davom etadi.

Ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng Bishkekda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ushbu yig‘ilishda qatnashish uchun Bishkekka Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston yetakchilari ham yetib kelgan. Vladimir Putin 2026 yilda Rossiyaning tashkilotdagi raisligining ustuvor yo‘nalishlari haqida axborot berishi kutilmoqda. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid