Jahon | 07:30 / 08.04.2024
15795
2 daqiqa o‘qiladi

Samara viloyatida O‘zbekiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus YTHga uchradi 

Samara yaqinida O‘zbekiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus bilan sodir bo‘lgan YTH oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi, 10 kishi jarohatlandi.

Foto: RIA Novosti

Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan avtobus Samara viloyatining Kinel tumanida ag‘darilib ketdi. Ikki yo‘lovchi halok bo‘ldi, yana 10 nafari kasalxonaga yotqizildi, deb xabar berdi viloyat YHXB matbuot xizmati. Halok bo‘lgan va yaralanganlarning fuqaroligi aniqlashtirilmagan, biroq avtobus O‘zbekiston fuqarolarini Nijniy Novgorodga olib ketayotgani ma’lum.

Taxminan soat 1:00 (Toshkent vaqti bilan 02:00) da Ural-Muxanovo yo‘lining 26-kilometrida Scania avtobusi bilan YTH sodir bo‘ldi. Yo‘l harakati xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi «yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlamaydigan tezlikni tanlagan va transport vositasining yo‘lni tark etishiga, keyin esa ag‘darilib ketishiga imkon bergan». 

Hodisa joyida tergov-tezkor guruhi, viloyat Davlat yo‘l inspeksiyasi rahbariyati va Rossiya Federatsiyasi IIV hududiy boshqarmasi ishlamoqda. Politsiya voqea sabablarini aniqlashda davom etmoqda. 

Kinel tumani Samara viloyatining markazida joylashgan. Ma’muriy markazi — Kinel shahri. 

Mavzuga oid