Toshkent viloyatining Chinoz tumanida YTH sodir qilgan yo‘l-patrul xizmati xodimi ozodlikdan mahrum qilindi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
Tongdagi avariya
Sud hukmiga ko‘ra, YTH 2025 yil 12 avgust kuni tongda sodir bo‘lgan. Toshkent shahrida yashovchi Fayzulla Ubaydullayev o‘sha kuni turmush o‘rtog‘i va 3 nafar farzandi bilan sayohat qilish uchun Gentra mashinasida Samarqand shahriga yo‘l olgandi.
Chinoz tumani Madaniyat mahallasiga yetganda Gentra’ga yo‘lning qarama-qarshi tomonidan uchib chiqqan Cobalt mashinasi kelib uriladi.
Ushbu mashina rulida Toshkent shahar YHXB inspektori Davron Yo‘ldoshev bo‘lgan. U mashinani yuqori tezlikda boshqarib, rul boshqaruvini yo‘qotgan hamda yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgandi.
YTH oqibatida Gentra haydovchisi Fayzulla Ubaydullayev Yangiyo‘l shahar tibbiyot birlashmasiga olib boriladi, ammo u jonlantirish bo‘limida vafot etadi. Shuningdek, YTHda marhumning ikki qizi va turmush o‘rtog‘i ham tan jarohati olgan.
“Nomer”ni yechib harakatlangan”
Marhumning yaqinlariga ko‘ra, Davron Yo‘ldoshev Cobalt’ni davlat raqam belgisini yechib olgan holda katta tezlikda boshqargan. U o‘z yo‘nalishidagi mashinani noto‘g‘ri quvib o‘tishi oqibatida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.
“Davron Yo‘ldoshev YTHdan so‘ng 10-15 daqiqada yetib kelgan davlat raqami yechib olingan Damas mashinasiga o‘tirib, yordam ko‘rsatmasdan voqea joyidan qochib ketgan. O‘zi YPX xodimi bo‘la turib, bir vaqtning o‘zida shuncha qoidabuzarlik sodir qilishi mumkinmi?”, degandi marhumning ukasi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.
“Ertalabki yo‘riqnomaga shoshayotgandim”
35 yoshli Davron Yo‘ldoshev suddagi ko‘rsatmasida aybiga iqror bo‘lib, o‘sha kuni ertalabki yo‘riqnomaga yetib borish uchun shoshganini aytgan.
“O‘sha kuni soat 5:20 larda Cobalt mashinamda mahallamdan chiqib, M-39 yo‘lida harakatlana boshladim. Boshqaruvni yo‘qotib, mashina rulini to‘g‘rilamoqchi bo‘ldim. Ammo hushimni yo‘qotdim. O‘zimga kelganimda Toshkent shahrida shifoxonada ekanimni bildim. Meni shifoxonaga notanish kishilar olib borishgan.
















