Jahon | 19:49 / 05.03.2026
6631
3 daqiqa o‘qiladi

Aliyev Naxichivon aeroportiga dron zarbasini terakt deb atadi

Ozarboyjon prezidenti Eron hukumatidan izoh berish va uzr so‘rashni talab qildi.

Foto: Minval Politika

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Naxichivon shahridagi aeroport va Shakarobod qishlog‘idagi maktabga Eron dronlari hujum qilishi munosabati bilan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirdi.

Aliyev ro‘y bergan hodisani «jirkanch terakt» deb atagan.

«Ozarboyjon tomoniga Eron rasmiylari tomonidan tushuntirish berilishi, kechirim so‘ralishi, ushbu terrorchilik harakatini sodir etganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak», – degan u.

Ozarboyjon prezidenti o‘z mamlakati Eronga qarshi amaliyotda ishtirok etmayotgani va bundan keyin ham ishtirok etmasligini qayd etgan. «Biz qo‘shni davlatlarga qarshi qandaydir operatsiya o‘tkazishdan manfaatdor emasmiz va siyosatimiz ham bunga yo‘l qo‘ymaydi», – Aliyev.

Aliyev dronlar bilan bog‘liq hodisani «noshukrlikning yorqin namunasi» deb baholadi va oyatulloh Ali Xominaiy o‘ldirilganidan keyin undan boshqa hech bir davlat rahbari Eron elchixonasiga ta’ziya bildirish uchun shaxsan tashrif buyurmaganini, shuningdek, Ozarboyjon eronlik diplomatlarni Livandan evakuatsiya qilishda yordam ko‘rsatganini eslatdi.

«Bizga qarshi terrorchilik harakatini amalga oshirgan vijdonsiz odamlar buning uchun afsuslanadi. Ular bizning sabrimizni sinab ko‘rmasligi kerak edi», – degan u.

Aliyev Eron elchisi TIVga chaqirtirilib, norozilik notasi topshirilganini ma’lum qildi va boshqa diplomatik qadamlar ham bo‘lishiga va’da berdi.

U qurolli kuchlar, Davlat chegara xizmati va boshqa barcha maxsus kuchlar «birinchi darajali safarbarlik holatiga keltirilgani hamda har qanday operatsiyani o‘tkazishga tayyor bo‘lish kerakligi»ni ta’kidlagan.

  • Eron bilan chegaradan taxminan 30 kilometr masofadagi Naxichivon aeroportida 5 mart kuni dron zarbasi oqibatida portlash sodir bo‘ldi. Ozarboyjon bosh prokuraturasiga ko‘ra, to‘rt kishi – aeroportning uch nafar xodimi va reysini kutib turgan yo‘lovchi jarohatlangan, shuningdek, aeroport infratuzilmasi shikastlangan, Naxichivonga kelayotgan reyslardan biri marshrutni o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelgan.
  • Ozarboyjon huquq-tartibot organlari sodir bo‘lgan voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining «terrorizm» va «aviatsiya xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlar» moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
  • Eron tomoni esa Naxichivon aeroporti zarba nishoni bo‘lmaganini ma’lum qilib, hodisada Isroilni ayblagan, ammo bunga dalil keltirmagan.
  • Rasmiy Boku mamlakat janubida – Eron bilan chegarada havo hududini 12 soatga yopib qo‘ydi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid