Ma’lumot uchun, 1,5 trln so‘m ajratilgan va tasdiqlangan 33 mingdan ziyod tashabbus uchun 12 mlndan ortiq ovoz to‘plab bo‘lindi. Bu – mutlaqo rekord. Avvalgi mavsumda jami 7,8 mln ovoz to‘plangan edi.

Ovoz tilanayotgan o‘qituvchilar

Biroq «Openbudjet»ga bu yilgi ovoz to‘plash jarayoni ko‘chilikning g‘ashini keltirmoqda. Ko‘chalarda o‘qituvchilar va hamshiralar ovoz tilanib yuribdi. Boshqa odamlar «Pepsi», «Kola» tarqatish va «Paynet» orqali pul o‘tkazib berish evaziga ovoz sotib olyapti. Bu nohaqlik, adolatsizlikdek ko‘rinmoqda, chunki kichikroq mahallalar va maktablar o‘z tashabbusiga ovoz to‘plolmasdan qolib ketmoqda.

Rosti, o‘zi yaqindagina majburiy mehnatdan qutilgan o‘qituvchilar armiyasi maktablarning moddiy texnika ta’minoti va ta’mirlashi uchun ovoz to‘plashga safarbar qilinayotgani kishini o‘ylantiradi.

O‘qituvchilar uyma-uy yurib, ko‘chalarda odamlardan iltimos qilib ovoz to‘plashmoqda. Direktorlar tomonidan har bir o‘qituvchi zimmasiga 100-200 tadan ovoz to‘plash majburiyati yuklangan, yuklamani bajarmaganlarga chora ko‘rilishi bilan ham tahdid qilinmoqda ekan. Maktablarning Telegram guruhlaridan kelayotgan skrinshotlar bundan dalolat berib turibdi.

Shifoxona, poliklinikalar bilan ham xuddi shu ahvol. Hamshiralar ko‘chama-ko‘cha sarson, vrachlar esa huzuriga kelgan bemorning ovozini olmasa ko‘rikni boshlamayapti. Bolalar bog‘chalari bilan ham ayni mana shunday holat.

Ovoz to‘plab berish uchun xizmat ko‘rsatuvchi o‘rtakashlar paydo bo‘lgan. Odamlarga ovozi evaziga «Koka-Kola» va «Pepsi» berib, shuningdek, telefon raqamiga 10-15 ming so‘m pul o‘tkazib ovozlarni sotib olishmoqda.

Men o‘zim otam yashaydigan mahallaning ko‘chasini qo‘ydim. Qarindosh-urug‘, tanish-bilish, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon berib, atigi 55 ta ovoz jamg‘ara oldim. Holbuki, tumanda ko‘chalar borasida eng ilg‘or mahalla 5 mingdan ziyod ovoz to‘plab qo‘yibdi.

Xo‘sh, tashabbuslarga ovozlar qanday to‘planmoqda?

Vaziyatdan tanish suhbatdoshim shunday hikoya qiladi:

«Loyihalar paytida bu ishlarga aralashib qolgan edim, sababi – bir quruvchi qarindoshim «bog‘cha ta’miri bo‘yicha loyihani yutishim kerak, bo‘lmasa bu loyihani menga bermaydi», deb yordam so‘rab kelib qoldi.