“Tashabbusli budjet”ning saralash bosqichida mahalliy komissiyalar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar tufayli 7 ta tuman va 3 ta shahar bugun, 11 martdan boshlangan ovoz berish bosqichida vaqtincha ishtirok eta olmaydi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, “Tashabbusli budjet”ning 2026 yilgi 1-mavsumi doirasida fuqarolar tomonidan jami 21 049 ta loyiha kelib tushgan bo‘lib, shundan 17 390 tasi saralash bosqichidan ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan.
Ammo Xorazm viloyati Urganch shahri, Bog‘ot, Qo‘shko‘pir, Urganch, Xiva, Yangiariq tumanlari; Toshkent viloyati Zangiota tumani; shuningdek, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahri hamda Navoiy viloyatining G‘ozg‘on va Navoiy shaharlarida loyihalar ishchi komissiya tomonidan asossiz ravishda rad etilgan yoki “Tashabbusli budjet” mezonlariga zid loyihalar ovoz berishga o‘tkazilgan.
“Mazkur holatlar yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan loyihalarni amaldagi qonunchilikda belgilangan mezonlarga asosan qayta ko‘rib chiqish yuzasidan so‘rovlar yuborilgan bo‘lsa-da, tegishli tuman (shahar) ishchi komissiyalari tomonidan loyihalar qayta ko‘rib chiqilishi ta’minlanmadi.
Shu munosabat bilan, ishchi komissiyalar tomonidan loyihalar amaldagi mezonlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqilmagunga qadar ushbu tuman (shahar)larda loyihalarga ovoz berish bosqichi vaqtinchalik cheklanadi”, – deyiladi vazirlik axborotida.
Ovoz berish bosqichi 20 mart soat 23:59 gacha davom etadi.
Sheriklik asosida g‘olib bo‘lgan loyihalar

Joriy mavsumdan boshlab “Tashabbusli budjet”da sheriklik mexanizmi yo‘lga qo‘yildi: loyiha uchun hisoblangan zarur mablag‘ning yarmini tashabbuskorlar o‘zlari to‘plagan taqdirda, bu loyihalar ovoz berish bosqichi boshlanmay turib avtomatik tarzda g‘olib deb topiladi.







