Jahon | 13:34 / 02.02.2026
10653
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya dronlari avtobusga hujum qildi. Kamida 15 kishi halok bo‘lgan

Konchilarni tashiyotgan avtobusga ustma-ust zarba berilgan.

Foto: State Emergency Service of Ukraine

Dnipropetrovsk oblasti Pavlodar rayonidagi korxonalardan birining xizmat avtobusi Rossiya dronlari hujumiga uchradi, deb xabar berdi hudud rahbari Oleksandr Ganja. Ushbu avtobus egasi bo‘lgan DTEK energetika kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, kamida 15 kishi halok bo‘lib, yana 17 kishi jarohatlangan. Shu kuni Rossiyaning boshqa bir droni Zaporijjyadagi tug‘uruqxonaga zarba bergan.

«Rossiya Dnipropetrovsk oblastidagi DTEK konlariga keng ko‘lamli terrorchilik hujumini amalga oshirdi. Ishdan keyin konchilarni korxonadan olib ketayotgan avtobus shunday hujumlardan birining markazida qolgan. Hozirda 15 nafar konchi halok bo‘lgani ma’lum», – deyilgan DTEK kompaniyasi bayonotida.

Undan oldinroq oblast prokuraturasi 17 kishi yaralangani, shundan to‘qqiz nafari og‘ir ahvolda ekanini xabar qilgandi. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, zarba mahalliy vaqt bilan soat 15:45 atrofida berilgan.

Ukraina konchilari kasaba-uyushmalari rahbari, Oliy rada deputati Mixaylo Volinetsning so‘zlariga ko‘ra, hujumda Rossiyaning Shaheed rusumli to‘rtta droni qatnashgan.

Ukraina milliy politsiyasi fojia Dnipropetrovsk oblasti Pavlograd rayoni hududida joylashgan Ternovka shahrida ro‘y berganini ma’lum qilgan. Bu yerda 60 yildan buyon «DTEK Pavlogradugol» ishlab chiqarish-tuzilmaviy bo‘linmasiga kiruvchi ko‘mir koni ishlab keladi.

Avtobusda aynan shu korxonaning smenadan qaytayotgan ishchilari bo‘lgan. Dronlardan biri avtobus yonida portlagan.

Takroriy zarba

Dronlarga qarshi kurash sohasidagi yetakchi ekspert va Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi Sergey Beskrestnov (chaqiruv belgisi «Flesh») avtobusga zarba bergan dronlar real vaqt rejimida boshqarilganini aytadi.

Yonib ketgan avtobus surati Pavlograd rayoni Ternovka shahri meri Vadim Dobrovolskiy tomonidan e’lon qilingan.

«Mesh radio-modemlari [retranslatsiya hisobiga radioaloqa masofasini oshirish imkonini beruvchi tizim – tahr.] orqali onlayn boshqarilgan „shahidlar“ guruhi yo‘l chetida uchishgan, – deya yozadi u. – Birinchi „shahid“ piloti pastda avtobusni ko‘rgan va unga hujum qilishga qaror qilgan. „Shahid“ avtobus yoniga tushgan, haydovchi zarba to‘lqini tufayli boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi to‘siqqa borib urilgan, jarohatlangan odamlar avtobusni tark etib, bir-biriga yordam bera boshlagan».

Uning so‘zlariga ko‘ra, eng qo‘rqinchlisi, buni kuzatib turgan ikkinchi «shahid» operatori dronni odamlar ustiga yo‘naltirgan.

«Rossiya hududida o‘tirgan operatorlar nishondagilar harbiylar emas, oddiy fuqarolar ekanini 100 foiz ko‘rib, bilib turishgandi  va ongli ravishda hujum qilishga qaror qilishdi. Bu terrorizmning navbatdagi fakti», – deydi Flesh.

Rossiya hukumati bu borada izoh bermadi.

«DTEK Pavlogradugol» qurbonlarning oila a’zolariga, shuningdek, barcha jabrlanuvchilarga zarur yordamlar ko‘rsatilishini va’da qilgan.

State Emergency Service of Ukraine

Bundan oldinroq Beskrestnov dronlar operatorlari Xarkiv oblastidagi yo‘lovchi poyezdga ham ongli ravishda hujum qilgani haqida xabar bergandi.

DTEK guruhi – Ukrainadagi eng yirik energetika kompaniyalaridan biri bo‘lib, milliarder Rinat Axmetovga tegishli hisoblanadi.

Oktyabr oyida DTEK Rossiya Pavlodar rayonidagi ushbu konga hujum qilgani haqida xabar bergandi.

O‘shanda hujum vaqtida yer ostida konning 192 xodimi bo‘lgan. Konchilar sog‘-salomat holda yuqoriga chiqarib olingandi.

2025 yil 23 aprelida rossiyalik harbiylar FPV-droni orqali Dnipropetrovsk oblasti Marganets shahridagi korxonalardan birining ishchilari olib ketilayotgan avtobusga zarba bergandi.

O‘shanda 9 kishi halok bo‘lib, kamida 42 kishi yaralangandi.

Zaporijjyadagi tug‘uruqxonaga zarba

Yakshanba kuni Rossiya droni zarbasi oqibatida Zaporijjyadagi tug‘ruqxonaga ham zarar yetdi, deya xabar berdi mahalliy rasmiylar.

Foto: EPA

Oblast ma’muriyati rahbari Ivan Fedorovning ma’lum qilishicha, tibbiyot muassasasida olti kishi, jumladan, tibbiy ko‘rikda bo‘lgan ikki ayol jarohatlangan.

Ukraina hukumati shikastlangan shifoxona binolari va ayollar aks etgan kadrlarni e’lon qildi. BBC Verify axborotlarni tekshirish bo‘limi ushbu kadrlar haqiqatan ham Zaporijjya sharqidagi Bocharov ko‘chasida joylashgan 3-sonli tug‘ruqxonada olinganini tasdiqladi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ushbu zarbalardan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putin «tinchlik sa’y-harakatlariga qaramay, tinch aholiga qarshi urush olib borayotgani»ni aytib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftaning payshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin sovuq kunlar vaqtida bir hafta davomida Ukrainaning yirik shaharlariga hujumlarni to‘xtatib turishga rozi bo‘lganini aytgandi. Keyinroq Kremldagilar pauza 1 fevralgacha amal qilishini bildirdi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid