Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Inversiya hodisasi O‘zbekistonda kutilganidan uzoqroq davom etadi
O‘zbekiston hududi bo‘ylab sovuq antitsiklon ta’siri 5 dekabrga qadar saqlanishi, 29 noyabrdan esa uning yanada kuchayishi kutilmoqda. Bu havo haroratining pasayishi, ertalabki tumanlar va inversiya hodisalarining uzoqroq davom etishiga sabab bo‘ladi.
Foto: Kun.uz
Sinoptik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududi bo‘ylab sovuq antitsiklon ta’siri 5 dekabrgacha saqlanib turadi.
29 noyabrdan boshlab sovuq antitsiklon yanada kuchayishi natijasida atmosfera bosimi ko‘tarilishi, havo harorati pasayishi, kechalari sovuq, kunduz kunlari esa kuchsiz iliq ob-havo kuzatilishi kutilmoqda.
Sovuq antitsiklonga xos bo‘lgan ertalabki tuman holatlari ham yuzaga kelishi mumkin.
Yuqori bosimli maydonning ta’siri keyingi 10 kun davomida saqlanib turishi prognoz qilinmoqda.
O‘zgidromet avvalroq inversiya 29 noyabrgacha davom etishi haqida ma’lum qilgan edi. Biroq yangilangan sinoptik tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sovuq antitsiklon davom etishi fonida inversiya hodisalari kutilganidan uzoqroq davom etadi.
Uzoq muddatli inversiya chang, tutun va mayda zarrachalar konsentratsiyasining oshishiga, quyuq tuman hodisalari ko‘payishiga olib kelishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Taqdim etilgan infografikalardagi 28 noyabrdan keyingi ma’lumotlar prognoz xususiyatiga ega ekani alohida ta’kidlanmoqda.