O‘zbekiston | 15:40 / 25.09.2021
33742
3 daqiqa o‘qiladi

Yerosti suvlari sathi pasayib boryapti. Qanday choralar ko‘rish talab etiladi?

Kun.uz kelajakda dunyo mamlakatlari, jumladan, Markaziy Osiyo va O‘zbekiston duch kelishi mumkin bo‘lgan global muammo – suv tanqisligi muammosiga e'tibor qaratib kelmoqda.

Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassislaridan intervyu olganimizda, ular shaharda qo‘shimcha yashil hududlar yaratish maqsadida 1500 ta quduq qazilishi va yerosti suvlari orqali o‘simliklar sug‘orilishi haqida aytishgandi. Gidrogeologiya mutaxassisidan bu borada izoh so‘raganimizda esa, mutaxassis Toshkentda 1500 quduqqa ehtiyoj yo‘qligini, mavjud 360 ga yaqin quduqlarni xatlovdan o‘tkazib, nosozlarini ta'mirlash lozimligi, shunda yana qo‘shimcha 300-350 quduq qazilsa, shahar uchun yetarli bo‘lishini aytib o‘tgandi.

So‘nggi yillarda yerosti sizot suvlaridan bebiliska foydalanish oqibatida ularning sathi pasayib borayotgani xavotirli. Ana shu 1500 raqamini kamaytirish, optimallashtirish borasida o‘ylab ko‘rish kerak emasmikin?

Davlat Ekologiya qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Islombek Boqijonov bu dolzarb muammoga qanday e'tibor qaratilayotgani haqida gapirdi:

“Shaharda irrigatsion tizimni rekonstruksiya qilish kerak. Prezident topshirig‘i bu. Bu ishlarni amalga oshirishimiz shart. Ayting-chi, kimning uyi oldida, kimning ko‘chasidagi lotoklarda suv oqyapti? Menimcha, javob aniq – bu borada ahvol yomon. Agar mana shu tizimni modernizatsiya qilsak, bu, birinchidan, shahar iqlimiga ijobiy ta'sir qiladi – harorat 1-2 darajaga pasayadi, ikkinchidan, shaharda 1500 quduqqa ehtiyoj bormi, degan savolga javob topamiz. Chunki o‘sha zovurlarga tashlanayotgan 3-5 kub suvning 25-30 foizi daraxtlar ildiziga ketadi, qolgan qismi qaysi kanaldan olingan bo‘lsa, o‘sha kanal va ariqlarga qaytadi.

Prezident videoselektorda aytdilar, qaysidir hududlarda suv sathi 7-12 metrgacha tushib ketgan. Bu juda yomon oqibatlarga olib keladi. Nafaqat o‘simlik dunyosi, balki hayvonot dunyosiga ham ta'sir o‘tkazadi, qurg‘oqchilik boshlanadi. Biror hududda yerosti suvlari sathi pasayib ketsa, o‘sha yerdagi quduqlarni ishlatmay turish lozim bo‘ladi, toki suv sathi avvalgi holatiga kelib olgunicha. Yoki aksincha, biror hududda suv sathi ortib ketsa, quduqlardagi nasoslar yordamida o‘sha suvning ma'lum qismini tortish va kanallarga tashlash kerak bo‘ladi.

Bu borada Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi rahbariga topshiriq berildi, shuningdek, Fanlar akademiyasidan yordam so‘radik, aynan yerosti suvlari borasidagi mutaxassislarni ham jalb qilib, yechim topish va ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga harakatlarni boshlaganmiz”, – deydi Boqijonov AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida.

Mavzuga oid