«Umrimning katta qismini nogironlar aravachasida o‘tkazdim. Ammo bu porloq kareraga ega bo‘lishim, oilaviy baxtga erishishim uchun to‘sqinlik qilmadi. Bunga sabab esa har doim birinchi darajali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati, zarurat bo‘lganda yordam ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatchilarning borligida edi.

Bu borada menga omad kulib boqqanini tushunaman. Butun dunyoda odamlar nainki o‘z sohalarida katta natijalarni ko‘rsatish, balki kunlik hayot kechirishida ham ulkan mashaqqatlarga duch kelishadi. Nogironlik muvaffaqiyatga erishish yo‘lida to‘siq bo‘lmasligi kerak».

Mashhur astrofizik olim Stiven Hoking nogironligi bor insonlarning munosib turmush tarziga ega bo‘lishlari va buning uchun yetarli tibbiy sharoitning bo‘lishi zaruratini shu so‘zlar bilan ifoda etgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda nogironligi bo‘lgan insonlar ta'limda va iqtisodiy faollik borasida boshqalarga qaraganda past ko‘rsatkichlarni ko‘rsatishadi, kambag‘allik esa boshqalarga nisbatan aynan nogironligi borlar orasida ko‘proq kuzatiladi.

Va bunga asosiy sabab – sog‘lom insonlar uchun odatiy xizmatlar – tibbiyot, ta'lim, transport, bandlik kabilarda nogironligi borlarning imkoniyatlari haddan ortiq cheklanganidadir.

Ahamiyatli jihati, hozir yer yuzida insoniyat tarixidagi har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq nogironlik holatlari mavjud. 1970 yilda o‘tkazilgan global tadqiqot natijalariga ko‘ra, sayyora aholisining 10 foizida nogironlik holatlari borligi aniqlangan, bugun esa bu ko‘rsatkich 15 foiz, ya'ni 1 mlrd.dan ziyod kishi.

Hech kim nogironlikdan to‘la kafolatlanmagan. U hayoti davomida surunkali kasalliklar yoki baxsiz hodisa bois nogironlik orttirishi, hali tibbiyotga ham ma'lum bo‘lmagan sabablar bilan nogiron bo‘lib dunyoga kelishi mumkin.

Bu aksioma – atrofimizda har doim bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘lib keladigan, ammo biz o‘zimizni eshitmagan, ko‘rmaganga soladigan, o‘zimizdek teng huquqqa ega bo‘lgan insonlar taqdiri haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga undaydi.

Hayot davomida orttiriladigan nogironlikdan to‘la himoyalanish imkonsiz. Ammo tug‘ma nogironlikning yuzaga kelishida aksar hollarda ota-onaning ta'siri ham bo‘ladi. Natijadan esa hamma, ayniqsa begunoh go‘dak qiynaladi.

Shu bois har bir inson kelajak avlod oldida mas'uliyatni his qilgan holda nasl zanjirini davom ettirishda xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishi, bunda nimalarga amal etishi kerakligini bilishi lozim.